Янгиликлар
Adliya aralashuvi bilan bir murojaatchining Pensiyasi, birining esa ustamasi undirib berildi
Mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimi tubdan takomillashtirilib, fuqarolarning bu boradagi huquq va manfaatlari toʻla taʼminlanmoqda. Namangan viloyati adliya boshqarmasi va tuman (shahar) adliya boʻlimlariga kelib tushayotgan murojaatlarni oʻrnida koʻrib chiqilishi esa aholining davlat organlariga boʻlgan ishonchini yanada oshirmoqda. Hozirgi lavhamiz shu haqda
Namangan viloyat adliya boshqarmasi hamda tuman, shahar adliya boʻlimlari aholi va tadbirkorlik subʼektlarini buzilgan huquqlarini tiklash, ularga huquqiy koʻmak berish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Boshqarma tomonidan Mingbuloq tumani, Mulkobod mahallasida yashovchi fuqaroning Mingbuloq tumani bandlikka koʻmaklashish markazi tomonidan muddatidan avval yoshga doir pensiyaga chiqish uchun asos boʻlgan taqdimnoma berilmayotganligidan noroziligi toʻgʻrisidagi murojaati oʻrganib chiqildi.
Taqdim etilgan hujjatlardan aniqlanishicha, “Oʻzgarish” maishiy-xizmat kasb-hunar kolleji tomonidan fuqaro Aʼzamjon Mamayusupov nomiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-yanvardagi “Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasb-hunar talimi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va Mehnat kodeksiga asosan ogohlantirish xati berilib, “Oʻzgarish” maishiy-xizmat kasb-hunar kollejining buyrugʻi bilan kollejning ishlab chiqarish talimi boʻyicha direktor oʻrinbosari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi shtat qisqarishi munosabati bilan Mehnat kodeksining tegishli moddasiga asosan bekor qilingan. Mazkur murojaat boshqarma tomonidan batafsil oʻrganilib, ijobiy hal etildi.
Uchqoʻrgʻon tumani, “Chek” mahallasida yashovchi fuqaro Islomjon Yusufjonov oʻziga Prezident Farmoniga asosan toʻlanishi lozim boʻlgan ustamalar toʻlanmaganligidan norozi boʻlib qilgan murojaati tuman adliya boʻlimi tomonidan oʻrganib chiqildi. Oʻrganish natijasiga koʻra, tuman Xalq taʼlimi boʻlimi taʼlimni raqamlashtirish shoʻbasi xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Farmonida nazarda tutilgan ustamalar, 2023-yil uchun xarajatlar smetasiga kiritilmaganligi natijasida 2023-yil 1-yanvardan boshlab toʻlab berilmay kelganligi aniqlandi.

Ushbu holatni bartaraf qilish yuzasidan tuman xalq taʼlimi boʻlimi boshligʻi nomiga taqdimnoma kiritilib, toʻlanmagan oylar uchun ustamalar toʻliq undirib berildi. Shuningdek, murojaatchi uchun kelgusi oylardan ushbu ustamalar oylik maoshiga qoʻshib toʻlanadigan boʻldi.
Yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga hamohang tarzda viloyat adliya boshqarmasi shahar, tuman adliya boʻlimi xodimlari fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilib kelmoqda.
Namangan viloyati adliya boshqarmasi