Янгиликлар
Fuqarolar uchun davlat xizmatiga kirishda teng huquqliligi
Yangilanayotgan Konstitutsiyada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning jadallashgani, sohalarda tub oʻzgarishlar qilinayotgani, fuqarolarning huquq va erkinliklari ortayotgani aks etishi hayotiy zarurat boʻlib, bu keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun gʻoyat ahamiyatli masala, shuningdek, adolatli jamiyat qurish yoʻlidagi ulkan qadamdir. Ayniqsa, soʻnggi yillarda “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili ustuvor qoʻyilib, fuqarolarning imkoniyatlari kengaytirildi. 2022-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun ham mana shu maqsadga qaratilgan.
Endilikda, davlat tashkilotlaridagi xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishga masʼul qilib, yangi tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilandi. Mazkur tashkilot tomonidan fuqarolarning respublikamizda mavjud boʻlgan barcha davlat organlari va tashkilotlariga ishga qabul qilishni amalga oshirib kelmoqda. Shu bilan birga, tizimlardagi ishga kirishdagi korrupsion holatlar oldi olishga erishish maqsad qilingan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 37-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egadir” deb, belgilanayotgani ham davlat xizmatiga kirishda mamlakatimiz fuqarolari uchun teng huquq va imkoniyatlar yaratilishi maxsus norma bilan mustahkamlanmoqda.
Hammamizga maʼlumki, soʻnggi yillarda davlat xizmatiga qabul qilish ochiq tanlov asosida amalga oshirilishi, kadrlarning sifat darajasi yaxshilanishi, xizmat boʻyicha oʻsib borishi bilan bogʻliq faoliyatda nomzodlarni “teng huquqlilik” tamoyili qoʻllanilishi belgilab berildi. Bunda, kadrlarning tanlashda ayol va erkakning teng koʻrilishi, ularning bilim, iqtidoriga eʼtibor qaratilayotganini alohida taʼkidlash mumkin.
Yana shuni aytish lozimki, 2022-yilning oʻzida barcha tuman (shahar) hokimliklaridagi vakant lavozim boʻyicha 90 mingdan ortiq ochiq tanlov eʼlon qilinib, 919 ming nomzod tanlovda ishtirok etish uchun hujjat topshirgan va 39 mingdan ortiq fuqaro davlat xizmatiga ochiq va teng imkoniyatlar asosida qabul qilingani, taxsinga sazovordir. Bugungi kunda respublikamizning davlat idoralarida 118 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati yuritmoqda.
Hammamizga maʼlumki, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi, ijtimoiy taʼminot masalalari amalda huquqiy jixatdan tartibga solinmagan edi. Yoki davlat xizmatchilarini huquqini cheklashga qaratilgan qonunchilikdagi boʻshliqlar saqlanib keldi. Shuning uchun ham bugungi kunda bu sohada bir qator islohotlarni amalga oshirildi. Endi esa, ularning asosiy qonunimizda mustahkamlanishi kutilmoqda. Fuqarolarni davlat xizmatlariga ishga kirishlarida cheklovlar boʻlishi kerak emas. Har bir fuqaro bilim-koʻnikmasiga koʻra, oʻz sohasi boʻyicha faoliyat olib borishga haqlidir. Arzimas cheklovlar bilan sunʼiy toʻsiqlar qoʻyilishi kerak emas edi.
Misol uchun, Toshkent shahriga ishga kirishda propiska degan cheklov qanchadan qancha fuqarolarni ishlash imkoniyatidan mahrum qilgan edi. Doimiy yashash joyi Toshkent shaharida boʻlmasa, ishga qabul qilinmagan holatlar koʻp boʻldi va bu uchun tegishli javobgarlik mavjud edi. Yoki ayollarning jumladan homilador ayollarning ishga kirishida teng huquqlilikning kafolatlanmaganligi turli korrupsiyaviy holatlarni yuzaga keltirgan. Ularni ishga olmaslik holatlari ham koʻp boʻldi.
Bularning barchasi, albatta qonunchilikdagi boʻshliqlar va mazkur sohaning huquqiy jihatdan tartibga solinmaganligi hisoblanadi. Shu bilan birga, ishga kirishdagi ayrim hujjatlarni soni qisqartirildi. Ortiqcha qogʻozbozliklarga barham berildi. Qolgan hujjatlari ham bugungi kunda elektronlashtirilgan boʻlishiga oʻtilmoqda. Bu ham fuqarolarga qulaylik tugʻdiradi.
Oliy qonunimizda fuqarolarimizning davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega boʻlishining kafolatlanishi, davlat xizmatining raqobatdoshligini, ochiqligini va professionalligini oshirishi bilan birga, kardlar sifatini yanada oshiradi. Salohiyatli yoshlar, xotin-qizlarning davlat xizmatiga kirishda teng huquqni kafolatlaydi va davlat xizmatiga ishonchini ortishiga hamda iqtidorli, zamonaviy fikrlaydigan kadrlarni xorijiy davlatlarga chiqib ketish holatlari va korrupsiyaviy holatlarning oldini olinishiga xizmat qiladi.
Bugungi kunda hududlarda koʻplab targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda. Xalqimizga oʻzgarishlar haqida tushuntirilmoqda. Agarda davlat xizmatini barcha uchun yanada keng va teng imkoniyatlar yaratilishini istasak yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga ovoz berishimiz zarurdir. Shuningdek, xalqimizga davlat xizmatlarining oʻrni va ahamiyati, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda bu belgilanayotganini oddiy va ravon holida tushuntirishimiz kerak. Fuqarolar uchun davlat xizmatiga kirishda teng huquqni kafolatlanishi konstitutsiya darajasida mustahkamlanmoqda.
Soʻnggi yillarda haqiqatdan ham xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilayotganini anglash va unda inson qadri ustuvor qoʻyilayotganini koʻrishimiz mumkin. Xalqimiz mana shuni bugun tushunib yetishlari lozim. Bu yoʻlda, barcha huquqshunosu olimlar mahallalarda keng targʻib etishlari va aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga chuqur singdirishlari zarur. Yaratilayotgan imkoniyatlar ular uchun ekanini anglatish ham kerak, albatta. Bu bilan ishga joylashishdagi korrupsion holatlarni oldini olishga erishilishini tushunib yetmoqliklari lozimdir. Bu yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun, ularni, albatta, Konstitutsiyada muhrlab qoʻyish talab etilmoqda.
Shu maqsadda, tashkilotimiz tomonidan hududimizdagi mahallalarga chiqib, targʻibot ishlarini olib borilmoqda. Davlat bilan xalq oʻrtasidagi munosabatlarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishini taʼminlashga masʼul ekanmiz, ularga tushuntirishda davom etamiz. Inson qadri ustuvor qoʻyilayotgan islohotlarni tashviqotida barcha birdek xizmat qilishi va yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga ovoz berishlariga chaqiramiz.
Ataxanova Zulayxo Nojirjonovna,
Yangi Namangan tumani FHDYO mudirasi