Янгиликлар
Konstitutsiyaviy islohotlar va kutilayotgan natijalar
Jamiyatning iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, soʻz va eʼtiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy kafolati sifatida Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirilishini zamon taqozo etayotgan edi.
Bu borada amaldagi Konstitutsiyani yangilashda dastlab ikki bosqichda xalqimizning fikri, takliflari oʻrganildi, shundan soʻnggina Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi.
Birinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasini shakllantirish yuzasidan fuqarolardan 60 mingdan ziyod fikr-mulohaza va takliflar kelib tushdi va albatta Konstitutsiya loyihasini tayyorlashda ushbu fikr-mulohaza va takliflar inobatga olindi.
Ikkinchi bosqichda esa, Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyildi. Ommaviy axborot vositalari, Internet tarmoqlari orqali loyiha bilan 5 milliondan ziyod aholi tanishib, 150 mingdan ortiq taklif va mulohazalar aytildi.
Shu bilan birga, xalqaro-huquqiy hujjatlar va 190 dan ortiq davlatlarning tajribasi oʻrganildi, loyiha 6 turdagi ekspertizadan oʻtkazildi.
Konstitutsiyada insonga eʼtibor hamda gʻamxoʻrlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlanmoqda va kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish boʻyicha davlat oʻziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi taʼminlanishi kafolatlanmoqda.
Aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi ham loyihaga kiritilgan. Umuman, loyihada aholi salomatligini asrash bilan bogʻliq normalar 4 barobar koʻpaytirilmoqda. Bu aholi sogʻligʻini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar oʻlimi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egadir.
Shuningdek, Konstitutsiyada taʼlim sohasiga oid bir qator normalar qayd etilmoqda. Xususan, fuqarolarning oliy taʼlim muassasalarida davlat granti hisobidan oʻqish huquqi qatʼiy belgilab qoʻyilmoqda. Oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish majburiyati kuchaytirilmoqda.
Bundan tashqari, Konstitutsiyada har kimning mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq toʻlashning belgilangan eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish huquqi kafolatlanmoqda.
Yangilanayotgan Konstitutsiya jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyishning asosiy huquqiy kafolati boʻlishi kutilmoqda.
Namangan tumanlararo
iqtisodiy sudining sudyasi
Alisher Dadabayev