Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilinadi


So‘ngi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor tubdan kuchaydi. Ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida izchil islohotlar olib borilmoqda.

Mamlakatimizda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish ustuvor maqsadlardan biri sifatida belgilangan.

Ushbu maqsadga erishish uchun xotin-qizlarning o‘z huquq va manfaatlarini ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirishida ularni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish talab etiladi.

Xususan, o‘tgan kunlarda xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha huquqni qo‘llash amaliyotida ko‘plab muammolar yuzaga kelgan edi. Jumladan, xotin-qizlar va bolalarning huquqlariga daxl qiluvchi jinoiy qilmishlar uchun mutanosib sanksiyalar belgilanmagan, shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan edi.

Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order muddati (30 kun) xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini yetarli darajada himoya qilish imkonini bermaydi. Aliment to‘lolmagan shaxslarga jazo sifatida jarima tayinlanishi yanada moddiy qiyinchiliklarga olib kelar edi.

Yuqoridagilarga asosan ednilikda qonunchilikda bir qator yangiliklar sodir bo‘ldi.

Xususan, oilaviy (maishiy) zoʻravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga, umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga oʻz huquqlarini amalga oshirishida toʻsqinlik qilish, shaxsiy narsalariga qasddan shikast yetkazish, shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash, qoʻrqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qoʻyish uchun quyidagi javobgarlik belgilandi:

– BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 10 sutkagacha maʼmuriy qamoq. Ularni doʻpposlash esa 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa sabab boʻladi.

Mazkur harakatlar maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin takror sodir etilsa jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi. Javobgarlik – BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarimadan boshlanib 2 yilgacha axloq tuzatish ishlarigacha.

Yuqoridagi shaxslarni doʻpposlash, ularga tan jarohati yetkazish

2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Oilaviy zoʻravonlik ogʻirlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa (masalan, homiladorga, oʻta shafqatsizlik bilan, ikki yoki undan ortiq shaxsga va hk. shikast yetkazish), jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarsa (masalan, koʻrish, soʻzlash qobiliyatini yoʻqotish, oʻlim), 3 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab boʻladi.

Ilgari mazkur harakatlar uchun umumiy moddalarga (badanga shikast yetkazish) asosan javobgarlikka tortilgan.

Shu jumladan, “Himoya orderi” muddati 1 yilgacha uzaytirilishi mumkinligi belgilandi.

Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi shaxs va unga tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik qilgan shaxs bir joyda ishlasa yoki oʻqisa, ichki ishlar organi mansabdor shaxsi ularning oʻrtasidagi bevosita aloqani taqiqlash boʻyicha tashkilotga taqdimnoma kiritadi va tashkilot rahbari taqdimnoma ijrosini taʼminlaydi.

Himoya orderi muddati sud tomonidan 1 yilgacha uzaytirilishi mumkin.

Ilgari muddat 30 kungacha ichki ishlar organlari tomonidan uzaytirilgan.

Shu bilan birga, shilqimlik qilish uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.

Unga koʻra, shaxsga nomaqbul hamda uning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish BHMning 2 baravaridan 5 baravarigacha jarima solishga yoki 5 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa sabab boʻladi.

Ilgari mazkur harakatlar uchun javobgarlik belgilanmagan.

Bundan tashqari, aliment toʻlamagan shaxs majburan ishlatilib, puli bolalari taʼminotiga yoʻnaltiriladi.

Haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish jazosi kiritildi. U sudlar tomonidan 8 soatdan 240 soatgacha muddatga tayinlanadi.

Maʼlumki, aliment qarzdorligi jiddiy muammoga aylangan. Aliment toʻlamay yurgan shaxslarni 15 sutkaga qamash yoki jarimaga tortish mumkin. Biroq aksariyat hollarda bundan aliment oluvchiga umuman naf yoʻq.

Aksincha, qamoqqa olingan aliment toʻlovchi 15 sutka ishlab pul topish imkoniyatidan mahrum boʻladi, jarima jazosi esa uning ahvolini yanada ogʻirlashtiradi.

Endi ular majburiy jamoat ishlariga ham jalb etiladi va ish haqining teng yarmi alimentga ushlab qolinadi.

Shuningdek, ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash boʻyicha majburiyatlarini bajarmaganligi uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.

Masalan, ota-onalar, 6 oydan koʻp muddatga xorijga ketganda voyaga yetmagan farzandlariga vasiy va homiy tayinlatib ketishi kerak. Biroq bu qoidaga doimo amal qilinmaydi.

Xususan, ota-onalar tomonidan mazkur majburiyatlarni bajarmagan holda xorijga chiqib ketgan ota-onalarning farzandlari tomonidan 2019-yilda jami 7 ta, 2020-yilda 22 ta, 2021-yilda 29 ta jinoyat sodir etilgan.

Endilikda, mazkur qilmish BHMning 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Qolaversa, ota-ona yashash joyidan chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganida oʻz bolasiga vasiy yoki homiy tayinlashi shart boʻlgan muddat 6 oydan 3 oyga qisqartirildi. Yaʼni ota-ona 3 oydan koʻp chet-elga ketsa bolasiga vasiy yoki homiy tayinlashi kerak, aks holda maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladi.

Namangan viloyati adliya boshqarmasi
Huquqiy axborot bo‘yicha bosh maslahatchisi
Axrorbek Fayzullayev