Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

17

Onlayn ariza berishdan kompozit xizmatgacha: FHDY tizimida nimalar o‘zgardi?


Xabaringiz bor, avvallari fuqarolar idorama idora sarson bo‘lishining oldini olish, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimidagi davlat xizmatlarini qulaylashtirishga qaratilgan bir qator o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Kompozit davlat xizmatlari

Ilgari yurtdoshlarimiz farzandli bo‘lgach, FHDY bo‘limlari eshiklarida sarg‘ayar, uzundan uzoq navbatlar kamlik qilganiday chaqaloqqa guvohnoma olish uchun xodimlarning qosh-qovog‘iga qarab muomala qilishga majbur bo‘lishardi. Qolaversa, ko‘rsatiladigan xizmatlar preyskuranti ommadan sir tutilgani bois bir xil xizmat uchun turli joyda har xil to‘lov undirilardi. Ilgari birov bilib, birov bilmay qoladigan bunday ishlar ijtimoiy tarmoqlar ommalashgani ortidan fosh bo‘la boshladi. 2020 yildan tug‘ilish bilan bog‘liq barcha davlat xizmatlari umumlashtirildi, ya’ni kompozit xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Bunda birgina ariza yuborish orqali 6 ta xizmatdan foydalanish mumkin bo‘ladi:

tug‘uruqxonadan bola tug‘ilganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish;

FHDYo bo‘limida bola tug‘ilganligini qayd qilish;

bolani otasi yoki onasining doimiy yashash manziliga ro‘yxatga qo‘yish;

farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini olish;

poliklinikaga ro‘yxatga qo‘yish;

bolani maktabgacha ta’lim muassasasiga navbatga qo‘yish.

2023-yilning 1-yanvaridan boshlab esa tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish uchun FHDYga borish talab etilmaydigan bo‘ldi, tug‘uruqxonaning o‘zida tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga tenglashtiriladigan QR-kodli ma’lumotnomani olish mumkin. Hozircha Toshkentda joriy etilgan bu tartib 1 iyundan boshlab butun respublika hududida tatbiq qilina boshlandi.

Eksterritorial tamoyil

Ilgari fuqarolar nikohdan o‘tish, pasport yoki haydovchilik guvohnomasi olish yoki qator hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ishxonasining yonginasidagi yoki o‘ziga qulay lokatsiyadagi joyga emas, balki doimiy ro‘yxatda turgan manzildagi idoralarga borishga majbur bo‘lishar, bu esa ularning ham vaqti, ham naqdi ortiqcha sarf bo‘lishiga olib kelardi.

2019 yil davlat xizmatlarini olishning eksterritorial tamoyili bu – fuqarolar doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan va yuridik shaxslar pochta manzilidan (joylashgan yeridan) qat’i nazar, istalgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

Keyinchalik eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish, DXMlarda abiturientlardan hujjat qabul qilish, fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari (FHDY) haqidagi (tug‘ilish, nikoh, nikohdan ajralish, o‘lim, yolg‘iz ona, otalikni belgilash, ma’lumotlar mavjud yoki mavjud emasligi haqida va boshqa) ma’lumotnomalarni berish yo‘lga qo‘yildi.

Prezident farmoni asosida 2021 yil 1 martdan boshlab 7 ta turdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida ko‘rikdan o‘tish va transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish eksterritorial tamoyil bo‘yicha amalga oshirilishi joriy etildi.

Onlayn xizmatlar

Ilgari FHDYo tizimidagi xizmatlardan faqatgina oflayn, ya’ni idoraga shaxsan borib foydalanish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda juda ko‘plab xizmatlar raqamlashtirilgan.

Jumladan, Yagona portal orqali nikohga kirish haqida ariza berish tartibi joriy etildi. To‘g‘ri, bu nikohni onlayn rasmiylashtirishni anglatmaydi, Oila kodeksiga ko‘ra bu mumkin emas. Ammo masofadan ariza berish imkoni yaratilgani fuqarolar uchun qulaylik bo‘layotganini e’tirof etish kerak.

Bir so‘z bilan aytganda, FHDY sohasidagi o‘zgarishlar zamon bilan hamnafas bo‘lib, fuqarolarni ortiqcha yugur-yugurlardan holi etib, ularning murojaatlarni tez va sifatli ko‘rib chiqishda bosh omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Kabira Talapova,
Chust tumani FHDY bo‘limi mudirasi