Янгиликлар
“Kontrafaktsiz oy” oyligiga start berildi
15-fevral kuni Adliya vazirligida “Kontrafaktsiz oy” oyligi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Mazkur tadbirda Adliya vazirligi mas’ul xodimlari bilan bir qatorda soha bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar vakillari, xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi va Oʻzkomnazorat inspeksiyasi, OAV vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida joriy yilgi chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar va ularning ijrosi yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlariga, iste’molchilarga kontrafakt tovarni aslidan farqlashga o‘rgatish va ko‘nikmalar hosil qilish maqsadida tushuntirish ishlari amalga oshirildi.
Vazirlik ushbu oylikni o‘tkazish orqali tadbirkorlarni halol raqobatga kirishishni ta’minlash, o‘z brendiga ega ishlab chiqaruvchilar biznesini himoyalash, savdo rastalarida kontrafakt mahsulot aylanmasini cheklash hamda aholi orasida sifatli, ishonchli mahsulotlarni xarid qilishni targ‘ib qiladi.
Bundan tashqari, oylik davomida kontrafakt mahsulotlar katalogining doimiy yangilanib boruvchi elektron shakliga yo‘naltiruvchi QR-kodli stikerlarni respublikaning barcha hududlaridagi bozorlar, yirik savdo majmualari, chegara va TIF bojxona postlariga joylashtirish hamda vakolatli organlar xodimlari uchun xorijiy huquq egalari yoki ularni vakolatli vakillarini jalb etgan holda kontrafakt mahsulotlarni aniqlashning maxsus usullari bo‘yicha master-klasslar tashkil etish ham rejalashtirilgan.