Янгиликлар
Namangan viloyatidagi 14 hududga infokiosklar joylashtirildi.
Namangan viloyatining tuman va shahar maʼmuriy markazlaridan olisda hududlarda interaktiv kioskalar o‘rnatildi. Ayni kunlarda aholi ushbu interaktiv kioskalar yordamida 37 turdagi xizmatlardan foydalanishi mumkin.
Shunday interaktiv kiosklardan mahalla fuqarolari foydalanishi uchun tuman (shahar) davlat xizmatlari markazi xodimlari tushuntirish ishlarini olib bormoqdalar.
Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilganda juda quvongandik, bizni mahalla tuman markazidan 20 kilometr uzoqlikda joylashgani bois, oyda bir Chortoq tumani davlat xizmatlari markazining xodimlari mahallamizga kelib “Sayyor xizmat” ko’rsatishar edi. Bunday imkoniyatdan mahalladoshlari kabi men ham ko’p foydalanganman. Bizni yana bir quvontirgan jihat shunda bo’ldiki, Alixon qishlog’imizda o’ziga-o’zi xizmat ko’rsatish infokioskasi o’rnatildi. Bundan mahallamiz ahli juda quvondi. Markaz xodimlarini aytishicha hozircha 37 ta xizmatdan foydalansak bo’larkan. Yil yakunigacha bu xizmatlar 70 taga yetkazilarkan deydi, alixonlik Tojixon aya Bahodirova.
Endilikda fuqarolar, markazga bormasdan,
Doimiy (vaqtinchalik) yashash joyi bo‘yicha ma’lumotnoma olish, Ta’lim olayotganligi to‘g‘risida, Yakka tartibdagi tadbirkor ro‘yxatdan o‘tkazish, Yuridik shaxs tashkil yetmagan oilaviy tadbirkorlik ro‘yxatdan o‘tkazish, Kam ta’minlangan deb e’tirof etilganlik to‘g‘risida ma’lumotnoma olish, Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami haqida ma’lumotnoma olish, Soliqlar va yig‘imlardan soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish, Pensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjudligi haqida ma’lumotnoma olish, Nafaqa tayinlash uchun ariza berish kabi 37 turdagi xizmatlardan foydalanishlari mumkin bo’ladi.
Albatta mazkur qulaylik, aholi va tadbirkorlarni ortiqcha vaqtini va naqdini tejash bilan birga ularning uzog’ini yaqin qilishga ko’maklashadi.
Namangan viloyat adliya boshqarmasi