Янгиликлар
Vazir o’rinbosari M.Istamov Namanganda tadbirkorlar bilan uchrashuv o’tkazdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — tadbirkorlarni qiynayotgan huquqiy masalalarni o‘rganish, ularning faoliyatida duch kelayotgan to‘siq va muammolarni bartaraf etishda amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan asosiy masalalar soliq va bojxona tartib-qoidalaridagi murakkabliklar, yer ajratish jarayonlaridagi byurokratik to‘siqlar, hamda ayrim hollarda davlat organlari tomonidan qonunchilikka zid harakatlar bo‘ldi.
Muloqot davomida mas'ullar tomonidan 17 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari qabul qilindi, shundan 6 tasiga huquqiy tushuntirish berildi, 3 nafar murojaatchining muammolari joyida hal etildi, o'rganish talab etilgan 8 ta murojaat koʻrib chiqish uchun ish yurituviga qabul qilindi.
Adliya vaziri o‘rinbosari bu masalalarni shaxsan nazoratga olishini bildirar ekan, har bir muammoni bevosita vazirlik darajasida hal etish choralarini ko‘rishga va’da berdi. U, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini, bu borada Adliya vazirligi ham huquqiy kafolatlar yaratish, huquqiy yordam berish va adolatli muhitni ta’minlashda faol ishtirok etishini ta’kidladi.
Adliya vazirligi tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan bunday ochiq muloqotlar, ayniqsa, biznes vakillari uchun amaliy yordam bo‘lib, “xalq davlat uchun emas, davlat xalq uchun” tamoyilining amaliy ifodasi bo‘lib qolmoqda.