Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

23

O`rindoshga ustama yo`qmi?


Yaqinda qo`limizga bitta murojaat kelib tushdi. Unda yozilishicha, murojaatchi Yangi Namangan tumanidagi oilaviy poliklinikalaning birida tashqi o`rindoshlik asosida umumiy amaliyot shifokori bo`lib ishlar ekan, biroq aynan o`rindoshlik asosida ishlashini vaj qilib, unga yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlar uchun belgilangan 1 million so`mgacha oylik ustama to`lab berilmayotgan ekan.

Qani, vaziyatni huquqiy tahlil qilib ko`raylik-chi, haqiqatdan ham murojaatchiga ustama yo`qmi?

Yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlar uchun 1 million so`mgacha maxsus oylik ustama to`lash Prezidentning 2022-yil 17-maydagi “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-136-sonli Farmonida hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022-yil 30-dekabrdagi 30-son, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2022-yil 21-dekabrdagi 35-2022/qq-son va Moliya vazirligining 2022-yil 29-dekabrdagi 71-son qarori bilan tasdiqlangan "Tibbiyot muassasalarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risida"gi Nizomda nazarda tutilgan. Ularning ikkalasida ham yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlar uchun 1 million so`mgacha maxsus oylik ustama faqat asosiy ish joyi bo`yicha to`lanadi, o`rindoshlarga to`lanmaydi, degan mazmundagi qoidani ko`rmaysiz. Bu ustama asosiy ish joyi bo`yicha ishlaydigan xodimlarga ham, o`rindoshlarga ham birday to`lanadi degan ma’noni beradi.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktabrdagi 297-son qarori bilan tasdiqlangan "O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida"gi Nizomning 15-bandida agar jamoaviy shartnomada yoxud ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishgan holda qabul qilingan boshqa mahalliy hujjatda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘rindoshlik asosida ishlovchilarga mehnat haqi, mukofot, qo‘shimcha haq, ustama, rag‘batlantirish to‘lovlari shakli va tizimi tashkilotning barcha xodimlari uchun belgilangan tartibda amalga oshirilishi aytilgan.

E’tibor beraylik, Vazirlar Mahkamasi jamoa shartnomasiga hamda tegishli boshqa lokal hujjatga qisman havola qilgan holda aytyapti-ki, jamoa shartnomasida yoki tegishli boshqa mahalliy hujjatda asosiy ish joyi bo`yicha ishlaydigan xodimlarga beriladigan tegishli ustama o`rindoshlarga berilmaydi degan gap bo`lmasa, ustama o`rindoshlarga ham beriladi. Shu sababli endi murojaatchi ishlaydigan oilaviy poliklinikaning jamoa shartnomasiga diqqat qaratamiz. Uning 12.2-bandida mana bunday qoida bor:

“O‘rindoshlik asosida ishlovchilar mehnatiga haq to‘lash shakllari va tizimlari, mukofotlar, qo‘shimcha haq, ustamalar, rag‘batlantiruvchi to‘lovlar to‘lash mazkur ish o‘zi uchun asosiy ish bo‘lgan xodimlarga belgilangan tartibda amalga oshiriladi.”

Qarang, jamoa shartnomasida asosiy ish joyi bo`yicha ishlaydigan xodimlar kabi o`rindoshlarga ham ustamalar berilishi ko`rsatilgan. Bizningcha, manashu qoida masalaga yakuniy javob bo`ladi, bu bilan oilaviy poliklinikaning boshqa mahalliy hujjatini ham ko`rishga hojat qolmaydi. Chunki Mehnat kodeksining 15-moddasiga ko`ra, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilingan, shuningdek ish beruvchi yakka o‘zi qabul qilgan ichki hujjatlar jamoa shartnomasiga nisbatan xodimning holatini yomonlashtiruvchi qoidalarni o‘z ichiga olmasligi kerak. Bu talabga rioya etmaslik xodimning holatini yomonlashtiradigan mahalliy hujjat qoidalarining haqiqiy emasligiga sabab bo‘ladi.

Demak, yuqoridagilarha ko`ra, bizningcha, yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlar uchun 1 million so`mgacha maxsus oylik ustama oilaviy poliklinikada ishlaydigan barcha yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga, ular xoh asosiy ish joyi boyicha ishlasin, xoh o`rindoshlik asosidagi ish joyi bo`yicha ishlasin, birday to`lanishi kerak.

 

Yangi Namangan tuman adliya bo`limining
yuridik xizmat ko`rsatish markazi
 bosh yuriskonsulti B.Maxmudov