Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

09

YANGI TAHRIRDAGI MEHNAT KODEKSI: HUQUQIY IXTILOF VA TAKLIF


Keling, asosiy mavzuga o`tishdan avval huquqiy kolleziya haqida ozroq tushuncha hosil qilib olaylik. Zotan, maqolamizda bayon qilingan muammoni o`quvchiga yetkazib bera olishimizda muhim ahamiyat kasb etadi.

X.T.Odilqoriyevning “Davlat va huquq nazariyasi” asarida keltirilishicha, huquqiy ixtilof deganda ayni bir yoki o`xshash ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi normative-huquqiy hujjatlar o`rtasidagi nomutanosiblik yoki qarama-qarshilik tushuniladi.

Huquqiy ixtilof nima ekanligi haqida bilib oldingiz. Endi e’tiboringizni O`zbekiston Respublikasining 2022-yil 28-oktabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga (keying o`rinlarda – Kodeks) qaratmoqchimiz.  

Kodeksning 383-moddasi 2-qismida ishdan ajralmagan holda ta'lim tashkilotida ta'lim olayotgan xodimga qisqartirilgan ish haftasi berilishi belgilangan:  

"Mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlarga ish joyi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi saqlangan holda o‘quv ta’tili, qisqartirilgan ish haftasi hamda mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan o‘zga kafolatlar beriladi." 

Mazkur moddaning 2-qismida keltirilgan "beriladi" so`zi ilmiy-huquqiy jihatdan ushbu norma  imperativ norma ekanligini anglatadi (ma'lumot uchun - "imperativ" so`zi lotincha - "buyuruvchi" degan ma'noni anglatadi). Ushbu fikrimizning dalili quyidagilardir:

Birinchi, X.T.Odilqoriyevning "Davlat va huquq nazariyasi" asarida shunday keltiriladi: "Huquqiy tartibga solish uslubiga ko`ra, huquq normalarini  imperativ va dispozitiv normalar guruhiga bo`lish mumkin. Imperativ normalar davlat amri xususiyatiga ega bo`lib, xatti-harakat subyektiga belgilangan harakat modelidan chetga chiqishni man etadi. Dispozitiv normalar - xulq-atvor varianti haqida ko`rsatma berish bilan birga subyektlarga qonuniy vositalar doirasidagi munosabatlarni o`z xohishicha tartibga solish imkonini beradi. " .

Ikinchi, Y.Tursunovning "Mehnat huquqi" kitobida mehnat munosabatlarini huquqiy tartibga solishda imperativ normalar so`zsiz bajarilishi kerak bo`lgan normalar ekanligi aytilgan.  

Yuqoridagilarga ko`ra, demak, Kodeksning 383-moddasi 2-qismidagi norma imperativ bo`lib, unda nazarda tutilgan qoida tegishli subyekt tomonidan bajarilishi majburiydir.  Shuning uchun Kodeksning 383-moddasi 2-qismiga binoan mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlarga  qisqartirilgan ish haftasi berilishi shart, majburiydir.  

Biroq, Kodeksda huquqiy ixtilof bor, Kodeksda mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlarga qisqartirilgan ish vaqti belgilash holati bo`yicha munosabatlar aniq, to`liq tartibga solinmagan.

Qarang, Kodeksning 183-moddasi 2-qismida ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi majburiy tartibda belgilanadigan xodimlar ro`yxati belgilangan. Ular: 

a). o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlarga (ushbu Kodeksning 415-moddasi);

b). I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga (ushbu Kodeks 427-moddasining birinchi qismi);

d). noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarga (ushbu Kodeksning 477-moddasi);

e). ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy, asabiy zo‘riqish bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiyot xodimlariga, pedagoglarga va boshqa toifadagi xodimlarga (ushbu Kodeksning 184-moddasi);

f). uch yoshgacha bo‘lgan bolaning budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga) (ushbu Kodeks 397-moddasining birinchi qismi).

Mazkur ro`yxatda ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi majburiy tartibda belgilanadigan 5 ta toifa xodimlar nazarda tutilgan, Kodeksda bu haqda har bir toifa xodimlar uchun alohida modda ajratilgan. Ammo ro`yxatda ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlar toifasi haqida hech narsa deyilmagan. Mazkur moddaning mazmunidan ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlarga qisqartirilgan ish vaqti belgilanishi majburiy emas degan ma'no, qoida kelib chiqadi. 

Biz, avvalboshda ilmiy-huquqiy asoslab berdik-ki, Kodeksning 383-moddasi 2-qismiga binoan, ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlarga qisqartirilgan ish haftasi belgilanishi shart, majburiy edi.

Ha, bu yerda Kodeksning 183- va 383-moddasi o`rtasida ziddiyat kelib chiqqan: birida ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlarga qisqartirilgan ish haftasi belgilanishi majburiy emasligi, ikkinchida esa, aksincha, majburiy ekanligi aytilgan. Bu huquqiy ixtilofdir!

Bizningcha, mazkur huquqiy ixtilofni bartaraf qilish lozim. Bu bo`yicha Kodeksning 183-moddasiga o`zgartirishlar kiritish bo`yicha O`zbekiston Respublikasining qonuni loyihasini ishlab chiqish kerak. Uning mazmuni Kodeksining 183-moddasi 2-qismini quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to`ldirishdan iborat bo`ladi: 

"ishni ta’lim bilan birga olib boruvchi xodimlar.". 

Afsuski, Kodeksga yuqoridagi o`zgartirishni kiritish bilan muammo hal bo`lib qolmaydi. Chunki, garchi Kodeksning 383-moddasida mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlarga qisqartirilgan ish haftasi berilishi ko`rsatilgan bo`lsa-da, Kodeksda manashu qisqartirilgan ish vaqtining aniq davomiyligi miqdori, chegasi ko`rsatilmagan, masala ochiq qolgan.

Shuning uchun Kodeksning 183-moddasi 2-qismini yuqorida ta’kidlangan mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to`ldirish, o`z navbatida, ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlarga qisqartirilgan ish haftasining aniq davomiyligi miqdori, chegarasini belgilab beruvchi (aniqlashtiruvchi)  yana bir o`zgartirish kiritishni taqozo etadi.

Bizningcha, buning uchun Kodeksning 23-bob (-Ishni ta’lim bilan birga olib boruvchi xodimlar uchun kafolatlar va kompensatsiyalar)ni ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlarga qisqartirilgan ish haftasining aniq davomiyligi miqdori, chegarasini belgilab beruvchi yangi modda bilan yoki 383-moddasini shu mazmundagi yangi qism bilan to`ldirish lozim.  

Maqolamiz yakunida eslatib o`tmoqchimizki, Kodeksdagi ushbu huquqiy ixtilof tufayli joylarda ishni ta'lim bilan birga olib boruvchi xodimlarga qisqartirilgan ish vaqti belgilash masalasi ochiq qolib ketmoqda. Xodimlar ta'lim olish uchun ish haqini kamaytirgan holda to`liqsiz ish vaqti rejimida ishlashga majbur bo`lmoqdalar, yangi tahrirdagi mehnat kodeksi bu toifadagi xodimlarning foydalanib bo`lmaydigan huquq bermoqda.

Mazkur maqola bo`yicha sog`lom ruhda fikr almashishga tayyormiz: (https://t.me/@Baxtiyorxon_Maxmudov).

Baxtiyorxon Maxmudov,
Yangi Namangan tumani Yuridik xizmat
ko'rsatish markazi bosh yuriskonsulti