Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

Adliya organlarining mas’uliyati yanada oshirildi


Ma’lumki, kuni kecha 2024-yil 24-may kuni “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida” PF-80-son Farmoni qabul qilindi.

Mazkur farmon bilan adliya organlari va muassasalarining mas’uliyati yanada oshirildi.

Jumladan, ushbu farmon bilan adliya organlarining qo’shimcha faoliyat yo’nalishlari belgilandi. Bular quyidagilar, ya’ni:

aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rib borish;

joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish;

fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirib borish;

davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam ko‘rsatib borish.

Yuqoridagi adliya organlarining qo’shimcha faoliyat yo’nalishlari doirasida bir qator qo’shimcha vazifalar ham belgilandi.

Jumladan, adliya organlari faoliyatini hududlarda samarali tashkil etish hamda huquqiy xizmatlar qamrovini yanada oshirish maqsadida tuman (shahar) adliya bo‘limlariga qo‘shimcha vazifalar ham yuklatildi.

Bular quyidagilar hisoblanadi:

·        joylarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni ko‘rib chiqish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlarini o‘tkazish. Bunda olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatib borish;

·        uyma-uy yurish va “Huquqiy ko‘mak” aksiyalarini o‘tkazish orqali fuqarolar kundalik hayotida aniqlanadigan huquqiy muammolarni bartaraf etish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

·        “mahalla yettiligi”ga qonunchilik hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini oddiy va xalqchil tilda yetkazish, shuningdek ular tomonidan “Online-mahalla” platformasiga kiritilgan aholining kundalik hayotidagi huquqiy masalalarga oid muammolarini hal etib borish;

·        aholiga, avvalambor “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash;

·        yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni, shuningdek tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiyalar, grantlar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlari hamda ulardan foydalanish tartibi haqida xabardor qilish;

·        davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam ko‘rsatib borish.

Bu kabi vazifalar adliya organlari va muassasalarining o’z ishiga bo’lgan javobgarligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Eng asosiysi, adliya organlari va muassasalari tomonidan aholining kundalik muammolarini uyma-uy yurgan holda o’rganiladi, manzilli targ’ibot tadbirlari o’tkazish jarayonida tahlil qilib, ularni bartaraf etish bo’yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Ta’kidlash kerakki, adliya organlari va muassasalari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslariga, yoshlar, xotin-qizlar, tadbirkorlarga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiya, grantlar va davlat tomonidan qo’llab-quvvatlashning boshqa turlari hamda ulardan foydalanish tartibi to’g’risida xabardor qiladi. Bu ham aholiga, insonga berilgan e’tiborning yaqqol ko’rinishidir.

 

Uchqo’rg’on tuman adliya bo’limi
yuridik xizmat ko’rsatish markazi
bosh yuriskonsulti
Gulnora Karimjanova