Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlar huquqlarining samarali himoyasi taʼminlanmoqda


Endi, taraflarning kelishuv bitimi tuzish huquqi belgilandi hamda Davlat ijrochisi faoliyati yuzasidan shikoyatlar faqat ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlar huquqlarining samarali himoyasini taʼminlash maqsadida Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ–833-son, 26.04.2023-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi mansabdor shaxslarning eʼtiborini surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi jarayonida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga qaratish zarur boʻlganda xususiy ajrim chiqaradi.

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartishga koʻra:

·                  Barcha sud hujjatlari asosida beriladigan ijro varaqalari 3 yil ichida ijroga topshirilishi mumkin. Ilgari iqtisodiy sudlarniki 6 oy ichida edi;

·                  Davlat ijrochisining har qanday qarorlari yoki harakatlari ustidan shikoyat faqat maʼmuriy sudga yoxud boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga beriladi.

Ilgari esa Iqtisodiy sud bilan bogʻliq ijro yuzasidan iqtisodiy sudlarga shikoyat berilgan.

Shuningdek, Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga muvofiq, endilikda oʻzaro bogʻliq boʻlgan, baʼzilari fuqarolik sudiga, baʼzilari esa maʼmuriy sudga taalluqli bir nechta talabni birlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ilgari esa mazkur ishlar birlashtirilib barcha talablar fuqarolik sudida koʻrilgan.

Talab fuqarolik ishlari boʻyicha sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda taqdim etilgan taqdirda, daʼvo arizasi (ariza) taalluqliligiga koʻra iqtisodiy sudga yoki maʼmuriy sudga koʻrib chiqish uchun oʻtkaziladi.

Iqtisodiy yoki maʼmuriy suddan ariza yoki ish materiallari sudga taalluqliligiga koʻra kelib tushganda sudya ariza tegishli talablarga muvofiq emasligini aniqlagach, ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran 10 kundan kechiktirmay daʼvogarni (arizachini) kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi toʻgʻrisida xabardor qiladi va unga buning uchun 10 kundan oshmaydigan muddat beradi.

Bundan tashqari, mazkur Kodeksga kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrmasdan qoldirish hamda kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish bilan bogʻliq asoslar kiritildi.

Qonun bilan Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksga ham qoʻshimchalar kiritildi.

Jumladan, taraflarning kelishuv bitimi tuzish huquqi belgilandi. Unga koʻra:

  taraflar maʼmuriy sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida va sud hujjatini ijro etish jarayonida nizoni kelishuv bitimini tuzgan holda toʻliq hajmda yoki qisman hal etishi mumkin;

   taraflarning kelishuvi faqat ularning nizoli ommaviy huquqiy munosabatlar subyekti sifatidagi huquq va majburiyatlariga taalluqli boʻlishi hamda taraflarning oʻzaro yon berishiga yoʻl qoʻyilgan taqdirda amalga oshirilishi mumkin;

   kelishuv bitimi yozma shaklda tuziladi va uni tuzgan shaxslar tomonidan imzolanadi;

   kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin tuzilgan deb hisoblanadi.

Shuningdek, kiritilgan oʻzgartirishga muvofiq, maʼmuriy sud ishlarini yuritish sudning faol ishtiroki asosida amalga oshiriladi.

Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, arizalari, iltimosnomalari, ular tomonidan taqdim etilgan dalillar va ishning boshqa materiallari bilan cheklanmasdan maʼmuriy ishning toʻgʻri hal qilinishi uchun ahamiyatga ega boʻlgan barcha haqiqiy holatlarni har tomonlama, toʻliq va xolisona tekshiradi.

Sud oʻz tashabbusi yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasi boʻyicha qoʻshimcha dalillar toʻplaydi, shuningdek maʼmuriy sud ishlarini yuritish vazifalarini hal qilishga qaratilgan boshqa harakatlarni bajaradi.

Shuningdek, sudga arizachi ariza (shikoyat) bilan bir qatorda arizada koʻrsatilgan talablarga sababiy bogʻlanishda boʻlgan zararlarning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talabni ham taqdim etishga haqli.

“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, zararlarning oʻrnini qoplash haqidagi arizalar (shikoyatlar) boʻyicha talab summasining 2 foizi miqdorida, biroq BHMning 1 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda davlat boji undiriladi. 


Namangan viloyati adliya boshqarmasi
Huquqiy axborot bo‘yicha bosh maslahatchisi
Axrorbek Fayzullayev