Янгиликлар
Namanganning 13 ta olis hududiga infokioskalar oʻrnatildi
Namangan viloyatining tuman va shahar maʼmuriy markazlaridan olisdagi 13 ta hududga interfaol kioskalar oʻrnatildi. Adliya tizimi tomonidan joylashtirilgan ushbu qurilmalar yordamida 37 turdagi davlat xizmatlaridan foydalanish mumkin.
— Biz tuman markazidan 20 kilometr uzoqlikda yashaymiz, — deydi Chortoq tumani Alixon qishlogʻi fuqarosi Tojixon Bahodirova. — Davlat xizmatlari markazi xodimlari oyda bir mahallamizga kelib «Sayyor xizmat» koʻrsatib turishadi. Endi yashash joyimizga infokiosk oʻrnatilganidan soʻng istagan paytda xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratildi. U orqali zarur maʼlumotni sanoqli daqiqalar ichida olsa boʻlarkan.
Infokiosklar ishga tushirilishi bilan fuqarolar eng zarur xizmatlardan tezkorlik bilan foydalana boshladilar. Ular yordamida taʼlim olayotganligi, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtish, yuridik shaxs tashkil etmagan oilaviy tadbirkorlik roʻyxatini qayd etish, kam taʼminlangan deb eʼtirof etilganlik, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, soliqlar va yigʻimlardan qarzi mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarga ega boʻlish mumkin.
Bularning barchasi aholining uzogʻini yaqin qilish, vaqtini tejashda muhim omil boʻlmoqda. Viloyatda yil yakuniga qadar infokiosk xizmatlari turini 70 taga yetkazish koʻzda tutilgan.