Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

28

O‘QUVCHINI XORIJIY DAVLATDAGI TA’LIM MUASSASASIGA O‘TKAZISH MUMKIN


O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining 2015-yil 2-iyundagi 13-mh-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda o’quvchilarni maktabga qabul qilish, bir maktabdan ikkinchi maktabga ko’chirish, xorijiy davlatdagi ta’lim muassasalariga o’tkazish, xorijiy davlatda ta’lim olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini O‘zbekiston Respublikasidagi maktabga o‘tkazish tartiblari belgilangan.

Jumladan, mazkur Nizomning 22-bandida ota-onalar o‘qish, ishlash, uzoq muddatli davolanish yoki boshqa maqsadlarda doimiy yoki vaqtincha yashash uchun xorijiy davlatga ketayotgan bo‘lsa, farzandini doimiy yoki vaqtincha yashash uchun ketayotgan davlatdagi ta’lim muassasasiga o‘tkazish huquqiga ega.

Bunda ota-onalar farzandini xorijiy davlatdagi ta’lim muassasasiga o‘tkazish uchun uning sabablarini ko‘rsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasining voyaga yetmaganni maktab o‘quvchilari safidan chiqarish uchun roziligi aks etgan qaroridan ko‘chirma ilova qilinadi.

Shuningdek, ariza maktab direktori tomonidan bir ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, o‘quvchini maktab o‘quvchilari safidan chiqarish to‘g‘risida buyruq qabul qilinadi. Maktab direktori mazkur buyruq bilan ota-onalarni tanishtirganligi to‘g‘risida imzo qo‘ydirib, ularga mazkur Nizomning 16-bandida belgilangan hujjatlarni taqdim etadi va hujjatlarni olganligi to‘g‘risida tilxat oladi va ota-onalarning hujjatlarni olganligi haqidagi tilxati o‘quvchining maktabda saqlanadigan shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga tikib qo‘yiladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risidagi buyruq qabul qilingach, uch kun ichida sinf jurnali va o‘quvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.

Yuqorida ta’kidlanayotgan Nizomning 26-bandiga asosan, maktab direktori tomonidan xorijiy davlatdagi ta’lim muassasasiga o‘tkazilayotganligi sababli o‘quvchilar safidan chiqarilgan voyaga yetmaganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi hamda har o‘quv yili choraklari oxirida tegishli tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga, tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limiga (boshqarmasiga) va Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasiga taqdim etiladi.

 

Shu bilan birgalikda, mazkur Nizomda xorijiy davlatda ta’lim olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini O‘zbekiston Respublikasidagi maktabga o‘tkazish tartibi ham belgilangan.

Bunda shu nazarda tutiladiki, ota-onalar xorijiy davlatda ta’lim olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan farzandini O‘zbekiston Respublikasidagi maktabga o‘tkazish huquqiga ega.

Eng e’tiborli jihati shundaki, xorijiy davlatda ta’lim olgan bolani O‘zbekiston Respublikasidagi maktabga o‘tkazish uchun ota-onalar tomonidan maktab direktoriga quyida ko’rsatilgan hujjatlar taqdim etiladi, jumladan:

ota-ona tomonidan maktab direktori nomiga ariza;

bolaning xorijiy davlatda ta’lim olganligi haqidagi hujjatning (hujjatlarning) asli va bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma;

Yuqoridagi hujjatlar taqdim etilganidan so’ng, maktab direktori hujjatlarni bir ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va bolani maktab o‘quvchilari safiga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqaradi.

Ahamiyatli jihati shundaki, maktab direktori bolaning xorijiy davlatda o‘qigan ta’lim dasturi maktabning o‘quv dasturlariga mos kelish-kelmasligini aniqlaydi hamda fanlar bo‘yicha aniqlangan farqlarni joriy yoki navbatdagi o‘quv yilida bartaraf etish choralarini ko‘radi, bolaning xorijiy davlatda ta’lim olganligi haqidagi hujjat mavjud bo‘lmaganda, maktab direktori bolani uning yoshi va bilim darajasiga mos sinfga qabul qilishi lozim.

Yuqorida ta’kidlanayotgan Nizomning 31-bandiga asosan, bolani maktab o‘quvchilari safiga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqarilgach, uch kun muddatda sinf jurnali va o‘quvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.

Uchqo’rg’on tuman yuridik xizmat
ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti
Gulnora Karimjonova