Янгиликлар
Maktabda mualliflik huquqini himoya qilish bo‘yicha targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi
Mualliflik huquqlarini himoya qilish oyligi doirasida Namangan shahridagi 17-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida huquqiy targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida o‘quvchilarga mualliflik huquqi va turdosh huquqlarning mazmun-mohiyati, ijodkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, intellektual mulk obyektlaridan qonuniy foydalanish hamda birovning ijodiy ishini o‘zlashtirishning huquqiy oqibatlari haqida tushunchalar berildi.
Shuningdek, kitoblar, musiqa asarlari, fotosuratlar, videomateriallar va boshqa ijodiy mahsulotlardan foydalanishda muallifning huquqlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, internet va ijtimoiy tarmoqlarda turli materiallarni joylashtirish yoki ulardan foydalanishda mualliflik huquqi talablariga rioya etish muhimligi tushuntirildi.
Tadbir ishtirokchilari bilan mavzu yuzasidan fikr almashilib, ularni qiziqtirgan savollarga tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.
Mazkur tadbir yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ijodiy faoliyatga bo‘lgan hurmatini kuchaytirish hamda mualliflik huquqlarining buzilishiga qarshi huquqiy madaniyatni shakllantirishga xizmat qiladi.
Namangan viloyati adliya boshqarmasi