Янгиликлар
Kimlar merosxo’r bo’lishi mumkin?
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Fuqarolik kodeksi va boshqa normativ hujjatlarda Xususiy mulk egasining oʻz mulkiga nisbatan erki, manfaatlari va huquqlari muhofazasi mustahkamlab qo’yildi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 36-moddasida har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqli ekanligi, bankka qoʻyilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanishi, 53-moddasida xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi, 54-moddasida esa mulkdorning oʻz mulkiga oʻz xohishicha egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf qilish huquqi belgilangan.
Hozirgi vaqtda aholi o’rtasida meros huquqi bilan bo’g’liq bo’lgan nizolar ko’payib borayotganligi va ushbu nizolarni huquqiy jihatdan hal etish lozimligi masalasi o’z dolzarbligi bilan boshqa nizolardan ajralib turadi.
Chunki, ushbu nizoni tinch yo’l va murosa bilan hal qilmaslik aka-uka va qarindoshlarni yuz ko’rmas bo’lib ketishiga olib kelishi, mamlakatimiz fuqarolarini tinch va totuv hayot kechirishlari uchun soya solishi mumkin.
Aholining merosga bo’lgan huquqi borasidagi bilimlarini oshirish maqsadida vafot etgan shaxslarning nomida bo‘lgan mol-mulklarni meros qilib olish tartibini tushuntirib berish bugungi kunda biz huquqshunoslarni asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi.
Avvalam bor, meros tushunchasini aniqlashtirib olsak. Meros bu – marhumdan vorislarga qolgan mulk bo‘lib, marhumning mulk huquqi, boshqa ashyoviy huquqlar, aqliy faoliyat (kashfiyot, ixtirochilik, mualliflik) natijalariga bo‘lgan alohida huquqlari, shuningdek bu huquqlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin bo‘lgan ajdodlardan avlodlarga o‘tuvchi mulklar hisoblanadi.
Mulkchilik munosabatlarining mavjud boʻlishi oʻz navbatida vorislik huquqi institutining dolzarbligini oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining V- boʻlimida, vorislik huquqi bilan bogʻliq huquqiy munosabatlar tartibga solingan.
Bundan tashqari, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 36-moddasida muallifning mulkiy huquqlari merosxoʻrlarga oʻtishi nazarda tutilgan.
Qonun boʻyicha merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida yoki vasiyatnoma boʻyicha merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma rasmiylashtirishda mulkning aynan qanday qismi meros qoldiruvchiga tegishli ekanligini aniqlash muhim ahamiyatga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1113-moddasiga koʻra, meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli boʻlgan huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi. Shuning uchun meros qoldiruvchining faqat qonuniy egaligida boʻlgan mol-mulkning meros tarkibiga kirishiga alohida eʼtibor berish kerak.
Meros qoldiruvchi va merosxoʻr vorislik huquqiy munosabatlarning subyektlari hisoblanadilar. Vasiyatnoma boʻyicha ham, qonun boʻyicha ham meros qoldiruvchi sifatida faqat jismoniy shaxs boʻlishi mumkin.
Har qanday shaxs qonun boʻyicha meros qoldiruvchi boʻlishi mumkin. Biroq vasiyatnoma boʻyicha meros qoldiruvchi muomalaga layoqatli shaxs boʻlishi kerak, chunki vasiyatnomani tuzishda meros qoldiruvchining muomala layoqati muhim ahamiyatga ega. Vasiyatnomani tuzuvchi shaxsning muomala layoqati boʻlmasa, bu holat vasiyatnomani haqiqiy emasligiga olib keladi.
Fuqarolik kodeksining 1116-moddasiga asosan, meros fuqaroning o‘limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida ochiladi. Meros qoldiruvchining o‘lgan kuni (zarurat bo‘lganda payti ham), u vafot etgan deb e’lon qilinganda esa, agar sudning qarorida boshqa muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi sudning qarori kuchga kiradigan kun meros ochilgan vaqt deb hisoblanadi.
Meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan fuqarolar, shuningdek meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida bo‘lgan va meros ochilgandan keyin tirik tug‘ilgan bolalari vasiyat va qonun bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin. Meros ochilgan paytda tuzilib bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin. Agar biridan keyin boshqasi meros olishga haqli bo‘lgan shaxslar bir sutka (yigirma to‘rt soat) ichida vafot etgan bo‘lsalar, ular bir vaqtda vafot etgan deb hisoblanadilar, meros ularning har biridan keyin ochiladi va ulardan har birining merosxo‘rlari vorislikka chaqiriladilar.
Meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradilar. Meros qoldiruvchining tug‘ishgan hamda ona (ota) bir ota (ona) boshqa aka-ukalari va opa-singillari, shuningdek uning ham ota, ham ona tarafdan bobosi va buvisi teng ulushlarda qonun bo‘yicha ikkinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi, tog‘asi, ammasi va xolasi teng ulushlarda qonun bo‘yicha uchinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchining oltinchi darajagacha (oltinchi daraja ham shunga kiradi) bo‘lgan boshqa qarindoshlari qonun bo‘yicha to‘rtinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar, bunda yaqinroq qarindoshlar uzoqroq qarindoshlarga nisbatan meros olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.
Vorislikka chaqiriladigan to‘rtinchi navbatdagi vorislar teng ulushlarda meros oladilar.
Fuqarolik kodeksi 1118-moddasi mazmuniga koʻra nafaqat Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, balki chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham jismoniy shaxslar, balki yuridik shaxslar ham merosxoʻr boʻlishlari mumkin. Yuridik shaxs faqat vasiyatnomaga asosan merosxoʻr boʻlishi mumkin.
Yuridik shaxsni merosxoʻr deb topish toʻgʻrisidagi masalani hal qilishda ushbu yuridik shaxs yagona davlat reyestridan chiqarilmagan boʻlishi lozimligiga eʼtibor berish kerak. Barcha shaxslar ham meros huquqi asosida mulkka ega boʻlmasligi mumkin. Ayrim hollarda noloyiq merosxoʻrlar ham uchrab turadi va ular qonun tomonidan chetlashtirilishi mustahkamlangan.
Meros qoldiruvchi oʻzining oxirgi xohish-irodasini amalga oshirishiga qasddan toʻsqinlik qilgan va bu orqali oʻzlarining yoki oʻzlariga yaqin shaxslarning vorislikka chaqirilishiga yoxud merosning oʻzlariga yoki oʻzlariga yaqin shaxslarga tegishli ulushi koʻpaytirilishiga imkon yaratgan shaxslar vasiyatnoma boʻyicha ham, qonun boʻyicha ham meros olish huquqiga ega emaslar.
Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan va meros ochilgan paytda bu huquqlari tiklanmagan ota-onalar shu farzandlaridan qolgan meros mulkiga voris boʻlish huquqiga, shuningdek, meros qoldiruvchini taʼminlab turish yuzasidan qonun asosida oʻzlariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan boʻyin tovlagan ota-ona (farzandlikka oluvchilar) hamda voyaga yetgan farzandlar (farzandlikka olinganlar) qonun boʻyicha meros olish huquqiga ega emaslar.
Umuman olganda vorislik, meros, vasiyatnoma kabi tushunchalarni har bir fuqaro bilishi maqsadga muvofiq. Bu institutlarni amalga oshirishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan ayrim jihatlarga toʻxtaldik. Qonun tomonidan bu institut toʻla tartibga solingan boʻlsada amaliyotda ulardan foydalanishda ayrim tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Yuqorida keltirilgan asosiy jihatlar ushbu institutdan foydalanishda fuqarolarga berilgan qisqacha huquqiy tushutirish sifatida qabul qilish mumkin.
Ma’rifatxon Melixanova,
Yangi Namangan tumani Yuridik xizmat
ko’rsatish markazi boshlig’i