Янгиликлар
21
O‘g‘il-qizlarimiz taqdiriga har birimiz mas’ulmiz!
Oilada farzand dunyoga kelganda, u bilan birga ota-ona qalbida beg‘ubor orzu-umidlar ham tug‘iladi. Tug‘ilgan farzand o‘g‘il bo‘lsa, otalar ko‘ngli g‘ururga to‘ladi, qiz tug‘ilsa, onalarning yuragi shirin tuyg‘ularga limmo-lim bo‘ladi.
Xalqimizda azaldan qiz bola tarbiyasiga jiddiy e’tibor bilan qaralgan. Qiz bolaning nomusi, odobi va hayosi millat sha’niga qiyoslanib, qizlarimizga bevosita kelajakka dahldor inson sifatida munosabatda bo‘linishi ham bejiz emas. Hukumatimiz tomonidan yoshlar, xususan, qizlar tarbiyasi, ularning salomatligi, ta’lim olishi, hunar o‘rganishiga e’tibor, turli yot g‘oyalar, illatlar domiga tushib qolishlari va erta turmush qurishlarining oldini olish kabi masalalarga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilayotgani zamirida ham aynan shunday maqsad va mohiyat mujassam.
Jumladan, mamlakatimizda yoshlar ta’lim olish bilan bir vaqtda kasb-hunar egasi bo‘lishlari bu nafaqat yoshlarning keyingi hayoti uchun qo‘yilgan muhim qadam hisoblanadi, balki yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, erta turmush qurishlarining oldini olish uchun tayyorlangan mustahkam zamindir. Ammo tan olib aytish kerakki, qizlarimiz o‘rtasida hamon erta turmush qurish, mashg‘ulotlarga muntazam qatnashmaslik holatlari uchramoqda.
Buning sabablari o‘rganilganda, ayrim ota-onalarning qizni uzatib, tezroq zimmalaridagi majburiyatdan qutulishni istayotganlaridir. Bunday majburiyat qizni faqat to‘y-tomosha bilan o‘zga xonadonga uzatish degani emas, aksincha, uni kelgusida o‘z hayotini mustaqil ravishda olib borishi uchun o‘qimishli, hunarli bo‘lishiga sharoit yaratib berish hamdir.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, yoshlar tarbiyasi, taqdiri mamlakatimiz kelajagiga bog‘liq masaladir. Zero, har tomonlama sog‘lom, kasb-hunarli yigit-qizlargina jamiyatning faol a’zosi, hayotda o‘z o‘rni va baxtini topgan fuqaro bo‘la oladi. Amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarimiz shunday ezgu niyatga yo‘naltirilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Zulayxo Ataxanova
Yangi Namangan tuman FHDY bo‘limi mudiri