Янгиликлар
“Mahalla yettiligi” uchun KPI belgilandi
“Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan “mahalla yettiligi” (avvalgi “beshlik”) har bir a’zosining vazifalari belgilab berildi.
“Yettilik” tarkibiga quyidagilar kiradi:
· mahalla raisi;
· hokim yordamchisi;
· yoshlar yetakchisi;
· xotin-qizlar faoli;
· profilaktika inspektori;
· ijtimoiy xodim;
· soliq inspektori.
Mahalla raisining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
· Mahalla obodligini ta’minlash, shu jumladan, “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” mezonlarini joriy etishda aholining faol ishtiroki va mas’uliyatini oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta ko‘chatlari ekish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini amalga oshirish.
· Milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analarni targ‘ib qilish, sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni saqlash, to‘y-marosimlarni isrofgarchiliklarsiz ixcham o‘tkazilishini ta’minlash.
· Mahallaga biriktirilgan davlat organlari vakillarini aholi muammolarini hal etishga safarbar etish va muammolarga yechim topishini ta’minlash.
Hokim yordamchisining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
· Doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda bandligini ta’minlash choralarini ko‘rish.
· Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kredit va subsidiyalar ajratilishida ko‘maklashish.
· O‘zini o‘zi band qilgan hamda tashabbuskor fuqarolarning tadbirkorlikka qiziqishlarini aniqlash, ularning kichik biznes subyektiga aylanishiga yordam berish.
Yoshlar yetakchisining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
· Mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, jumladan ularni “Besh tashabbus olimpiadasi”da ishtirok etishga jalb etish;
· Ishsiz yoshlar va maktab bitiruvchilari bandligiga ko‘maklashish, jumladan “Yoshlar bandligi dasturi”ni mahallada amalga oshirish;
· Davlat ko‘magiga muhtoj “og‘ir” toifadagi yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish.
Xotin-qizlar faolining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
· “Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat” tamoyillarini targ‘ib qilish, xususan yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohning oldini olish, reproduktiv salomatlikni yaxshilash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
· Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashish;
· Xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ushbu muammolar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlarga murojaat qilish, yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatishni ijtimoiy xodim bilan birgalikda tashkil etish.
“Mahalla yettiligi”ning faoliyati asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha baholanadi.
Farmon bilan:
· O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlari;
· Hukumatda “yettilik”ni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etiladi.
2024-yil yanvar oyidan boshlab barcha tuman va shaharlarda “Mahalla budjeti” tizimi amaliyotga joriy etiladi.
Manba: PF–209-son, 25.12.2023-y.