Янгиликлар
Tibbiyot xodimlariga ustama pullari to'lab berilmayotganligi aniqlandi!
Yangiqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi tomonidan markazning 20-sonli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ishlovchi tibbiyot xodimlarga “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 276-sonli qarorida ko‘rsatilgan ayrim ustama haqlari yanvar oyidan boshlab to‘lab berilmayotganligi yuzasidan berilgan xabarnomasi o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 276-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmasevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomning (keyingi o‘rinlarda - Nizom) 1-bandida mazkur Nizom davlat muassasalari tibbiyot va farmasevtika xodimlari mehnatga haq to‘lash bo‘yicha tarif setkasiga muvofiq ularni moliyalashtirish manbalaridan qat’iy nazar mazkur Nizomga 1-ilovada ko‘rsatilgan davlat muassasalarining tibbiyot va farmasevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lashning, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan qo‘shimcha to‘lov, ustamalar va rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lovlarni to‘lashning yagona prinsiplarini belgilashi belgilab qo‘yilgan.
Nizomning 1-ilovasida mehnat haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimi joriy etiladigan davlat muassasalari tibbiyot va farmasevtika xodimlarining mehnatga haq to‘lash bo‘yicha guruhlari belgilangan bo‘lib, ushbu guruhlarda umumiy turdagi maktabgacha ta’lim muassasalari ko‘rsatilmagan.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-yanvardagi 10-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 5-banida jismoniy yoki psixik rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, umumiy turdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tibbiyot xodimlariga Vazirlar Mahkmasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 276-son qarorida belgilangan qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar qo‘llanmasligi, jismoniy yoki psixik rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Biroq, Vazirlar Mahkmasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 276-son qarorining 3-bo'limida ularda ishlash tarif stavkasiga (lavozim maoshiga) ustamalarni 25 foizga oshirish huquqini beradigan, sog‘liq uchun o‘ta xavfli va mehnat sharoitlari o‘ta og‘ir bo‘lgan muassasalar, bo‘linmalar va lavozimlar ro'yxati belgilangan.
Ushbu bo'limning 3.14-bandida aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan va markaziy nerv sistemasi shikastlangan, ruhiy nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun maktablar, maktab-internatlar, bolalar bog‘chalari, yasli-bog‘chalar va xalq ta’limi boshqa muassasalarida faoliyat olib borayotgan xodimlarga 25 foiz miqdorda ustama haqlari to'lanishi belgilangan.
Vaholanki, tumandagi 20-sonli Ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida ishlovchi tibbiyot xodimlariga mazkur ustama pullari 2024-yilning yanvar oyidan buyon to'lanmasdan kelinayotganligi aniqlanib, belgilangan tartibda taqdimnoma kiritildi.
Yangiqo'rg'on tuman adliya bo'limi
yuridik xizmat ko'rsatish markazi