Янгиликлар
Referendum saylov emas
Hammamizga maʼlumki mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar oʻtkazilmoqda. Mazkur Konstitutsiyaviy islohotlarni xalqimining fikri va qoʻllab quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Endi koʻpchilikda Referendum oʻzi nima, saylovlardan farq qiladimi, degan savol kelib chiqishi tabiiy.
Referendum – fuqarolarning davlat va jamiyat hayotidagi eng muhim masalalarni ovoz berish yoʻli orqali hal etishdir
Referendum orqali Konstitutsiya, qonunlar qabul qilinishi, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi, Parlament, Prezident, Hukumat faoliyati takomillashtirilishi mumkin.
Referendum saylov emas. Referendum ayrim jihatlari bilan saylovga oʻxshashi mumkin, masalan komissiyalar, ovoz berish jarayoni. Biroq saylovlarda nomzodlarni muayyan lavozimga masalan, deputat, senator, Prezident sifatida saylash uchun ovoz beriladi. Referendumda esa nomzodlar boʻlmaydi, muayyan masalani qoʻllab-quvvatlash yoki rad etish boʻyicha ovoz beriladi.
Oʻzbekistonda referendum Konstitutsiya hamda 2001-yil 30-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Referendumi toʻgʻrisida”gi Qonun bilan tartibga solinadi.
Endi Qonunning asosiy jihatlariga toʻxtalib oʻtamiz.
Referendum Oʻzbekiston qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir.
Referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega boʻladi va referendum Oʻzbekistonning butun hududida oʻtkaziladi.
Referendum fuqarolarning oʻz xohish-irodasini umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri bildirishi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi.
Fuqarolarning oʻz xohish-irodasini bildirishi nazorat qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Referendum oʻtkaziladigan kungacha yoki referendum kunida 18 yoshga toʻlgan har bir fuqaro referendumda teng asoslarda ishtirok etadi va har bir fuqaro bir ovozga ega boʻladi.
Referendumda qabul qilingan qaror Oʻzbekistonning butun hududida majburiy kuchga ega boʻladi.
Namangan tumanlar iqtisodiy sudi sudiyasi
Jahongir Musaboyev