Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

18

Yoshlarga eʼtibor – kelajakka eʼtibor!


Oʻzbekistonni tom maʼnoda yoshlar mamlakati deyish mumkin. Aholining qariyb uchdan ikki qismi yoshlardan iborat. Davlatimiz rahbari tomonidan 2021-yilni “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb, joriy yilni esa “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilinishida ham yoshlar masalasi biz uchun ustuvor ahamiyatga ega ekani koʻrinadi.

Taʼkidlash joiz, mamlakatimiz yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy bazaga ega: xususan, bugungacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.

Shu oʻrinda qonunchilikda yoshlarga oid qanday huquqiy normalar keltirilgani hamda ularga berilgan imtiyozlarga toʻxtalsak.

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan boʻlib, uning 79-moddasi bevosita yoshlarga bagʻishlangan. Mazkur moddaga asosan:

“Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantiradi.

Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”.

Taʼlim olish huquqi

Konstitutsiyamizning 79-moddasiga asosan yoshlarning taʼlim olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish bilan bogʻliq qonunchilik roʻyxati va ularda berilgan imtiyozlarga quyidagilar kiradi:

Soliq kodeksining 369-moddasiga asosan oʻquvchilar va talabalarning taʼlim olishi uchun Oʻzbekistonning professional va oliy taʼlim tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha pulli-kontrakt asosida oʻtkaziladigan mablagʻlariga soliq toʻlovchining daromadi sifatida qaralmaydi, yaʼni daromad soligʻi undirilmaydi (26 yoshga farzandlari uchun degan cheklov ham olib tashlandi);

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi “Oliy taʼlim muassasalari talabalarini turar joy bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori. Mazkur qaror bilan davlat OTMlarining talabalar turar joyiga joylashish faqat davlat xizmati markazlari va (yoki) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ariza berish yoʻli bilan amalga oshiriladi hamda talabalarga navbatni onlayn kuzatish va toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali elektron shaklda real vaqt rejimida hisobga qoʻyiladigan boʻldi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-avgustdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalari magistratura bosqichida taʼlim olayotgan xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt mablagʻlarini toʻlab berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan 2022/2023 oʻquv yilidan davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlarini qaytarish shartisiz davlat byudjetidan qoplash mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-avgustdagi “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, qizlarga foizsiz, oʻgʻil bolalarga Markaziy bank asosiy tarif stavkasi boʻyicha taʼlim krediti berish yoʻlga qoʻyildi. Taʼlim kreditining asosiy qarzi talabaning rasmiy oʻqish muddati tugagandan soʻng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.

Sogʻligʻini saqlash huquqi

Yoshlarning sogʻligʻini saqlashga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish bilan bogʻliq qonunchilikka va ularda imtiyozlar quyidagilar:

Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida nizom”ga koʻra, nikohlanuvchi shaxslar psixik, narkologik, tanosil kasalliklari, sil kasalligi va OIV/OITS yuzasidan tibbiy koʻrikdan bepul oʻtkazilishi belgilandi.

Uy-joyga boʻlgan huquqlari

Yoshlarning uy-joyga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish bilan bogʻliq qonunchilikka va ularda imtiyozlarga quyidagilar kiradi:

Hukumat qarori (182-son, 2020-yil 25-mart) bilan tasdiqlangan Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, yosh oilalar va yoshlarga hududlarda birlamchi bozordagi kvartiralarni sotib olish; yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish (mukammal va joriy taʼmirlash bundan mustasno) uchun subsidiya ajratiladi.



Ma'rufjon, Fayzullayev,
Yangiqoʻrgʻon tumani adliya boʻlimi bosh maslahatchisi