Янгиликлар
Iqtisodiy protsessda daʼvoni taʼminlash choralari
Daʼvoni taʼminlash choralari sudda ishni koʻrishda taraflarning iltimosi yoki sud tomonidan sud jarayonining istalgan bosqichida sud qarorini ijrosini qiyinlashtirishi va ijroni amalga oshirishga imkoniyat bermaslik holatlarini oldini olish uchun qoʻllaniladi.
Iqtisodiy sudda daʼvogar tomonidan daʼvo qoʻzgʻatilgandan keyin yoki qoʻzgʻatish vaqtida talab qilinayotgan daʼvo predmetining yoʻqolib ketishi yoki yoʻq qilib yuborilishi xavfi boʻlishi mumkin. Bunday holatlarda ishda ishtirok etuvchi shaxslar suddan daʼvoni taʼminlashni iltimos qilib ariza berish huquqiga ega.
Daʼvoni taʼminlash uchun boʻlgan asoslar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 93-moddasida belgilangan. Bu qonunda koʻrsatilishicha, iqtisodiy sud ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasiga koʻra daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrishga haqli. Daʼvoni taʼminlashga, agar shunday choralarni koʻrmaslik sud hujjatining ijrosining qiyinlashtirishi yoki bajarib boʻlmaydigan qilib qoʻyishi mumkin boʻlsa, iqtisodiy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida yoʻl qoʻyilishi belgilangan.
Daʼvoni taʼminlashga qaratilgan choralar va arizachining mulkiy huquqlarini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni bir qilib “daʼvoni taʼminlash choralari” -deb yuritamiz. Shu bilan birga “daʼvoni taʼminlash choralari - agar daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrmaslik sud chiqargan hal qiluv qarorini bajarishni qiyinlashtirishi yoki uni bajarib boʻlmaydigan qilib qoʻyishi mumkin boʻlsa, ishni sudda koʻrishga tayyorlash jarayonida ham, ish koʻrilayotganda ham qoʻllanilaveradi” degan izohlar ham mavjud. Binobarin, agar javobgarning mulkini undirish vaqtida, yashirish, yoʻq qilish, begonalashtirish yoki isteʼmol qilish natijasida yoʻqolishi mumkinligi haqida yetarli darajada asoslangan taxmin mavjud boʻlsa, daʼvoni taʼminlash boʻyicha choralar qoʻllash zarur boʻlishi mumkin.
Shuning uchun, daʼvoni taʼminlash choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnoma yoxud ariza bilan sudga murojaat qilinganda taraflar yoki sud tomonidan nizoni hal etish jarayonida daʼvoni taʼminlash chorasini qoʻllash qanchalik maqsadga muvofiqligi, daʼvoni taʼminlash chorasi qoʻllanilsa qanday oqibat kelib chikadi-yu, agarda qoʻllanilmasa qanday oqibat yuzaga kelishi mumkinligi haqida oldindan chuqur oʻylash talab etiladi.
Demak, daʼvoni taʼminlash yuzasidan choralar qabul qilish uchun konkret majburiy asoslarni nazarda tutmaydi, xususan, taqdim etilgan dalillar bilan asoslanganligini daʼvoni taʼminlash sharti sifatida keltirmaydi. Iqtisodiy sud daʼvoni taʼminlash masalasini koʻrib chiqayotganda, daʼvo talablarini asoslovchi maʼlumotlarning mavjudligini inobatga olishi hamda daʼvoni taʼminlash choralari ishning konkret holatlari eʼtiborga olingan holda, va faqat, haqiqatdan ham bunga zaruriyat borligi vaqtida qabul qilinishi lozimligidan kelib chiqishi shart. Amaliyotda qaysi daʼvo talabi boʻyicha qanday aniq chora qoʻllanishi mumkinligi yuzasidan konkret koʻrsatmalar mavjud emas. Shu sababli, mazkur holatda qanday chora qoʻllanishi lozimligi haqidagi masalani hal etayotganda sudya ishning holatlariga, shuningdek ichki ishonchiga asoslanib, qonunga va huquqiy ongiga amal qilishi shart. Daʼvoni taʼminlash choralari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 94-moddasi keltirib oʻtilgan.
Yuqoridagi berilgan taʼrif va tushuntirishlardan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, sud tomonidan taraflarning huquq va manfaatlari himoya qilinar ekan, kelgusida sud qarorini ijrosini taʼminlash maqsadida nafaqat daʼvogar yoki javobgar tomonidan daʼvoni taʼminlash choralari koʻrilishi soʻraladi. Bunday holatda sud ham tashabbuskor boʻlishi va daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrishi mumkin.
Musaboyev Jahongir Sobirovich
Namangan tuman tumanalararo iqtisodiy sudining sudyasi