Янгиликлар
Sayyor qabul — muammolarga joyida yechim
Yangi Namangan tumani adliya bo‘limi tomonidan aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash, fuqarolarning murojaatlarini joyida o‘rganish hamda ularni tezkor hal etish maqsadida navbatdagi
sayyor qabul tashkil etildi.
Mazkur sayyor qabul Yangi Namangan tumani “Sherbuloq” mahallasida o‘tkazilib, unda mahalla aholisi faol ishtirok etdi. Tadbir davomida fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan ijtimoiy, huquqiy va kundalik hayotga oid dolzarb masalalar tinglandi hamda har bir murojaat atroflicha o‘rganildi.
Sayyor qabulda jami 40 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etdi. Shundan 11 nafar fuqarolarning murojaatlari joyida ijobiy hal etildi. 1 ta murojaat belgilangan tartibda ish yurituviga qabul qilinib, uning ijrosi nazoratga olindi. Qolgan murojaatlar yuzasidan fuqarolarga amaldagi qonunchilik asosida batafsil huquqiy tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida aholiga sayyor davlat xizmatlari ham ko‘rsatildi. Xususan, 30 dan ortiq fuqaroga zarur davlat xizmatlari joyida taqdim etildi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDY) organlari tomonidan esa tug‘ilganlik guvohnomalari fuqarolarga tantanali tarzda topshirildi.
Mazkur sayyor qabul O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1-son qarori ijrosini ta’minlash, ya’ni aholi muammolarini tizimli hal etish, davlat organlarining xalqqa yanada yaqinlashuvi va fuqarolarga qulaylik yaratish borasidagi ishlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Bunday sayyor qabullar fuqarolar bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, ularning muammolarini ortiqcha ovora bo‘lmasdan hal etish hamda aholining huquqiy madaniyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Namangan viloyati adliya boshqarmasi