Янгиликлар
XORIJGA CHIQISH BIOMETRIK PASPORTINI QANDAY TARTIBDA OLINADI
O’zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti xorijga chiqish hamda O’zbekiston respublikasi hududiga kirish, xorijda turgan vaqtida egasining shaxsini tasdiqlaydigan biografik va biometrik ma’lumotlar saqlangan elektron axborot tashuvchi chipga ega bo’lgan xujjat xisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-iyundagi PQ-282-sonli qaroriga asosan fuqarolarning xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish amalga oshiriladi. Xorijga chiqish biometrik pasporti O‘zbekiston Respublikasining mulkidir va uning egasi O‘zbekiston Respublikasining himoyasida bo‘ladi.
Xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun fuqarolar ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari hamda hozirda Namangan viloyatining barcha Davlat xizmatlari markazlaridan olishlari mumkin. Bunda xizmatdan foydalanuvchilar xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan qat’i nazar, eksterritoriallik tamoyili asosida istalgan ma’lumotlarni yig‘ish punktiga o‘zi kelib yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali YIDXPdan ro‘yxatdan o‘tgan xolda ariza berishlari mumkin. Davlat xizmati ko‘rsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilganda davlat boji summasining 90 foizi undiriladi.
Davlat xizmatini ko‘rsatishda so‘rovnoma va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardan (biometrik pasport yoki ID-karta) boshqa hujjatlar talab etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xorijga chiqish biometrik pasporti fuqarolarga quyidagi amal qilish muddatlariga beriladi:
-tug‘ilgan kunidan boshlab bir yoshgacha — ikki yil muddatga;
-bir yoshdan 25 yoshgacha -5 yil muddatga;
-25 yoshdan oshgan shaxslarga -10 yil muddatga rasmiylashtirib beriladi.
Voyaga yetmagan shaxslar uchun-ota-onalari yoki vasiylar (homiylar)ning fuqaroning xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi, ota-onalarning har ikkisi ma’lumotlarni yig‘ish punktiga ya’ni ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari hamda hozirda Namangan viloyatining barcha Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilgan hollar bundan mustasno.
15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning voyaga yetmagan shaxsning mustaqil ravishda xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi bo‘lgan taqdirda, xorijga kuzatuvchisiz chiqishi mumkin.
O‘n sakkiz yoshdan yigirma yetti yoshgacha bo‘lgan, harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishda ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan elektron tizim orqali tegishli mudofaa organlari real vaqt rejimida xabardor qilinadi.murojaat etgan fuqarolarning biografik ma’lumotlarini,qo’l barmoq izlarini to’plash, yuzni to’g’ridan raqamli formatda rasmga olish ishlari amalga oshirilgan paytdan boshlab 10 ish kunida, 16 yoshdan 25 yoshgacha bo’lgan fuqarolar uchun qo’shimcha o’rganishlar talab etiladigan hollarda 1 oy ichida taqdim etiladi.
Xizmatdan foydalanuvchi tomonidan davlat xizmati uchun to‘lovlar invoys raqami kelib tushgan vaqtdan boshlab 1 oy muddat ichida amalga oshiriladi.To‘lov belgilangan muddatda amalga oshirilmagan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi. Xorijga chiqish biometrik pasporti berilganligi uchun “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.
Davlat xizmati “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilganda, davlat boji summasining 50 foizi miqdorida chegirma qo‘llaniladi.
Agarda fuqarolar xorijga chiqish pasportinga ataylab shikast yetkazganida, boshqa shaxsga tegishli pasportdan g’arazli maqsadda foydalanganda, xorijga chiqish biometrik pasportiga g‘arazli yoki boshqa tuban niyatlar bilan ega bo‘lib olsa, shuningdek, uni yo‘q qilsa, yaroqsiz holga keltirilgan bo'lsa va yashirilgan taqdirda qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Namangan shahar davlat xizmatlari
markazi katta mutaxassisi
Abdullayev Ulug’bek Qobuljon o’g’li