Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

30

Boshqarmada Farmon mazmun-mohiyati yuzasidan matbuot anjumani o’tkazildi.


Aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilishda adliya organlarining roli nihoyatda katta. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi Farmoni adliya organlari, xodimlarining bu boradagi faoliyat yo‘nalishlarini yanada kengaytirdi, qo‘shimcha vazifalar yukladi. Lo‘nda qilib aytganda, adliya organlari fuqarolarning kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etishda yangicha tizim asosida ishlashga o‘tmoqda.


Bugun Namangan viloyati adliya boshqarmasi Majlislar zalida mazkur farmon mazmun-mohiyati va uni qabul qilishning zaruratiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Ahmedov, ma’lumot berdi.

— Farmondan ko‘zlangan eng asosiy maqsad esa adliya organlari ko‘proq odamlar orasida, mahallalarda bo‘lib, ularning dardu tashvishlarini tinglab, muammolarini birgalikda hal etishga ko‘maklashishdir, - dedi D.Ahmedov - Farmon bilan adliya organlarining qo‘shimcha yangi faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Maqsad joylarda aholi ko‘tarayotgan dolzarb muammolarni hal qilish, fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish, huquqiy muammolarini mahallaning o‘zida hal qilish hamda aholiga, avvalo ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlashdir.


Farmon bilan maktablarda huquqiy ta’lim-tarbiyaga alohida e’tibor berilgan. Chunki, shu orqali yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab chuqurroq o‘rgatish maqsad qilingan.

Shuningdek, Farmon bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, joriy yilning 1-iyunidan davlat organlariga huquqiy axborotni yetkazish bo‘yicha Yagona huquqiy axborot almashish tizimi ishga tushiriladi. Shu yilning 1 iyulidan “Madad” nodavlat tashkilotining barcha tuman va shaharlarda maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi.



Bugungi kunda viloyatdagi 10 ta: Namangan shahar, Pop, Chust, To‘raqo‘rg‘on, Yangiqo‘rg‘on, Namangan, Uychi, Chortoq, Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlarida ularning filallari mavjud.

Farmon bilan markazlar orqali yana 13 ta yangi xizmatlar joriy etilmoqda. Yil yakuniga qadar davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli joriy qilinadi va fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab etilmaydi.


Aholi gavjum joylar, mahallalar 24/7 rejimida onlayn davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan interaktiv kioskalar bilan bosqichma-bosqich ta’minlanadi, yil yakuniga qadar markazlar va Yagona portal orqali ko‘rsatiladigan 13 ta yangi davlat xizmatlari joriy etiladi, 18 ta xizmat proaktiv va kompozit shakllariga o‘tkaziladi, 15 ta davlat xizmati yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan agent sifatida ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi. 2025-yil 1-yanvardan O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlari yagona elektron bazasi – Aholining yagona elektron reestri joriy etiladi. Shuningdek, Adliya vazirligining bir qator muassasalarini birlashtirgan holda yaxlit ikkita institut tashkil qilinmoqda, bular Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti.


Hujjatga muvofiq, Adliya vazirligi va Toshkent shahar adliya boshqarmasi huzurida Apellyatsiya kengashlari tashkil qilinmoqda. Mazkur apellyatsiya kengashlari ma’muriy organlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi ma’muriy hujjatlarini sudgacha ko‘rib chiqish natijasida ushbu hujjatlarni o‘zgartirish, qisman yoki to‘liq bekor qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi.

Mazkur tartibning joriy etilishi birinchi galda aholining manfaatlariga xizmat qilib, ularning sudma-sud ortiqcha ovora bo‘lib yurishining oldini oladi, davlat xizmatlari ko‘rsatilishida yo‘l qo‘yilgan xatolarni sudgacha bo‘lgan tartibda tuzatish imkonini beradi.

Umuman olganda, Farmon bilan adliya organlari xalqchil tuzilmaga aylanib, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashdagi o‘rni yanada oshdi.

Matbuot anjumani so’nggida, ommaviy axborot vositalari xodimlarining Farmon yuzasidan bergan savollariga boshqarma boshlig’i hamda tizim xodimlari tomonidan atroflicha javob qaytarildi.

Farmonning to‘liq matni: https://lex.uz/pdfs/6937312





Namangan viloyati adliya boshqarmasi