Янгиликлар
54 nafar fuqaroning 200 millionga yaqin ish haqqi undirib berildi.

Mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimi tubdan takomillashtirilib, fuqarolarning bu boradagi huquq va manfaatlari taʼminlab kelinmoqda. Chust tuman adliya boʻlimiga kelib tushayotgan murojaatlarni oʻrnida koʻrib chiqilishi esa aholining davlat organlariga boʻlgan ishonchini yanada oshirmoqda. Chust tuman adliya boʻlimi tomonidan fuqaro Haydarjon Xakimov 53 nafar tuman Obodonlashtirish boshqarmasi qarashli qabriston nazoratchilarining 4-razryad bilan ishlagan ish haqlari toʻlab berilmayotganidan norozi boʻlib qilgan murojaati oʻrganib chiqildi.
Oʻrganish davomida, Chust tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan qabriston nazoratchi lavozim maoshi uchun 4-razryadda ish haqi toʻlanishi belgilangan boʻlsada, 3-razryadda ish haqi toʻlanayotganligi hamda 4-razryad ish haqi toʻlab berilmayotganligi natijasida 2020-2022-yillar davomida Haydarjon Xakimov va xodimlarning ish haqidan haqdorligi 197 736 689 soʻmni tashkil qilishi aniqlandi.
Chust tuman adliya boʻlimi tomonidan 2023-yil 23-yanvarda qabriston nazoratchilariga toʻlanib kelayotgan 3-razryadda ish haqini qayta hisoblab, 4-razryad asosida yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 1-apreldagi 91-son qarori bilan tasdiqlangan 1-ilovasiga muvofiqlashtirib, ularga belgilangan tarif koeffitsiyenti asosida lavozim razryadlariga muvofiq holda ish haqi toʻlash choralarini koʻrish maqsadida taqdimnoma kiritilgan.

Chust tumani Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan adliya boʻlimi taqdimnomasiga berilgan javobida ish haqlarini toʻlay olmasligini maʼlum qilganligi sababli ushbu holat nizoli talab boʻlib, sud muhokamasi oʻtkazilib qabriston nazoratchilari manfaatlariga jami 197 736 689 soʻm ish haqlari undirish yuzasidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Chust tumanlararo sudiga davo arizasi kiritildi.
Adliya boʻlimlari tomonidan fuqarolarning har bir murojaati qonuniylik asosida hal etilayotgani koʻplab insonlarni bugunida rozi ertangi kunga boʻlgan ishonchini yarada ortishida muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Namangan viloyati adliya boshqarmasi