Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

20

Maishiy gaz ballonini olish tartibi: fuqarolar uchun muhim maʻlumotlar.


Aholini maishiy gaz ballonlari bilan taʻminlash boʻyicha yangi tartib joriy etildi. Unga koʻra, 2026-yil 1-iyundan boshlab jismoniy shaxslarga maishiy gaz ballonlarini berish belgilangan tartib asosida amalga oshirilmoqda.

Fuqarolar maishiy gaz balloni olish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali elektron shaklda ariza topshirishlari mumkin.

 

Ariza qanday koʻrib chiqiladi?

Ariza kelib tushgach, vakolatli operator tomonidan tegishli maʻlumotlar axborot tizimiga kiritiladi va tekshiriladi. Shundan soʻng uch ish kuni ichida fuqaroning yashash manzilida oʻrganish oʻtkazilib, maishiy gaz ballonidan foydalanish imkoniyati aniqlanadi.

Oʻrganish natijasi ijobiy boʻlgan taqdirda, fuqaro bilan maishiy gaz ballonini vaqtincha foydalanishga berish hamda suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish boʻyicha shartnomalar rasmiylashtiriladi.

Shartnomalar asosida fuqaro Face ID tizimida roʻyxatdan oʻtkaziladi, shaxsiy hisobvaraq ochiladi va bir dona maishiy gaz balloni 10 ish kuni ichida bepul yetkazib beriladi.

 

Bir xonadonda bir nechta oila yashasa-chi?

Agar bir turar joyda ikki yoki undan ortiq oila istiqomat qilsa hamda alohida yoki umumiy gaz plitasi va oshxona texnik talablarga javob bersa, oʻrganish dalolatnomasi asosida har bir oilaga bittadan maishiy gaz balloni ajratilishi mumkin.

 

Gaz ballonini almashtirish

Maishiy gaz balloni foydalanish uchun yaroqsiz holga kelganda yoki belgilangan foydalanish muddati tugab, eskirganda almashtiriladi.

Ballon yoʻqotilgan taqdirda esa uning oxirgi kirim qilingan hisobvaraqdagi qiymati yetkazib beruvchi tashkilot tomonidan belgilangan tartibda undiriladi.

 

Chust tumanida ishlar qanday ketmoqda?

Chust tumani Davlat xizmatlari markazi tomonidan bugungi kunga qadar maishiy gaz balloni ajratish boʻyicha 650 dan ortiq ariza qabul qilindi. Ularning 300 dan ortigʻi ijobiy hal etilgan boʻlib, qolgan murojaatlar amaldagi tartib va belgilangan muddatlar asosida koʻrib chiqilmoqda.

Fuqarolar maishiy gaz balloni olish boʻyicha xizmatdan foydalanish uchun oʻzlariga qulay shaklda Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilishlari yoki my.gov.uz portali orqali elektron ariza yuborishlari mumkin.

 

Chust tumani adliya boʻlimi 
davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassis
Abdunazarov Ilxomjon Qobiljonovich