Янгиликлар
“Matbuot anjumani”da inson huquqlari himoyasi, raqamli xizmatlar va qonunchilikdagi yangiliklar muhokama qilindi
Namangan viloyati adliya boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun navbatdagi matbuot anjumani tashkil etildi. Unda viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi D.Ahmedov ishtirok etib, adliya organlari tomonidan amalga
oshirilgan ishlar, fuqarolar uchun yaratilayotgan qulayliklar hamda sohadagi muhim yangiliklar haqida batafsil maʻlumot berdi.
Taʻkidlanganidek, 2026-yilning oʻtgan davri davomida Namangan viloyati adliya organlari tomonidan inson huquqlarini himoya qilish yoʻnalishida tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, boshqarma hamda tuman (shahar) adliya boʻlimlari tomonidan jami 2435 ta murojaat koʻrib chiqilgan boʻlib, ularning 1346 tasi qanoatlantirilgan, 760 tasi boʻyicha huquqiy tushuntirish berilgan. Shuningdek, 212 ta murojaat vakolatli tashkilotlarga yuborilgan.
Murojaatlarning asosiy qismini mehnat munosabatlariga oid masalalar tashkil etgan. Bundan tashqari, ijtimoiy himoya, taʻlim, uy-joy va kadastr nizolari hamda soliqlarni hisoblash bilan bogʻliq murojaatlar ham salmoqli ulushni egallagan.
Fuqarolar huquqlarini taʻminlash maqsadida 160 ta oʻrganish va 200 dan ortiq monitoring tadbirlari oʻtkazilgan. Aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan 256 ta daʻvo arizasi hamda 375 ta taqdimnoma kiritilgan. Natijada 300 nafardan ortiq fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.
Xususan, boshqarmaning Inson huquqlarini himoya qilish shoʻbasi tomonidan kiritilgan taqdimnomalar va sudlarga kiritilgan daʻvo arizalari orqali koʻplab fuqarolarning qonuniy manfaatlari himoya qilinishi taʻminlangan.
Koʻrilgan taʻsir choralari natijasida 37 nafar shaxs intizomiy, 200 nafardan ortiq shaxs esa maʻmuriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, sudlarga kiritilgan daʻvo arizalari orqali 2 milliard soʻmdan ortiq, taqdimnomalar natijasida esa 8 milliard soʻmdan ziyod mablagʻlarning undirilishi taʻminlangan.
Matbuot anjumanida davlat xizmatlari markazlarida yaratilayotgan qulayliklarga ham alohida eʻtibor qaratildi. Xususan, markazlarda tashkil etilgan “Oʻziga-oʻzi xizmat koʻrsatish” burchaklari orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari koʻplab davlat xizmatlaridan mustaqil ravishda foydalanish imkoniyatiga ega boʻlayotgani qayd etildi.
Shuningdek, FHDY organlari tomonidan koʻrsatilayotgan bir qator xizmatlarni masofadan turib olish imkoniyatlari kengayib borayotgani taʻkidlandi. Bugungi kunda tugʻilganlik, nikoh, nikohdan ajralish va oʻlim qayd etilganligi haqidagi maʻlumotlarni olish, takroriy guvohnomalarga buyurtma berish, arxiv maʻlumotnomalarini rasmiylashtirish hamda ayrim murojaatlarni elektron shaklda yuborish mumkin.
Yoshlar uchun qulaylik yaratish maqsadida nikohni qayd etish uchun ariza topshirish jarayoni ham elektron shaklga oʻtkazilgan boʻlib, bu fuqarolarning ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflashining oldini olmoqda.
Tadbir davomida boshqarma mutaxassislari tomonidan joriy yil 15-iyunda qabul qilingan 1153-sonli Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan ham tushuntirishlar berildi. Bundan tashqari, intellektual mulk sohasidagi yangiliklar, amalga oshirilayotgan ishlar hamda mazkur yoʻnalishdagi ustuvor vazifalar haqida maʻlumotlar taqdim etildi.
Matbuot anjumani ochiq muloqot ruhida oʻtib, jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi. Tadbir adliya organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʻminlash, aholini huquqiy jihatdan xabardor qilish hamda ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
https://t.me/namanganadliya/45295
Namangan viloyati adliya boshqarmasi