Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

26

Atrof-muhitni asrash yo’lidagi islohotlar!


So‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarning insonlar sog‘lig‘iga zararli ta’sirini oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holat sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Butun mamlakat miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar qimmatbaho navlarining kesilishiga muddatsiz moratoriy amal qilmoqda.

Shuningdek, atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun majburiy sug‘urtani joriy etish rejalashtirilmoqda. Korxonalar uchun ekologik imtiyozlar va atrof-muhitga yetkazilgan zarardan majburiy sug‘urta qilish tizimi joriy etish orqali I va II toifadagi korxonalarning ekologik toza ishlab chiqarishga o‘tishini rag‘batlantirishning atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi.

Birinchi bosqichda havo ifloslanishi fon monitoringi stansiyalari o‘rnatgan korxonalarga quyidagilar ruxsat etiladi:

·                     tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan shakllangan qarzdorlikdan voz kechish;

·                     bunday to‘lovlarning 50 foizigacha bo‘lgan qismini ikki yil davomida qaytarish (bu mablag‘lar avval respublika budjetiga yuborilgan).

·                     Ikkinchi bosqichda bir yil davomida monitoring stansiyalarini o‘rnatgan va ishlab chiqarish quvvatlarini chang-gaz va lokal suv tozalash uskunalari bilan ta’minlagan korxonalar ikki yil ichida 70 foizgacha kompensatsiya to‘lovlarini qaytarishi mumkin bo‘ladi.

Ushbu imtiyozlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining xulosasi asosida Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi qaroriga muvofiq, atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha birinchi toifaga (yuqori darajada xavfli) avtomagistrallar, metro, temir yo‘llar, tez harakatlanadigan katta yo‘llar, ko‘priklar va yuk terminallari, aeroportlar, metallurgiya zavodlari, neft va gaz quduqlarini burg‘ilash va o‘zlashtirish, 300 MVt yoki undan ortiq quvvatga ega bo‘lgan issiqlik, foto, shamol elektr stansiyalari va boshqa yondirish qurilmalari, kimyo komplekslari va zavodlari va boshqalar kiradi.

Ikkinchi toifaga (o‘rtacha darajada xavfli) I toifaga kirmaydigan, lekin atrof-muhitga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan obyektlarni qurish va ulardan foydalanish kiradi. Jumladan, hududiy avtomobil yo‘llari va ko‘priklar, aerodromlar, yerosti suvlarini olish inshootlari, maishiy chiqindi poligonlari (100 mingdan 200 ming kishigacha yashaydigan aholi punktlari uchun), temiryo‘l depolari, sutkalik ish unumi 50 mingdan 280 ming kub metrgacha bo‘lgan kanalizatsiya tozalash inshootlari, oziq-ovqat mahsulotlari, yog‘-moy va biologik qo‘shimchalar ishlab chiqarish komplekslari, elektr uzatish liniyalari, charmni bo‘yash va loklash korxonalari, qurilish sanoati korxonalari (asbest va sement ishlab chiqarish bundan mustasno), qog‘oz va karton ishlab chiqarish korxonalari, parrandachilik fabrikalari va boshqalar.

Tizimga ko‘ra, agar korxona atrof-muhitga zarar yetkazgan bo‘lsa (havo, suv, tuproq ifloslanishi, zararli moddalarning sizib chiqishi va boshqalar), sug‘urta kompaniyasi oqibatlarini bartaraf etish uchun moliyaviy javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Atrof-muhit xavfi yuqori bo‘lgan kompaniyalar yuqoriroq sug‘urta badallarini to‘laydi, bu esa toza texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish uchun iqtisodiy rag‘bat yaratadi.

“Yashil tadbirkor” maqomiga ega korxonalar “Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlik, barqarorlik reytingida ballar va boshqa imtiyozlarga ega bo‘ladi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridagi elektr uchun “yashil tariflar” joriy etiladi.

Shuningdek, yil oxirigacha Ai-80 benzinidan foydalanish va sotishni cheklash uchun “barcha kuchlarni safarbar qilish” belgilandi. Shu bilan birga, aholi “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i” bilan ta’minlanishi kerak.

“Yashil makon” umummilliy loyihasini samarali amalga oshirish hamda o‘rmonchilik va o‘rmon ko‘chatchiligini rivojlantirishda quyidagicha tubdan yangi tizimni joriy qilindi:

“yashil belbog‘”, “yashil bog‘” va “yashil jamoat park”lar hamda “yashil qoplamalar” –– himoya o‘rmonzorlarini barpo etish va doimiy foydalanuvchiga topshirilgunga qadar saqlab turish;

tabiiy shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda, asosiy temir yo‘l va magistral avtoyo‘llar bo‘yida daraxt ko‘chatlarini ekish;

har bir tuman va shaharda 5 gektardan kam bo‘lmagan maydonlarda bog‘lar barpo etish;

daraxt ko‘chatlarini ekish, yer uchastkalarini tayyorlash va loyihalashtirish ishlarini amalga oshirish;

urug‘chilikni rivojlantirishda onalik plantatsiyalarni kengaytirish, bu orqali sifatli urug‘ va qalamchalarni tayyorlash;

o‘rmonchilik va o‘rmon ko‘chatchiligini rivojlantirish, shu jumladan, yopiq ildizli tizimi bilan tuvakda yetishtirish usulini qo‘llash va daraxt turidan kelib chiqib, kamida uch yil davomida parvarishlash;

sug‘orish tizimlarini tashkil etish va suv chiqarish quduqlarini o‘rnatishga sarflanadi.

Bundan tashqari, har bir davlat tashkiloti va hokimlikning tegishlicha budjetdan tashqari va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan o‘z bog‘lari tashkil etiladi hamda uch yil davomida parvarishlanadi. Bunda:

tashkilotlarning bog‘lari tumanlar (shaharlar) markaziy hududlarida 50 sotixdan 2 gektargacha bo‘lgan maydonlarda;

bog‘larni barpo etish “Yashilloyiha” loyihalash instituti va Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan ishlab chiqiladigan loyiha-smeta hujjatlari asosida amalga oshiriladi;

davlat tashkiloti va hokimliklarning barpo etiladigan bog‘lari uchun yer maydonlarini aniqlash va mablag‘larni ajratish Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Shunigdek, har bir yirik sanoat korxonasi (atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi) tomonidan o‘z va tutash hududlarida loyiha asosida uch yil davomida “yashil belbog‘”lar barpo etilmoqda.

Jamoatchilik ekologiya nazoratchilariga ular tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda, qonunchilikda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun joriy qilingan pensiyani hisoblash uchun ish stajini hisobga olish tartibi tatbiq etiladi.

Yangi bir yangilik sifatida respublikada qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlar “Nol chiqindi” (Zero waste) tamoyillari asosida yangi tartib va mexanizmlar orqali amalga oshirilishini keltirishimiz mumkin. Bunda, quyidagilarga alohida e’tibor qaratiladi:

chiqindilarni maishiy chiqindi turlariga qarab, alohida-alohida to‘plash va olib chiqib ketish;

yangidan hosil bo‘layotgan chiqindilarni poligonlarga yo‘naltirmasdan, maksimal darajada qayta ishlash (Recycling) yoki kuydirish, sohaga aylanma (sirkulyar) iqtisodiyot amaliyotini joriy qilish;

barcha mavjud poligonlardagi chiqindilarning bosqichma-bosqich to‘liq qayta ishlanishi va kuydirilishini ta’minlash;

chiqindilarni kuydirish natijasida olinadigan issiqlik yoki elektr energiyasining o‘z ehtiyojidan ortiq bo‘lgan qismini aholi va ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun mavjud energetika va kommunikatsiya tarmoqlariga to‘lov evaziga, shu jumladan “yashil tarif” qo‘llangan holda yo‘naltirish;

ushbu tizimning samaradorligini oshirish maqsadida Davlat budjetidan “yashil subsidiyalar” ajratish tizimini joriy etish.

 

Fuqarolik ishlari bo’yicha
Namangan tumanlararosudining sudyasi
S.To’raboyeva