Янгиликлар
Hafta davomida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarining qisqacha mazmun-mohiyati
1. Prezident tomonidan imzolangan qonunlar (OʻRQ–834-son, OʻRQ–835-son, 28.04.2023-y.) bilan quyidagi bitimlar ratifikatsiya qilindi:
1. Oʻzbekiston hamda Ozarbayjon Respublikasi Hukumatlari oʻrtasida harbiy sohada hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim (Toshkent, 2022-yil 21-iyun);
2. Oʻzbekiston hamda Ozarbayjon Respublikasi Hukumatlari oʻrtasida harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim (Toshkent, 2022-yil 21-iyun).
2. Hukumat qarori (167-son, 28.04.2023-y.) bilan “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlari hisobidan Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida sotib olinadigan hamda olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlarni qoʻllash va soliqqa tortish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom qabul qilindi.
Nizom bilan quyidagilar belgilandi:
- xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida sotib olinadigan va olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) QQS boʻyicha imtiyozlarni qoʻllash;
- loyihalar doirasida qarz Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan boʻlsa, tovarlarni olib kirish va tovarlarni (xizmatlarni) sotib olishda QQSni toʻlash;
- Davlat byudjetidan QQSni toʻlash uchun mablagʻ ajratilgunga qadar loyihani amalga ashirish guruhi yoki ijro agentligiga 120 kun muddatga QQSni kechiktirib toʻlash huquqi berish;
- xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida sotib olinadigan va olib kiriladigan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha toʻlanadigan QQSni qoplab berish.
QQS boʻyicha imtiyozlarni qoʻllash uchun loyha tashabbuskori (buyurtmachi) tomonidan bojxona organlariga loyihani moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisida tasdiqnoma taqdim etiladi.
Toʻliq yoki qisman xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlaridan QQSni qoplash uchun foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan loyihalar boʻlganda, qarz oluvchilarga QQSni toʻlash uchun Davlat byudjetidan mablagʻlar ajratiladi.
Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanmaydigan loyihalar boʻlganda, QQS uchun toʻlovlar qarz oluvchilarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–836-son, 29.04.2023-y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan davlat organlarining davlat qarzini boshqarish sohasidagi vakolatlari belgilandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.
Qonunga koʻra, davlat qarzini boshqarish quyidagilardan iborat:
• davlat qarzini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish;
• davlat tomonidan mablagʻ jalb etish;
• davlat tomonidan jalb qilingan mablagʻlarni boshqarish;
• davlat qarzi bilan bogʻliq xatarlarni boshqarish;
• davlat qarzini restrukturizatsiya qilish;
• davlat tomonidan jalb qilingan mablagʻlarni qaytadan kreditlash;
• davlat kafolatini rasmiylashtirish va taqdim etish;
• davlat qarziga oid shartnomalarni va davlat kafolatlarining roʻyxatini yuritish;
• davlat qarzining hisobi va hisobotini yuritish;
• davlat qarzi boʻyicha xizmat koʻrsatilishini taʼminlash va davlat kafolatlarini bajarish.
Shunga koʻra, davlat qarzini boshqarish strategiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan fiskal strategiya bilan birgalikda 3 yil muddatga tasdiqlanadi.
Davlat qarzi ichki va tashqi qarzni oʻz ichiga oladi hamda qisqa (1 yilgacha), oʻrta (1 yildan 5 yilgacha), uzoq muddatli (5 yil va undan ortiq muddatga) boʻlishi mumkin.
Davlat qarzining eng yuqori miqdori yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz koʻrsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerak.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.
4. “Qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalaridan foydalanish sohasida davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (170-son, 29.04.2023-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2023-yil 1-iyulgacha “Texnikalar texnik koʻrigi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqiladi.
2023-yil 1-maydan jismoniy va yuridik shaxslarning qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalari majburiy yillik texnik koʻrikdan oʻtkaziladi.
2023-yil 1-sentyabrdan yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlar jismoniy shaxslarning 100 ot kuchigacha quvvatga ega qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin.
2023-yil 1-avgustdan qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalarini ishlab chiqaruvchi yoki maxsus savdo tashkilotlarida xaridorlarga sotilgan yangi texnikalar uchun “Hisob-maʼlumotnoma” berish amaliyoti joriy etiladi.
2023-yil 1-sentyabrdan qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalariga texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisida talon berish amaliyoti bekor qilinadi (xorijiy davlatlarga ishga yuboriladigan texnikalardan tashqari).
Shuningdek, eski namunadagi texnik pasport, texnik guvohnoma, davlat raqami belgisi va traktorchi-mashinist guvohnomasini majburiy tartibda almashtirishning yakuniy muddati 2023-yil 31-avgust etib belgilandi.
Qaror bilan Qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalarini davlat roʻyxatidan va qayta roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga koʻra, texnikalar Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Texnikalarni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari Inspeksiya, davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP (my.gov.uz) orqali texnika egasi yoki uning vakili soʻrovnomasiga asosan amalga oshiriladi.
Texnikalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazishda:
• texnik pasport beriladigan qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalari hamda oʻziyurar mashinalarni davlat roʻyxatidan yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun – BHMning 20 foizi (66 000 soʻm) miqdorida;
• texnik guvohnoma beriladigan qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish mashinalari, agregatlari va asbob-uskunalarini davlat roʻyxatidan yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun – BHMning 18 foizi (59 400 soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi.
5. Hukumat qarori (171-son, 29.04.2023) bilan Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi toʻgʻrisidagi nizom qabul qilindi.
Nizomga koʻra, jumladan, quyidagilar favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining (FVDT) asosiy vazifalari hisoblanadi:
- respublikada roʻy berishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini baholash;
- aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish yuzasidan maqsadli va ilmiy-texnik dasturlarni hamda tadbirlarni rejalashtirish va amalga oshirish.
Prognoz qilingan yoki roʻy bergan favqulodda vaziyatning koʻlami va holatiga qarab FVDT muayyan hududda quyidagi rejimlardan birida faoliyat yuritadi:
➖ kundalik rejim – muayyan hududda, obyektda favqulodda vaziyatlar roʻy berishi xavfi mavjud boʻlmaganda;
➖ yuqori tayyorgarlik rejimi – favqulodda vaziyatlar roʻy berishi xavfi mavjud boʻlganda;
➖ favqulodda vaziyat rejimi – favqulodda vaziyatlar roʻy berganda va favqulodda vaziyatlar davrida.
FVDT faoliyatining yuqori tayyorgarlik va favqulodda vaziyat rejimlari roʻy bergan favqulodda vaziyatning turiga qarab Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining, shuningdek tegishli obyektlar rahbarlarining qarorlari bilan joriy etiladi.
Favqulodda vaziyat rejimida jabrlangan aholiga moddiy yordam koʻrsatish, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish boʻyicha tadbirlar amalga oshiriladi.
6. “Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–140-son, 01.05.2023-y.) qabul qilindi.
Oʻzbekiston va “KfW” banki oʻrtasida “Raqamli sogʻliqni saqlash islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasi uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 12 yil muddatga 45 million yevro miqdorida qarz bitimi hamda 5,5 million yevro miqdorida grant bitimi imzolangan.
Qarorga koʻra, Sogʻliqni saqlash vazirligi loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi.
Qarz mablagʻlarini qaytarish respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Qarorga muvofiq, loyihani oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish uchun Raqamli sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish loyiha ofisi tashkil etiladi.
Shuningdek, qarorga koʻra:
???? loyiha doirasida joriy etilayotgan axborot tizimlaridan foydalanish boʻyicha litsenziyalar uchun toʻlovlar ularni joriy etish xarajatlari tarkibiga kiritiladi hamda ular axborot tizimi amaliyotga toʻliq joriy etilgandan soʻng kamida 5 yil mobaynida amal qiladi;
???? loyihani amalga oshirish jarayonida iqtisod qilingan mablagʻlar ustuvor ravishda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini raqamlashtirish hamda kompyuter texnikasi vositalarini xarid qilishga yoʻnaltiriladi.
Qaror bilan 2023–2025-yillarda sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Chora-tadbirlar rejasida, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:
➖ “Elektron retsept” (reimbursatsiya) tizimini joriy etish;
➖ Sanatoriylarga yoʻllanma olish, navbatni kuzatish va mavjud boʻsh oʻrinlarni koʻrish imkoniyatini beradigan “Elektron sanatoriy” platformasini ishlab chiqish;
➖Onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning elektron roʻyxatini yuritishga moʻljallangan “Cancer-registr” axborot tizimini joriy etish;
➖Ona va bola salomatligi pasportining elektron tizimini yaratish;
➖Yagona portal orqali vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari maʼlumotnomalarini olish imkoniyatini yaratish.
7. “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF-65-son, 02.05.2023-y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 18 million soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilandi.
8. “Kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF-63-son, 29.04.2023y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2023-yil 1-iyuldan:
- undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilganda garov obyektini “E-auksion” elektron savdo platformasida auksionga kreditorning yoki qarzdorning buyurtmasi asosida qoʻyishga ruxsat etiladi;
- hisob-kitob va kredit munosabatlaridan kelib chiqadigan asoslar boʻyicha qarzni undirish uchun notariuslardan ijro xati olishda tijorat banklari oldidagi qarzni ikki tomonlama tasdiqlovchi solishtirish dalolatnomasi talab etilmaydi.
2024-yil 1-yanvardan quyidagilar joriy etiladi:
➖ toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayonida kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini garovga qoʻyilgan mol-mulk qiymatidan qanoatlantirishda ularga mutlaq ustunlik berish;
➖ garovga qoʻyilgan mol-mulkni takroriy auksionda sotish mumkin boʻlgan eng past narxni auksion obyekti boshlangʻich narxining 80 foizi miqdorida belgilash;
Bunda, mol-mulk takroriy auksionda realizatsiya qilinmasa, undiruvchiga ushbu mol-mulkni auksion boshlangʻich narxidan 25 foiz past qiymatda oʻzida qoldirish taklif qilinadi.
➖ undiruv qaratilgan garovga qoʻyilgan mol-mulkning ochiq kimoshdi savdosida sotilishini garovga qoʻyuvchining iltimosiga asosan kechiktirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
➖ qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishi jarayoni boshlanishi munosabati bilan davlat ijrochisi tomonidan ijro ishini tamomlash hamda mol-mulkni tasarruf qilishga doir cheklovlarni olib tashlash amaliyotini bekor qilish.
9. Hukumat qarori (183–son, 03.05.2023-y.) bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari orqali amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizom qabul qilindi.
Nizomga koʻra, jamoatchilik fikri asosida loyihalar toʻplami mahallalar (qishloqlar) boʻyicha shakllantiriladi va gʻolib sifatida mahallalar (qishloqlar) aniqlanadi.
Dasturlar doirasida jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish va ular uchun ovoz berish jarayoni – har yili noyabr–dekabr oylarida (2023-yil uchun, istisno tariqasida, 2023-yil may oyida) oʻtkaziladi.
Jarayonlar 3 ta bosqichda tashkil etiladi:
1-bosqichda – portalda loyihalar toʻplami shakllantiriladi;
2-bosqichda – shakllantirilgan loyihalar toʻplami saralab olinadi;
3-bosqichda – saralash bosqichidan oʻtgan loyihalar toʻplamlariga ovoz beriladi.
Gʻolib mahallalar (qishloqlar) ovoz berish jarayoni boshlanishidan avval keng jamoatchilikka eʼlon qilingan holda quyidagi usullardan biri orqali aniqlanadi:
-loyihalar toʻplamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib;
-aholisi soni kam boʻlgan mahallalarga (qishloqlarga) tuzatish koeffitsiyentini qoʻllagan holda loyihalar toʻplamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib.
Ovoz berish jarayoni yakunlariga koʻra har bir tuman (shahar) uchun jamgʻarmada shakllantirilgan mablagʻlar doirasida eng yuqori koʻrsatkichni egallagan loyihalar toʻplami gʻolib deb topiladi.
Bunda loyihalar toʻplami gʻolib deb topilishi uchun kamida 100 ta ovoz toʻplashi lozim.
Ovoz berish yakunlangandan soʻng 3 kunda gʻolib deb topilgan loyihalar toʻplamini amalga oshirish boʻyicha manzilli roʻyxat shakllantiriladi hamda jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha tuman (shahar) Maxsus komissiyasining tegishli qarori qabul qilinadi.
Tuman (shahar) hokimligi tomonidan 3 kunda loyihalar uchun manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan mablagʻlar oʻtkazib beriladi.
Har yil yakunlari boʻyicha jamoatchilik fikri asosida loyihalarni shakllantirish bilan bogʻliq jarayonlarda faol ishtirok etgan fuqarolar ragʻbatlantirib boriladi.
10. Prezident tomonidan imzolangan qonun (OʻRQ–840, 06.05.2023-y.) bilan Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish toʻgʻrisidagi 148-sonli Konvensiyasi (Jeneva, 1977-yil 20-iyun) ratifikatsiya qilindi.
11. “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–838-son, 06.05.2023-y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Jumladan, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra:
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy oʻziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va anʼanalardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra:
- ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar Viloyat, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasi aʼzosi boʻlishi mumkin emas;
- Prezident muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 2 oy ichida oʻtkaziladi. Bunda saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi;
- Qonunchilik palatasi Prezident tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 3 oy ichida oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasi tomonidan oʻzini oʻzi tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 2 oy ichida oʻtkaziladi;
- Senat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Senat aʼzolarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 3 oy ichida oʻtkaziladi.
Senat tomonidan oʻzini oʻzi tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Senat aʼzolarining saylovi ushbu Kodeksga toʻliq muvofiq holda 1 oy ichida oʻtkaziladi.