Янгиликлар
Yangi Mehnat Kodeksi kuchga kirdi.
Xabaringiz bor O‘zbekiston Respublikasining yangi Mehnat kodeksi 2023-yil
30-aprel kunidan kuchga kirdi va mehnat munosabatlaridagi mavjud bo‘shliq, kamchiliklar va aniqlashtirilmagan holatlarni, shuningdek mehnat munosabatlarida yangi institutlarni tartibga solishga qaratilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Endilikda yangi tahrirdagi mehnat kodeksining 13, 14, 15 va 17-moddalari mazmuniga ko‘ra xodimlar ahvolini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka nisbatan yomonlashtiradigan nafaqat shartlar, balki qoidalar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi va bu kelgusida mehnat nizolarini ko‘rish jarayonida sudlar tomonidan mehnat nizolarini mehnat kodeksi talablariga muvofiq ko‘rish hamda qaror qabul qilish imkonini beradi.
Mehnat nizolarini hal qilishda vakillik organlarining ishtiroki sohasida amalda ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishda albatta xodimlar vakillik organini roziligini olishni nazarda tutadi.
Muddatlar bilan bog‘liq muhim bir yangilik quyidagidan iborat. Xodimning tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishda muddatlar xodimlar toifasi va tashkilotning mulkchilik shaklini inobatga olgan holda qo‘llanishi, masalan, rahbar xodimlar o‘z arizalarini ikki oy oldin, uning o‘rinbosarlari bir oy oldin, davlat elementi bilan bog‘liq bo‘lmagan korxona xodimlari ish beruvchini yetti kunlik muddatda ogohlantirishi.
Shuningdek, eski mehnat kodeksining 113-moddasida xodimni ishdan chetlashtirish asoslari va tartibi belgilangan bo‘lib, mazkur moddada ish beruvchi xodimni qancha muddatga ishdan chetlashtirilishi aniqlashtirilmagan edi.
Endilikda, yangi tahrirdagi mehnat kodeksning 151-moddasi mazmuniga ko‘ra, ishdan chetlashtirish asoslari aniqlashtirilishi bilan birga, ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirish uchun asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilguniga qadar butun davrga uni ishdan chetlashtirishi belgilandi.
Bundan tashqari, mehnat ta’tilining davomiyligi, 21 kalendar kun etib belgilanmoqda. Yangi Mehnat kodeksining 220-moddasiga asosan xodim bitta tashkilotda 5 yil ishlagan bo‘lsa 2 kalendar kun biroq, jami 8 kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan qo‘shimcha ta’til berilmoqda.
Qolaversa, yangi mehnat kodeksiga ko‘ra dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chirilishi belgilandi.
Dam olish kunlaridan va ishlanmaydigan bayram kunlaridan xodimlarning oqilona foydalanishi maqsadida dam olish kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan boshqa kunlarga ko‘chirilishi mumkin.
Mazkur yangiliklar bir vaqtning o‘zida ish beruvchiga, mehnat shartlarini ishlab chiqarish omillari va zaman talablariga moslashtirish imkonini berishi bilan birga, xodimlarga ham mehnat munosabatlarida avvalo o‘zining funksional vazifalariga vijdonan yondashish hamda qonunchilikda belgilangan tartibda o‘zining huquq va manfaatlarini himoyalash imkonini beradi.
Shoxruh MAHMUDOV,
Yangi Namangan tumani Yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi boshlig‘i