Янгиликлар
Ijtimoiy tarmoqda chiqqan “Uychi DXM o‘zlari bexabar onam va ayolimga YATT ochib qo‘ygan” nomli xabarga rasmiy munosabat.
Namangan viloyati, Uychi tumani, Ziyokor MFYda yashovchi fuqaro Abdullayev Abror Abduxamid o'g'lining onasi M.Abduvalieva tomonidan 2025-yil 12-mayda uning xabarisiz nomiga 2024-yil 29-iyunda Uychi tuman davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan “Sayyor” xizmat koʻrsatish orqali yakka tartibdagi tadbirkor sifatida dehqon xo‘jaligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligidan norozi boʻlib, qilgan murojaati Namangan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan o’rganilib, dastlabki natijalariga koʻra quydagilar aniqlandi.
Xususan, “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi”da fuqaro M.Abduvalieva nomiga yakka tartibda yuridik shaxs tashkil etmagan holda dehqon xoʻjaligi sifatida Uychi tuman adliya boʻlimining Davlat xizmatlari markazining sobiq xodimi Iminov Xoshimjon Sobirjonovich tomonidan 2024-yil 29-iyunda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Roʻyxat oʻtkazish jarayonida tizimga “Finger print” uskunasi orqali barmoq izi olinib, arizasi boʻyicha tizimga kiritilgan maʼlumotlar baʼzasiga telefon raqami kiritilgan.
Mazkur holatlar boʻyicha Uychi tuman adliya boʻlimining Davlat xizmatlari markazi xodimi X.Iminov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi sababli, unga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanmadi.
Shuningdek, soliq idorasiga to’lanadigan summani X.Iminov tomonidan bartaraf etildi.
Bundan tashqari, yakka tartibda yuridik shaxs tashkil etmagan holda dehqon xoʻjaligini tugatish choralari ko'rilayotganligi ma'lum qilinadi.
Namangan viloyat
adliya boshqarmasi