Янгиликлар
Adliya boʻlimining aralashuvi bilan murojaatchiga 152 million soʻm undiriladigan boʻldi.
Mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimi tubdan takomillashtirilib, fuqarolarning bu boradagi huquq va manfaatlari taʼminlanmoqda.
Namangan viloyati adliya boshqarmasi va tuman (shahar) adliya boʻlimlariga kelib tushayotgan murojaatlarni oʻrnida koʻrib chiqilishi esa aholining davlat organlariga boʻlgan ishonchini yanada oshirmoqda
Yangiqoʻrgʻon tumani adliya boʻlimi tomonidan tumanning chegara hududi hisoblangan Nanay MFYda yashovchi N.Shamsiboyevning Yangiqoʻrgʻon tuman hokimligi tomonidan davlat va jamoat ehtiyoji uchun olib qoʻyilgan koʻchmas mulk obʼektlari uchun kompensatsiya toʻlab berilmayotganligidan norozi boʻlib, ushbu masalada amaliy yordam berishni soʻrab qilgan murojaati kelib oʻrganib chiqildi.
Oʻrganish davomida maʼlum boʻlishicha fuqaroga Yangiqoʻrgʻon tuman hokimining 2008-yil 24-martdagi 125-sonli qaroriga asosan “Kichik tish qoʻyish shoxobchasi” qurish uchun 172-yer konturda joylashgan, qishloq xoʻjaligi foydalanishida boʻlmagan 80 m2 yer maydoni ajratib berilgan.
Shuningdek, ajratilgan yerga loyiha-smeta tegishli ruxsat va talablar asosida 2016-yil boshida binoning birinchi qavati bitkazilib, plita bosib qoʻyilgan.
2018-yilda Nanay qishlogʻi markazida olib borilgan obodonlashtirish loyihalari asosida ushbu fuqaroga tegishli boʻlgan binolar ularning yer maydonlari davlat va jamoat ehtiyoji uchun olinishi belgilangan. Shunga koʻra, tuman hokimining 2018-yil 10-oktabrdagi 167-son qarori bilan fuqaroning roziligisiz hamda ogohlantirishsiz unga berilgan yer uchastkasi olib qoʻyilib, unda joylashgan noturar bino buzib tashlangan.
Shuningdek, tuman hokimining 2019-yil 1-iyundagi 5528-sonli qarori bilan 2018-yilda Obod qishloq Dasturiga kiritilgan Yangiqoʻrgʻon tuman Nanay qishlogʻi Zarbdor, Naʼmuna, Soyboʻyi va Doʻstlik mahalla fuqarolar yigʻinlari markazlarida mukammal taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi munosabati bilan fuqarolarga tegishli noturar joy binolarini boshqa yerga koʻchirish uchun “Nanay tiklanish bogʻboni” agrofirmasi yer tuzish xaritasining 158-konturidan qishloq xoʻjaligi foydalanishida boʻlmagan 1118,0 ga yer maydoni kompensatsiya tariqasida doimiy foydalanish uchun ajratib berilgan.
Ushbu qarorga ilovaning 13-roʻyxatida fuqaroga stomatologiya obyekti qurish uchun 158-u-konturdan 80 m2 yer maydoni ajratib berilganligi qayd etilgan.
Biroq, hozirgi kunga qadar fuqaroga buzilgan bino inshooti uchun kompensatsiya tarzida mol-mulkining qiymati toʻlab berilmagan. “Universal baho” MCHJ tomonidan buzilgan bino-inshootni baholash ishlari amalga oshirilib, buzilgan binoning qiymati 152 550 000 (bir yuz ellik bir million besh yuz ellik ming) soʻmga baholangan.
Mazkur murojaat atroflicha oʻrganilib, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qoʻyish munosabati bilan yetkazilgan zararni, yaʼni baholash hisobotidagi 152 500 000 soʻm miqdoridagi kompensatsiya pulini undirish yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha Yangiqoʻrgʻon tumanlararo sudiga davo ariza kiritildi va murojaat ijobiy hal etildi.