Янгиликлар
Namangan viloyati sudi tashabbusi bilan “Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni taʼminlashda sud va notariatning hamkorligi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Sudyalar, notarial idora vakillari ishtirok etgan tadbirda fuqaro va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda sud va notariat hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, bu jarayonda ochiqlik, shaffoflik, samaradorlikni taʼminlash, shuningdek sohani raqamlashtirish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan muhim vazifalarga toʻxtalib oʻtildi.
Xususan, sudyalar tomonidan sud amaliyotida uchrayotgan muammolar tahlil qilinib, notariuslar faoliyatida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar tushuntirildi.
Davra suhbatida shuningdek, notarial harakatlarga oid nizolarni sudgacha va sudda hal etilishida oʻzaro hamkorlikning dolzarb masalalari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yoʻllari borasida ham soʻz yuritildi.
Fikr-mulohazalar, savol-javoblarga boy oʻtgan muloqot yakunida hamkorlikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan muhim vazifalar belgilab olindi.