Янгиликлар
Nogironlikni begilash tartibi takomillashtiriladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-iyuldagi “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-257-son Qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan nogironlikni belgilash boʻyicha tartib takomillashtirildi.
Jumladan, qarorga koʻra, nogironlikni belgilashning quyidagi tartibi joriy etiladi:
2024-yil 1-sentyabrdan Toshkent shahri va Navoiy viloyatining tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida, 2025-yil 1-sentyabrgacha respublikaning qolgan hududlarida:
fuqarolarga nogironlikni belgilash boʻyicha YAIDXP (my.gov.uz), “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi;
tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (TIEK) koʻrigi uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini yoʻllash oilaviy shifokorlar tomonidan elektron tarzda amalga oshiriladi;
“Inson” markazlari xodimlari tomonidan 18 yosh va undan katta shaxslarning funksionalligini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda baholash natijalari 2025-yil 1-sentyabrgacha nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanmaydi;
shaxs sogʻligʻining holatiga koʻra “Inson” markazlariga borish imkoniga ega boʻlmaganda sogʻligʻining holati va funksionallikni baholash shaxsning uyida yoki davolanishda boʻlgan statsionarda oʻtkaziladi;
2024-yil 1-oktyabrdan ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlar tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan belgilanadi.
Shuningdek, qarorga muvofiq, 2025-yil 1-apreldan:
fuqarolarni TIEK koʻrigiga yoʻllash uchun lozim boʻlgan amaldagi davolanish muddatlari boʻyicha talab bekor qilinadi hamda har bir kasallikning kechishi va turidan kelib chiqib alohida belgilanadi.
Qarorga asosan, TIEK tomonidan kasbga, sportga va taʼlimga tavsiya berish tartibi bekor qilinadi.
Taʼkidlash kerakki, TIEKning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddatini uzaytirish hamda maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarish layoqatini belgilashga oid funksiyalari davlat tibbiyot muassasalariga oʻtkazilishi orqali tugatiladi.
Shuningdek, 18 yoshdan katta shaxslarga nogironlikni belgilashda nogironlikning muddati, sababi, tibbiy reabilitatsiya tadbirlari, shuningdek, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalariga muhtojligiga oid maʼlumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantiriladi.
Taʼkidlash joizki, 2025-yil 1-sentyabrdan tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan faqat tibbiy hujjatlarga asosan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlikni shaxs sogʻligʻining holati va funksionallikni baholash natijalaridan kelib chiqib elektron tarzda belgilash tartibi yoʻlga qoʻyiladi.
Qarorga koʻra, Sogʻliqni saqlash vazirligi markaziy apparatida nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy xizmatlar koʻrsatilishi jarayonini muvofiqlashtirish boʻyicha vazir maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.
Shuningdek, asosiy vazifalari:
nogironlikning oldini olish tadbirlari amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
nogironlikni belgilash maqsadida shaxslarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan oʻtkazish uchun yuborish jarayonini muvofiqlashtirish;
VMK va oilaviy shifokorlar malakasi oshirilishini tashkil etish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish;
oilaviy shifokorlar tomonidan TIEK koʻrigi uchun tibbiy hujjatlarni yuborish jarayonini raqamlashtirish va tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilish jarayonini muvofiqlashtirish;
nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy xizmatlar, jumladan tibbiy reabilitatsiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini muvofiqlashtirishdan iborat boʻlgan iborat boʻlgan 3 ta shtat birligidan iborat shoʻba tashkil etiladi.
Qarorga muvofiq, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2024-yil 1-oktyabrdan:
Eng asosiysi, TIEK xodimlarini ular faoliyati samaradorligining eng muhim koʻrsatkichlari (KPI) bajarilishidan kelib chiqib ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Mazkur qarorga asosan, nogironlikni belgilash tartibi takomillashtirilib, aholiga, yaʼni nogironlik belgilanishi lozim boʻlgan shaxslarga yengillik berilmoqda. Bu qarordan koʻzlangan maqsad, nogironlik belgilanadigan shaxslardan ortiqcha hujjatlar talab qilish, davolanish muddatlari boʻyicha talablar bekor qilinishi hamda har bir kasallikning kechishi va turidan kelib chiqib alohida belgilanishi, psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya TIEKlar tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan belgilanishi nazarda tutilgan.
Uchqoʻrgʻon tuman YUXKM
bosh yuriskonsulti
Gulnora Karimjonova