Янгиликлар
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida yangi qonun mazmun-mohiyatiga bag'ishlangan seminar tashkil etildi.
Prezidentimiz tomonidan imzolangan “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilgan tartib-taomillar yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlanganidek, Qonunda huquqlarni e’tirof etishning asosiy shartlari ham aniq belgilangan. Masalan, yer boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan bo‘lishi, yer bo‘yicha nizo bo‘lmasligi, bosh reja talablariga zid emasligi va boshqa omillar hisobga olinadi.
Huquqlarni e’tirof etish hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli ma’lumotlarni va hujjatlarni kelishish Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu tizimga 15 ta vakolatli tashkilot ham tegishli ma’lumotlarini kiritadi.
To‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tekshirib chiqiladi. Ularning natijalari mahalla burchaklari, Kadastr agentligining sayti orqali jamoatchilikka e’lon qilinadi. Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga SMS-xabarnoma yuboriladi. U asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga har chorakda xalq deputatlari viloyat kengashi qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi.
Namangan viloyati adliya boshqarmasi