Янгиликлар
Otalikni belgilash tartibi
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 78-moddasiga asosan Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir. Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabrdagi 550-sonli qarori 3-ilovasi Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidarali 39-bandiga asosan Nikohda bo‘lmagan ota-onadan tug‘ilgan bolaga otalikni belgilash ota va onasi (agar otasi voyaga yetmagan hisoblansa, u holda qonuniy vakili) tomonidan birgalikda berilgan arizasi yoki sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida FHDY organida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga otalikni belgilash to‘g‘risidagi ariza, fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar, FHDY organi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Otalikni belgilash ariza berilgan kuni ota-onasining ishtirokida amalga oshiriladi.
Bolaning tug‘ilganligi boshqa FHDY organida qayd etilgan taqdirda, oldindan berilgan arizani saqlagan FHDY organi so‘rovnoma bo‘yicha uni qayd etish joyiga yuboradi.
Otalikni ishonchnoma bo‘yicha belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar otalik bolaning tug‘ilganligi qayd etilgandan so‘ng belgilansa otalikni belgilash haqidagi arizaga yoki sudning ushbu masala yuzasidan qaroriga bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi ilova qilinadi.
Otalikni belgilashda ota-onalardan biri ishtirok etmagan taqdirda uning imzosi qonunchilikda belgilangan tartibda (notarius, O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasining mas’ul shaxsi yoki tibbiyot muassasasi, FHDY organi, harbiy qism yoki jazoni o‘tash muassasasi rahbarining imzosi va muhri bilan) tasdiqlanadi.
Otalikni belgilash haqidagi arizaga asosan FHDY organi bolaning tug`ilganligini ramiylashtirib tug`ilganlik haqidagi guvohnomani taqdim etadi.
Soy Viktoriya Viktorovna
Uchqo`rg`on tumani FHDY bo`limi 1-toifali inspektor