Янгиликлар
Oʻzbekiston respublikasining “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston respublikasining fuqarolik protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻris
Keyingi yillarda “Yangi Oʻzbekiston — yangi sud” prinsipi doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga, insonning qadr-qimmati ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirildi.
Xususan, mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash boʻyicha izchil ishlar olib borildi. Olib borilgan ishlar natijasida odil sudlovni amalga oshirish jarayonida shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.
Shu bilan birga bugungi kunda sud qarorlarini qayta koʻrish institutining tahlili mazkur institutni takomillashtirish orqali amaldagi tartibni qayta koʻrib chiqish zarurligini koʻrsatmoqda.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga sud ishlarini koʻrishning oʻta markazlashtirilishiga barham berilishini, ishlarni viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida koʻrish bosqichlari joriy etilishini, ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida taftish tartibida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida qayta koʻrilishini, yuqori turuvchi sudlar tomonidan quyi sudlarning bekor qilingan qarorlarini yangidan koʻrish uchun qaytadan ushbu sudlarga yuborish tartibi chiqarib tashlanishini, har bir sud instansiyasining zimmasiga ish boʻyicha yakuniy qaror chiqarish majburiyati yuklatilishini, sud qarorlarini qayta koʻrish bosqichlariga taftish instansiyasi joriy etilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritildi:
sud qarorlarini qayta koʻrib chiqishda taftish instansiyasini joriy etish;
yuqori turuvchi sudlar tomonidan bekor qilingan qarorlarni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibini bekor qilish;
har bir sud instansiyasining zimmasiga ish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish vazifasini yuklatish.
Bundan tashqari, sud buyrugʻini bekor qilishni rad etish toʻgʻrisidagi sud ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.
Shuningdek, arizani ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi sudning ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin. Ajrim bekor qilingan taqdirda, ariza sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan deb hisoblanadi.
Birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori hamda apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin.
Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati;
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati taftish tartibidagi shikoyatlarni (protestlarni) koʻrib chiqadi.
Taftish instansiyasi sudi sud hujjatini toʻliq hajmda tekshirib chiqishi shart.
Taftish instansiyasi sudi shikoyatni (protestni) taftish tartibida koʻrish natijalari boʻyicha:
hal qiluv qarorini, ajrimni yoki qarorni oʻzgarishsiz qoldirishga;
hal qiluv qarorini, ajrimni yoki qarorni toʻliq yoxud qisman bekor qilishga va yangi hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror qabul qilishga;
hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni toʻliq yoki qisman oʻzgartirishga;
hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni bekor qilishga va ishni yangidan koʻrish uchun apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga yuborishga;
hal qiluv qarorini, ajrimni yoki qarorni toʻliq yoki qisman bekor qilishga va ushbu Kodeksda koʻrsatilgan asoslarga koʻra arizani koʻrmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni toʻliq yoki qisman tugatishga;
ayrim sud hujjatlarini bekor qilishga va ish boʻyicha ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini oʻz kuchida qoldirishga haqli.
Ushbu Qonun fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan sud orqali himoya qilinish va sudga shikoyat qilish huquqlarining kafolatlarini yanada oshirishga, fuqarolarning buzilgan huquqlari va erkinliklarini, shuningdek qonuniy manfaatlarini yanada kengroq himoya qilishga, odil sudlovdan foydalanish darajasini yanada oshirishga, sudyalarning ish hajmini hamda yuklamasini mutanosib tarzda belgilashga, sudlarning masʼuliyatini yanada oshirishga, ishlarning sifatli va oʻz vaqtida koʻrilishiga, sud qarorlarini qayta koʻrishda oʻrta boʻgʻin — viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, shuningdek fuqarolarning sudlardagi ortiqcha xarajatlari tejalishiga xizmat qiladi.
Namangan viloyat sudi fuqarolik ishlari
boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi
Gʻ.Darvishaliyev