Янгиликлар
Himoya orderi haqida
Sir emaski, jamiyatda gender tenglikni taʼminlash davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab olinib, ushbu sohada koʻplab normativ huquqiy-hujjatlar qabul qilindi. Shu bilan birga, ularning ijrosi qatʼiy nazoratga olingan xolda bir qator samarali ishlar ham amalga oshirib kelinmoqda.
Albatta, gender tenglikni taʼminlashda xotin-qizlarning bilim va koʻnikmalarini oshirish bilan birgalikda, avvalo ularning huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishining kafolatlarini ishlab chiqish lozim boʻladi. Qonunchilikda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish boʻyicha bir qator “mexanizmlar” yaratilgan boʻlib, ulardan biri bu — himoya orderidir.
Himoya orderi bu — tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan yoki ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanilishiga sabab boʻladigan hujjat boʻlib, uni berishga tazyiq va zoʻravonlik qurbonining murojaati, jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va (yoki) ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar, tazyiq yoki zoʻravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi hamda davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar asos boʻladi.
Himoya orderida quyidagi cheklovlar yoki ulardan biri nazarda tutiladi:
tazyiq oʻtkazishni va zoʻravonlik sodir etishni taqiqlash;
tazyiq oʻtkazgan yoki zoʻravonlik sodir etgan shaxsning tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar bilan aloqasini taqiqlash;
tazyiq oʻtkazilgan va zoʻravonlik sodir etilgan taqdirda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining hamda tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning bir xonada birga boʻlishini taqiqlash;
tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchini davolash, unga maslahat berish, uni tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus markazga joylashtirish uchun xarajatlarning, yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash, shuningdek, maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyatini yuklash;
tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning qurolni saqlash va olib yurish huquqini himoya orderining amal qilishi yoki unda koʻrsatilgan muddat davrida cheklash yoxud taqiqlash, shuningdek, qurol sotib olish uchun ruxsatnoma olishga doir huquqini taqiqlash.
Xotin-qizlarga tazyiq va zoʻravonlik esa quyidagilarda namoyon boʻlishi mumkin:
jismoniy zoʻravonlik — xotin-qizlarga nisbatan ogʻirligi turli darajada boʻlgan tan jarohatlari yetkazish, xavf ostida qoldirish, hayoti xavf ostida qolgan shaxsga yordam koʻrsatmaslik, zoʻravonlik xususiyatiga ega boshqa huquqbuzarliklar sodir etish, jismoniy taʼsir oʻtkazish yoki bunday taʼsir oʻtkazishning oʻzga choralarini qoʻllash bilan tahdid qilish orqali xotin-qizlarning hayoti, sogʻligʻi, erkinligi hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qilish;
iqtisodiy zoʻravonlik — xotin-qizlarga nisbatan turmushda, ish joylarida va boshqa joylarda amalga oshirilgan zoʻravonlik shakli, xotin-qizlarning normal yashash va kamol topish uchun oziq-ovqat, uy-joy hamda boshqa zarur shart-sharoitlar bilan taʼminlanishga boʻlgan huquqini, mulk huquqini, taʼlim olish hamda mehnatga oid huquqini amalga oshirishni cheklashga olib keladigan harakat (harakatsizlik);
ruhiy zoʻravonlik — xotin-qizlarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning shaʼnini, qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek ularning xohish-irodasini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalanadigan zoʻravonlik shakli, shu jumladan reproduktiv sohada nazorat qilish, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchida oʻz xavfsizligi uchun xavotir uygʻotgan, oʻzini himoya qila olmaslikka olib kelgan yoki ruhiy sogʻligʻiga zarar yetkazgan harakat (harakatsizlik);
jinsiy zoʻravonlik — xotin-qizlarga nisbatan ularning roziligisiz shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish orqali jinsiy daxlsizlikka va jinsiy erkinlikka tajovuz qiladigan zoʻravonlik shakli, shuningdek zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan tahdid qilish yoxud ayol jinsidagi voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan axloqsiz harakatlar sodir etish orqali uchinchi shaxs bilan jinsiy aloqa qilishga majburlash.
Shuningdek, tazyiq sodir etilganligi uchun maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan, xotin-qizlarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakat (harakatsizlik), shilqimlik, taʼqib etishda namoyon boʻladi.
Himoya orderi ichki ishlar organlarining tayanch punkti profilaktika inspektorlari tomonidan oʻttiz kun muddatgacha beriladi.
Himoya orderi amal qilishi davrida xavf bartaraf etilmagan boʻlsa, himoya orderining amal qilish muddati jabrlanuvchining arizasiga koʻra bir yilgacha muddatga jinoyat ishlari boʻyicha sud tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Himoya orderi talablarining bajarilishi ustidan nazorat ichki ishlar organi tomonidan amalga oshiriladi.
Faxriddin MADRAXIMOV
Namangan tumanlararo maʼmuriy sudi raisi
Boburjon XUSANBOYEV
Namangan tumanlararo maʼmuriy sudi sudya yordamchisi