Янгиликлар
Farzandlikka olish tartibi va shartlari
Farzandni tarbiya qilish va uni voyaga yetkazish mashaqqat talab etishi bilan bir qatorda juda katta masʼuliyat ham talab etadi. Qonunchilikda belgilanganidek shaxslar oʻz farzandlari va farzandlikka olinuvchilar oldida bir xil huquq va majburiyatga ega boʻlishadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi 152-moddasiga koʻra, voyaga yetgan har bir erkak yoki ayol fuqaro farzandlikka oluvchi boʻlishi mumkin. Farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq 15 yoshdan kam boʻlmasligi shart, bundan oʻgay ota va oʻgay ona yoxud farzandlikka olinuvchining yaqin qarindoshlari tomonidan farzandlikka olish hollari mustasno. Qonunchilikka koʻra, bola tugʻilgandan keyin uning tugʻilishi FHDYo organida 1 oy ichida qayd etilishi shart. Shundan keyin farzandlikka olishni rasmiylashtirish uchun Fuqarolik protsessual kodeksining 298-moddasi asosida farzandlikka olish haqidagi ariza bolaning yashash joyidagi tuman (shahar) sudiga topshiriladi. Sud arizani koʻrib chiqqandan keyin qaror chiqaradi va bolani rasman farzandlikka qabul qilishni belgilaydi. Arizada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim: farzandlikka oluvchining ism-sharifi va manzili, bolaning tugʻilgan sanasi va yashash joyi, farzandlikka oluvchi nega bolani oʻz qaramogʻiga olishni xohlayotgani haqida asosli izoh, ota-onaning roziligini tasdiqlovchi hujjat.
Shuningdek, Oila kodeksining 159-moddasiga koʻra, farzandlikka olish uchun bolaning ota-onasining yozma roziligi shart hisoblanadi. Bu rozilik sudga taqdim etiladi va shundan soʻng bolani boshqa shaxsning nomiga rasmiy ravishda qayd etish mumkin boʻladi.Farzandlikka olish faqat sud orqali, belgilangan huquqiy talablar asosida amalga oshiriladi. Bu bolaning huquqlarini himoya qiladi va kelgusida hech qanday nizo yoki daʼvolar yuzaga kelmasligini taʼminlaydi. Bundan tashqari, farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi. Yaʼni fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftaridagi va boshqa hujjatlardagi farzandlikka oluvchilar farzandlikka olinganlarning ota-onasi emasligini bildiradigan mazmundagi yozuvlar bilan tanishtirish, bu yozuvlardan koʻchirmalar va boshqa maʼlumotlarni farzandlikka oluvchilarning roziligisiz, agar ular vafot etgan boʻlsa, vasiylik va homiylik organining roziligisiz berish taqiqlanadi. Ularning erkiga hilof ravishda farzandlikka olish sirini oshkor qilgan shaxslar qonun bilan belgilangan javobgarlikka tortiladilar.
Oila kodeksining 154-moddasiga koʻra, farzandlikka olishda quyidagilar ustunlik huquqiga ega boʻladilar: turar joyidan qatʼi nazar farzandlikka olinuvchining qarindoshlari, farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaxs,aka-uka, opa-singillarni ular oʻrtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar, oʻgay ota va oʻgay ona,Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari,kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar.
Uchqo`rg`on tuman FHDY bo`limi
2-toifali inspektori
Ataxanova Umida