Янгиликлар
Inson qadrini ko‘tarish uchun nima kerak? Singapur Ichki ishlar va huquq vaziri 3 ta omilni sanadi
Odamlar yaxshi yashashi uchun nima kerak bo‘ladi? Yaxshi ta'lim, farovon yashash va ishlash sharoitlari, qonun ustuvorligi, fundamental inson huquqlarining ta'minlanganligi. Buni hamma davlatda amalga oshirib bo‘ladimi?
Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Tashkent Law Spring” xalqaro forumida Singapurning Ichki ishlar va huquq vaziri K. Shanmugam shu haqda gapirdi. Uning fikricha, taraqqiylashmagan mamlakatda inson huquqlari ulug‘lanishini kutishning hojat yo‘q. Ammo hamma davlat o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib buni amalga oshirishga urinib ko‘rishi kerak.
“Men sizlarga Singapurning yutuqlari haqida emas, uning imkoniyatlari haqida gapirmoqchiman. Balki sizda ham bunday imkoniyatlar bordir va insonning dastlabki, fundamental huquqlarini ro‘yobga chiqarish uchun o‘z mamlakatingiz miqyosida buni qo‘llasangiz bo‘ladi”, — deydi vazir.
Vazirga ko‘ra, inson resursi birinchi o‘ringa chiqishi uchun:
1. Kuchli markazlashgan hukumat kerak (u ta'lim, sog‘liqni saqlash – inson huquqlarini ta'minlash bo‘yicha boshqa barcha majburiyatlarini to‘liq bajarishi shart).
2. Kompetentligi bo‘lgan — kuchli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan davlat xizmatchilarini ishga olish kerak.
3. Mamlakatda yashaydigan millatlar birlashuvi kerak.
Shanmugam Singapur qayerdan boshlanganini, hozir qayerda ekanligini va keyinchalik qanday boshqarilishini gapirib berdi. Uning ta'kidlashicha, bir paytlar Singapurning malaylar bilan qattiq nizolari va ziddiyatlari bo‘lgan. Bu shahar-davlat Malayziyaning tijoriy markazi bo‘lgan va tabiiyki, mustaqil bo‘lish uchun davlatning tabiiy resurslari yo‘q edi. Singapur davlatchiligini qurish uchun ham kuchli va yetarli asoslar bo‘lmagan.
Bundan tashqari mamlakat Britaniyaning koloniyalaridan biri sifatida o‘zining identifikasiya qiladigan biror bir asosiga ham ega bo‘lmagan. U yerda ijtimoiy, diniy, siyosiy nizolar ko‘p bo‘lgan. Jinoyatchilik, korrupsiya avjiga chiqqan. Aholida oddiy yashash sharoitlari, kommunal xizmatlar umuman yaxshi bo‘lmagan. Shunga qaramay mamlakat bugun juda shijoatli insonlar yashaydigan, zamonaviy davlatga aylandi.