Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

28

Hafta davomida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarining qisqacha mazmun-mohiyati


1.                 Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-882, 30.11.2023-y.) bilan Oʻzbekiston va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi Shartnoma (Toshkent, 2022-yil 22-dekabr) ratifikatsiya qilindi.

 

2.                 Vazirlar Mahkamasining 29.11.2023-yildagi 632-son qarori bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sovitkichli sigʻimlar uyushmasiga aʼzo subyektlarga kooperatsiya tashkil etgan holda, sovitkichli sigʻimlarni qurish va jihozlash xarajatlarining, shuningdek qish va bahor oylarida elektr energiyasi isteʼmoli xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Tartib asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga moʻljallangan sovitkichli sigʻimlarga ega hamda kooperatsiya asosida ish tashkil etgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sovitkichli sigʻimlar uyushmasiga aʼzo subyektlarga tatbiq etiladi. Bunda sovitkichli sigʻimlarni foydalanishga kiritish va ularni toʻliq jihozlash subsidiya olish sharti hisoblanadi.

Sovitkichli sigʻimlarni qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish boʻyicha “Agro-subsidiya” axborot tizimi orqali ariza beriladi.

Ishchi guruh ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni, shuningdek, obyekt ishga tushirilganligi va/yoki jihozlanganligini oʻn kun muddat ichida joyiga chiqqan holda oʻrganadi.

Subsidiyalar ishchi guruhning subsidiya ajratish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasiga binoan Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi va sovitkichli sigʻimni ishga tushirgan subyekt oʻrtasida imzolangan shartnomaga asosan ajratiladi.

Agentlik tomonidan tuman (shahar) elektr tarmoqlari tashkiloti tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma va hisob-fakturalarda koʻrsatilgan elektr energiyasi isteʼmoli xarajatlarining 50 foizi, lekin har bir hisobot oyi uchun 15 ming kVt soat elektr energiyasi qiymatidan oshmagan miqdori qoplab beriladi.

3.                 Vazirlar Mahkamasining 30.11.2023-yildagi 635-con qarori bilan Ayrim turdagi malaka sertifikatini berish uchun davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

Reglament quyidagi tartibni belgilaydi:

·                    jismoniy shaxslarga ayrim turdagi malaka sertifikatini berish boʻyicha arizalarni qabul qilish va koʻrib chiqish tartibi;

·                    malaka sertifikatini berish boʻyicha malaka imtihonini oʻtkazish va malaka sertifikatini rasmiylashtirish tartibi;

·                    malaka sertifikatini berish boʻyicha murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi;

·                    malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish va bekor qilish tartibi;

·                    davlat xizmatini koʻrsatishda undiriladigan toʻlovlar taqsimoti tartibi.

Koʻrsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun manfaatdor shaxslar yoki ularning ishonchli vakillari davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishlari mumkin.

Vakolatli organ malaka sertifikatini rasmiylashtiradi hamda berilgan malaka sertifikatlarining reestriga tegishli yozuv kiritadi.

4.                 Vazirlar Mahkamasining 30.11.2023-yildagi “Vazirlar Mahkamasining «Soliq toʻlovchilarni hisobga qoʻyish sohasidagi ayrim davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy reglamentlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 2-apreldagi 150-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi 636-son qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Jismoniy shaxslarning jami yillik, ixtiyoriy va dastlabki tarzdagi hamda chet el jismoniy shaxsining mol-mulkini realizatsiya qilishdan olingan daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

Deklaratsiyani:

·                    Davlat xizmatlari markazi;

·                    Elektron soliq xizmatlari portali;

·                    YAIDXP orqali berish mumkin.

Deklaratsiya taqdim etilgandan soʻng 5 ish kuni ichida soliq organi deklaratsiyaning haqqoniyligini tekshiradi va uni qabul qiladi yoki maʼlumotlarni toʻgʻirlab deklaratsiyani qayta topshirish haqida xabarnoma yuboradi.

Jismoniy shaxslarning professional va oliy taʼlim, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va (yoki) maktablar hamda olingan ipoteka kreditlariga yoʻnaltirilgan daromadlari boʻyicha ortiqcha toʻlangan daromad soligʻini qaytarishga ariza yuborish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

Ariza qabul qilingandan soʻng 10 ish kuni ichida soliq organi murojaatchiga javob xati yuboradi.

Davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.

5.                 “Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–381-son, 30.11.2023-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2024-yil 1-iyuldan toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi va faoliyat koʻrsatishi mumkin boʻladi.

Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdori:

·                   2024-yil 1-iyuldan – toʻlov tizimi operatorlari uchun 50 mlrd soʻmni, toʻlov tashkilotlari uchun 10 mlrd soʻmni;

·                   2025-yil 1-iyuldan – toʻlov tashkilotlari uchun 20 mlrd soʻmni tashkil etadi.

“Milliy banklararo protsessing markazi” MCHJ ustav kapitalidagi davlat ulushi toʻliq Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkaziladi.

Elektron tijoratni tartibga solish va rivojlantirish hamda lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini tartibga solish funksiyalari Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga oʻtkaziladi.

Oʻgʻrilik, firibgarlikka chek qoʻyish uchun Markaziy bankka tijorat banklari, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlariga bank kartalari bilan bogʻliq shubhali operatsiyalar sodir etilganda, bank kartalari, bank hisobvaraqlari va mobil ilovalardagi hisobvaraqlardan foydalanishni 3 kungacha vaqtincha cheklash toʻgʻrisida majburiy koʻrsatmalar berish vakolati berildi.

6.                 Vazirlar Mahkamasining 05.12.2023-yildagi “Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-sentyabrdagi 595-son qarori bilan tasdiqlangan Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarini soliq organlarida qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha maxsus roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish kiritish haqida”gi 644-son qarori qabul qilindi.

Soliq organi QQS guvohnomasini faqatgina amalga oshirilayotgan bitimlar (operatsiyalar) xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga mos kelmagandagina toʻxtatib turishi mumkin.

QQS guvohnomasi — QQS toʻlovchisiga soliq organi tomonidan beriladigan maxsus roʻyxatdan oʻtkazilganligi va soliq qonunchiligi hujjatlarida belgilangan hollarda QQS hisobga olish huquqini tasdiqlovchi elektron shakldagi hujjat hisoblanadi.

Bunda guvohnoma 30 kun muddatda toʻxtatib turiladi. Ushbu muddatda kameral hamda sayyor soliq tekshiruvlari natijasiga koʻra ushbu holatlar oʻz tasdigʻini topmaganda, guvohnomaning amal qilishi qayta tiklanadi.

Ilgari soliq organlari guvohnomaning amal qilishini quyidagi holatlarda toʻxtatib turish vakolatiga ega boʻlgan:

·                    soliq qarzi mavjud boʻlganda;

·                    soliq xavfining yuqori darajasiga ega soliq toʻlovchilar guruhiga mansub boʻlganda;

·                    hamda 3 oydan ortiq vaqt davomida moliya-xoʻjalik faoliyati amalga oshirilmaganda. 

7.                 Hukumat qarori (648-son, 07.12.2023-y.) bilan Texnikumlarda kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, texnikumlarda kredit-modul tizimida oʻquv jarayoni kredit toʻplash va koʻchirishning Yevropa modeliga (European Credit Transfer and Accumulation System – ECTS) muvofiq tashkil qilinadi.

Kredit-modul tizimi joriy etiladigan taʼlim dasturlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.

Oʻquv yili davomiyligi taʼlim dasturi asosida belgilanadi. Akademik davr davomida oʻquvchi tomonidan toʻplanishi lozim boʻlgan kreditlar miqdori oʻquv rejasida koʻrsatilgan majburiy va tanlov fanlarni oʻz ichiga oladi.

Oʻquvchi bir oʻquv yilida kamida 60 kredit toʻplashi zarur. Texnikumlarda oʻquv yuklamasining hajmi oʻquv rejasi asosida belgilanadi.

Kredit-modul tizimida 1 kredit oʻrtacha 25-30 akademik soat hisobidagi oʻquv yuklamasiga teng qilib olinadi.

Bunda oʻquvchi muayyan fandan tegishli kreditlarni toʻplashi uchun belgilab olingan miqdordagi oʻquv yuklamasini oʻzlashtirishi zarur.

Oʻquv yuklamasi auditoriya soati va mustaqil taʼlim soatiga boʻlinadi. Taʼlim dasturi oʻquv yili uchun oʻquvchi tomonidan, qoida tariqasida, bir semestrda 30 kredit, bir oʻquv yilida 60 kredit toʻplashi inobatga olinib ishlab chiqiladi.

Akademik qarzdor oʻquvchilarning tashabbusi bilan mavjud akademik qarzlarni topshirish texnikumda taʼtil vaqtida pulli asosda tashkil etiladi.

8.                 Vazirlar Mahkamasining 07.12.2023-yildagi “Oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilmaganligi uchun huquqiy taʼsir choralari kuchaytirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining «Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisida” 2014-yil 20-oktyabrdagi 290-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida»gi 649-son qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan oʻsimliklarga yetkazilgan zarar miqdorini hisoblash uchun koeffitsiyent 5 baravarga oshirilib, quyidagi miqdorlarda belgilanmoqda (bitta oʻsimlik uchun):

·                    yoʻqolib ketayotgan oʻsimlik uchun – BHMning 10 baravari;

·                    kamyob oʻsimlik uchun – BHMning 4 baravari;

·                    kamayayotgan oʻsimlik uchun – BHMning 2,5 baravari.

Shuningdek hayvonlarga yetkazilgan zarar uchun undiruvlar 10 baravarga oshirilmoqda. Misol uchun, endilikda bitta qoplonni yoʻq qilganlik uchun Oʻzbekiston fuqarolaridan BHMning 3000 baravari miqdorda, chet el fuqarolari va yuridik shaxslardan $400 000 miqdordagi summa undiriladi.