Янгиликлар
Xodimga intizomiy jazoni qoʻllash tartibi
Intizomiy jazo choralari ishga qabul qilish huquqi berilgan shaxslar, yaʼni ish beruvchi tomonidan qoʻllaniladi.
Ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilguniga qadar yozma tushuntirishni talab qilishi, shu jumladan, agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga koʻra aniqlangan boʻlsa, talab qilishi shart. Xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir boʻlgan guvohlar koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Amaldagi Mehnat kodeksida intizomiy jazoni rasmiylashtirish tartibi belgilangan.
Yaʼni, xodimga intizomiy jazo chorasini qoʻllash ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
Ish beruvchining xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida, xodim ishda boʻlmagan vaqt hisobga olinmasdan, unga jazoning sabablari koʻrsatilgan holda imzo qoʻydirib eʼlon qilinadi.
Oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan xodim intizomiy jazosi boʻlmagan deb hisoblanadi.
Intizomiy jazoning amal qilish muddati u qoʻllanilgan kundan eʼtiboran bir yildan oshmasligi kerak.
Shuningdek, intizomiy jazoni muddatidan oldin bekor qilish tartibi amaldagi Mehnat kodeksining 315-moddasiga asosan, ish beruvchi intizomiy jazoni oʻz tashabbusiga koʻra, xodimning bevosita rahbarining, kasaba uyushmasi qoʻmitasining iltimosnomasiga, shuningdek xodimning iltimosiga koʻra, bir yil oʻtguniga qadar muddatidan oldin olib tashlash huquqiga ega.
Uchqoʻrgʻon tumani
YUXKM bosh yuriskonsulti
M.Qambaraliyev