Янгиликлар
Nogironligi boʻlgan shaxslarga qulay va toʻsiqlarsiz muhit yaratiladi
Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Xususan, nogironligi boʻlgan shaxsdar uchun qonunchiligimiz boʻyicha qator imkoniyatlar, ular jamiyatda erkin harakatlanish va toʻsiqlarsiz muhit yaratish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Jumladan, kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi boʻlgan shaxslarga qulay va toʻsiqlarsiz muhit yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-266-son Qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga asosan, 2024-yil 1-oktyabrdan:
rekonstruksiya qilinadigan va taʼmirlanadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi nogironligi boʻlgan shaxslarga sharoitlar yaratish boʻyicha shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizadan oʻtkaziladi;
har yili “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasi mablagʻlarining kamida 10 foizi chorrahalarda nogironligi boʻlgan shaxslar (piyodalar) uchun xavfsiz va toʻsiqsiz muhit yaratish boʻyicha qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlariga yoʻnaltiriladi.
2025-yil 1-yanvardan belgilangan faoliyat turlari boʻyicha litsenziya berishda obyektda shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq nogironligi boʻlgan shaxslarga toʻsiqlarsiz muhit yaratilganligi boʻyicha Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasini olish talab qilinadi.
Belgilangan koʻchalar nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moslashtiriladi.
Taʼkidlash kerakki, mazkur qarorbilan joylardagi hokimliklarga alohida muhim topshiriqlar beorildib jumladan:
➖ har yili 1-noyabrgacha keyingi yil uchun oʻzining hududidagi kamida bittadan koʻchani nogironligi boʻlgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish loyihasini ishlab chiqadi hamda uning qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlarini amalga oshiradi;
➖ 2024-yil 1-dekabrgacha nogironligi boʻlgan shaxslarning qulay va toʻsiqlarsiz harakatlanishlari uchun shaharsozlik norma va qoidalari talablari asosida belgilangan roʻyxatga muvofiq koʻchalarni moslashtiradi.
Qarorga muvofiq, 2024-yil 1-oktyabrdan Toshkent shahri va xalqaro avtobusda yoʻlovchi tashish yoʻnalishlarini, 2025-yil 1-yanvardan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlararo, shahar atrofi, tumanlararo (shaharlararo) avtobusda yoʻlovchi tashish yoʻnalishlarini joylashtirish uchun tenderlarda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun toʻsiqsiz muhitni taʼminlovchi uskunalar bilan jihozlangan avtobuslarga ega boʻlgan tashabbuskorlar ishtirok etadi.
Alohida taʼkidlash kerakki, ushbu talab kuchga kirgunigacha tenderda gʻolib boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlararo, shahar atrofi, tumanlararo (shaharlararo) avtobusda yoʻlovchi tashish yoʻnalishlarida xizmat koʻrsatayotgan tadbirkorlarning:
avtobuslarni nogironligi boʻlgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 30 baravarigacha boʻlgan qismi 2024-yil 1-noyabrdan qoplab beriladi.
Bu kabi imkoniyatlar yaratish orqali nogironligi boʻlgan shaxslarga jamiyatda oʻz huquq va erkinliklarini bevosita amalga oshirish, erkin harakatlanish, koʻchalarni nogironligi boʻlgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish, ularga shart-sharoit yaratishda koʻmaklashayotgan tashabbuskorlarga (tadbirkorlarga) qonunchilik boʻyicha imtiyozlar berish koʻzda tutilgan desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Buning tag zimirida, inson, unga boʻlgan eʼtibor, uning ulugʻligi yotadi.
Uchqoʻrgʻon tumani adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulʼti
Gulnora Karimjonova