Янгиликлар
Konstitutsiya yangilanishiga qanday zarurat bor?
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat bo‘lib, bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamdir.
So‘nggi olti yilda erishgan yutuqlarimizni, xususan, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolar hal qilingani, qo‘shnilarimiz bilan oramizdagi 25 yillik “muzlar erigani” va boshqa ijobiy harakatlar ortga qaytmasligining konstitutsiyaviy himoyasini ta’minlash zarur. Bu yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun, ularni, albatta, Konstitutsiyada muhrlab qo‘yish talab etilmoqda.
Hammamiz guvohi bo‘layapmizki, dunyoda har kuni kutilmagan xavf-xatar va tahdidlar yuzaga chiqyapti. Bugungi ziddiyatli jarayonlar, iqtisodiy qarama-qarshiliklar qachon va nima bilan tugashini bashorat qilib bo‘lmaydi. Hatto, ayrim davlatlarning dunyo xaritasida qolish-qolmasligi savol ostida qolayotgani ham sir emas. Jahondagi qariyb 100 million odam o‘z hayotini saqlash uchun boshqa yurtlarda boshpana izlab yurgani, oziq-ovqat yetishmasligi, energiya resurslari taqchilligi, pandemiya kabi global muammolar rivojlangan davlatlar aholisini ham jiddiy o‘ylantirmoqdaki, bularning bari bizga ham ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin emas.
Qolaversa, mintaqamizdagi vaziyat ham bizni jiddiy tashvishga solmay qo‘ymaydi: yonginamizda qariyb 50 yillik notinchlik davom etyapti.
E’tibor bersak, mamlakatimiz har jihatdan katta davlatga aylanmoqda. Aholimiz 2040 yilga borib 50 millionga yetadi, jamiyatning yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qiladi. Ularga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim.
Bular va boshqa ko‘pdan-ko‘p muammolar yechimi mustahkam huquqiy poydevorni – O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini taqozo etadi.
Xalq Konstitutsiyasi
Bir narsani alohida aytish kerakki, Konstitutsiyaning bu matni olim-u mutaxassislar tomonidan faqat kabinetlarda yaratilmadi. Balki, dastavval ikki bosqichda xalqimizning fikri, takliflari o‘rganildi, shundan so‘nggina Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi. Avvallari esa Konstitutsiya qabul qilishda dastlab loyiha ishlab chiqilib, keyin xalq muhokamasiga qo‘yilardi.
- birinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasini shakllantirish uchun fuqarolarimiz 60 mingdan ziyod taklif berishdi. Ularning taxminan har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy oldi;
- ikkinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Ommaviy axborot vositalari, Internet tarmoqlari orqali loyiha bilan 5 million aholi tanishib, 150 mingdan ortiq taklif va mulohazalar aytildi.
Shu bilan birga, mehnat jamoalari, oliygohlar, mahalla faollari va ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan muhokamalarda ham yana qariyb 10 mingta qo‘shimcha taklif kelib tushdi. Ayni paytda xalqaro-huquqiy hujjatlar va 190 dan ortiq davlatlar tajribasi o‘rganildi, loyiha 6 turdagi ekspertizadan o‘tkazildi.
Bularning hammasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Bosh Qomusimiz tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotganidan dalolat beradi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya
Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni, Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.
Asosiy yangiliklar
Konstitutsiyada O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.
Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qoladi
Tariximizda ilk bora O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilanmoqda. Ya’ni, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlanayapti.
Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobar ko‘paytirilyapti.
Xususan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilanmoqda. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.
Ma’lumot uchun: o‘tgan yili mamlakatimizda 50 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratib berilgan bo‘lsa, bu yil 90 ming oilani uy-joyli qilish marrasi olingan. Yaqin 2-3 yilda esa bu raqamni 200 mingga yetkazish ustida ishlanmoqda.
Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlanmoqda.
Aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi ham loyihaga kiritilgan. Umuman, loyihada aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirilmoqda. Bu aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egadir.
Ma’lumot uchun: joriy yilda “Kafolatlangan xizmatlar paketi” qayta ko‘rib chiqilib, unda 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha diagnostika, davolash va profilaktika xizmatlari hajmi to‘liq qamrab olinadi.
Ko‘p uchraydigan 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha birlamchi bo‘g‘indagi bepul analiz turlari – 15 tadan 25 tagacha, tekshiruvlar – 10 tadan 20 tagacha, dorilar – 64 tadan 90 taga oshiriladi.
Davlat bebaho tabiiy boyliklarimizni ko‘paytirish, asrab-avaylash va atrof-muhit musaffoligini saqlash choralarini ko‘radi
Aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha kompleks choralar belgilanmoqda.
So‘nggi uch yilda qurilishlardan norozi bo‘lib, aholidan 15 mingta murojaat kelib tushgan, sudlar tomonidan birgina Toshkent shahrida 200 dan ortiq qurilishlar to‘xtatib qo‘yilgan, avtomobillar soni 1,3 millionga ko‘payib, 3,6 millionga yetgan, har yili atmosfera havosiga 2,2 million tonna sanoat va transport tashlanmalari chiqarilayotgani ham ushbu masala tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganligidan dalolat bermoqda.
Shu munosabat bilan, davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, degan norma mustahkamlanmoqda.
Shaharlarning bosh rejalarini jamoatchilik muhokamasidan majburiy o‘tkazilishi shartligi haqidagi konstitutsiyaviy qoida hozirgi sharoitda tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan shaharsozlikka oid masalalarni xalqimiz bilan bamaslahat yechish imkonini beradi.
Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga egaligi belgilanmoqda. Aholimiz va kelajak avlod uchun ekologik toza hududni saqlab qolishning konstitutsiyaviy kafolatlari yaratilyapti.
Ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytiriladi, o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ladi
Ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar ta’lim sohasiga oid ko‘plab modda va normalarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshmoqda.
Jumladan, fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qish huquqi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Ma’lumot tariqasida aytish mumkinki, 2017 yilgacha oliygohlarda o‘qish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelgan bo‘lsa, oxirgi olti yilda bu boradagi ahvol butunlay o‘zgardi. Grantlar soni 2 baravar ko‘payib, 40 mingtaga yetdi. Magistratura uchun esa 5 baravar ko‘paydi.
Asosiy qonunda fuqarolarning bepul boshlang‘ich kasb-hunarga o‘qitilishi ham belgilanmoqda.
Nogironligi bor bolajonlarimizga o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilyapti. Shuning uchun, bunday imkoniyatlar inklyuziv ta’lim sifatida Konstitutsiyaga kiritilmoqda. Bu shunday nuqsonlarga ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun muhim kafolatdir.
Konstitutsiyada davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirilyapti. Bu qoidalar mamlakatimizdagi 685 ming nafardan ortiq o‘qituvchilarning professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishi ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqi taqdim etilmoqda. Konstitutsiyamizga ushbu normaning kiritilishi professor-o‘qituvchilar va talabalarning o‘quv jarayonidagi mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi. Jumladan, keyingi yillarda ko‘plab nodavlat oliy o‘quv yurtlari ochildi, xorijiy universitetlar filiallari soni ortmoqda, 41 ta davlat oliy o‘quv yurtiga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi.
Yana bir muhim yangilik – davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda. Ushbu normaning kiritilishi jamiyatimizda oila mustahkamligi va mo‘tabarligini barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.
Endi farzandlar tarbiyasi, ularga ta’lim berish, barkamol voyaga yetkazish ham ota-ona majburiyati sifatida belgilanmoqda. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish esa davlatning burchi sifatida belgilanmoqda.
Konstitutsiyada har kimning mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish huquqi kafolatlanmoqda. Mazkur normaning Konstitutsiyada belgilanishi fuqarolarning ish haqlari miqdori shunchaki emas, aynan ularning munosib turmush kechirishini ta’minlashda, pirovard natijada aholi turmush darajasini yaxshilashda va mamlakatimizda ijtimoiy adolatni ustuvor qadriyatga aylantirishda muhim ahamiyatga ega.
Loyihada homiladorligi yoki bolasi borligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi belgilanmoqdaki, bular davlatimizda gender tengligi prinsiplari to‘laqonli amal qilishiga olib kelishi tayin.
Bundan tashqari, davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi ham mustahkamlanmoqda.
Qolaversa, davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi hamda rag‘batlantirishi qayd qilinmoqda. Bu yangi norma ish bilan ta’minlanmagan fuqarolarni kambag‘allik holatiga tushib qolishining oldi olishga yoki kambag‘allik toifasiga kirib qolgan fuqarolarni undan chiqarish bo‘yicha davlat tomonidan tegishli choralar ko‘rilishiga konstitutsiyaviy kafolat sifatida xizmat qiladi.
Konstitutsiyada bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, ahloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi belgilanmoqda. Shukrki, bugungi O‘zbekistonda uzoq yillar yurtimizning xalqaro imidjiga salbiy ta’sir qilib kelgan majburiy mehnatga to‘liq barham berildi.
Loyihada har kim ishsizlikda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga egaligi mustahkamlanyapti. Pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilmoqda.
Bu degani, hozirning o‘zida 2 million 200 ming ehtiyojmand oilalar davlatdan kafolatli moddiy yordam oladi, deganidir. Bu – jami oilalarning 25 foiziga to‘g‘ri keladiki, ayni xarajatlar uchun har yili 11 trillion so‘m ajratiladi.
Konstitutsiya loyihasida O‘zbekiston – huquqiy davlat, deb belgilanmoqda. Jumladan, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi, deya e’lon qilinar ekan, unda inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiqqa oshmoqda.
Inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qat’iy talab sifatida belgilanyaptiki, bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatishiga asos bo‘ladi.
Binobarin, qonunlardagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘lishi shart va zarur. Bunga ko‘ra, inson va davlat o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etiladi, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklari oldi olinadi.
Konstitutsiyada davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi mustahkamlanmoqda. Qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga o‘z roziligisiz yuklatilishi mumkin emasligi qayd etilyaptiki, ushbu norma odamlar hayotini yanada yengillashtiradi.
Hujjat loyihasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Bu norma fuqarolarimizning doimiy ravishda davlat himoyasida ekanligiga ishonchini mustahkamlashga, o‘z yurtidan chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarning saqlab qolinishi hamda rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi ta’kidlanyapti. Ushbu norma chet ellarda yashayotgan, ishlayotgan, ta’lim olayotgan vatandoshlarimizni Vatani bilan doimiy aloqada bo‘lishiga, tili, madaniyatini saqlab qolish hamda rivojlantirishiga, ona yurti – O‘zbekistonning obro‘sini yanada oshirishga o‘z hissasini qo‘shishiga xizmat qiladi.
Inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilmoqda. Xususan, O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanmoqda. O‘lim jazosini taqiqlashni konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.
Bundan tashqari, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilanyapti. Ya’ni, shaxsning erkinligini cheklash bilan bog‘liq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgandir. Bu orqali xalqaro e’tirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qo‘llanish ko‘lami yanada kengayadi.
Ilk bor shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik (xalqaro e’tirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berilmoqda.
Har kimning yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqliligi belgilanyapti. Ushbu qoidaning mazmun-mohiyati shundaki, fuqarolar o‘z buzilgan huquq va erkinliklarini, o‘zgalar huquqlarini buzmagan holda, mustaqil himoya qilish huquqiga ega. Yagona shart – bu fuqarolar tomonidan o‘zini himoya qilishda qo‘llaniladigan usullar yoki choralarning qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan bo‘lishidir.
Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar doirasi kengaymoqda
Birinchi marotaba har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekanligi mustahkamlanmoqda. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini ta’minlaydi.
Bulardan tashqari, har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga egaligi qayd etilmoqda.
Konstitutsiyada aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi qayd etilmoqda. Mazkur norma to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qoida bo‘lib, tergov va sud jarayonida faqat ishonchli va qonuniy dalillardan foydalanishni ta’minlaydi hamda shaxsni asossiz ravishda javobgarlikka tortilishdan himoya qiladi.
Qolaversa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi mustahkamlanmoqda, hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi belgilanmoqda. Bu qoidalarning Konstitutsiyada belgilanishi jinoiy ta’qib ostidagi har qanday shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga ruhiy bosim va turli tahdidlar o‘tkazish, uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish kabi boshqa noqonuniy usullar qo‘llanishini oldini olishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim norma – agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kafolatlanmoqda. Bu hol jinoyat bo‘yicha haqiqatni aniqlash, shuningdek, aybsiz insonlarning javobgarlikka tortilishini oldini olishga, ayni paytda, jinoyat sodir etgan haqiqiy aybdor shaxs yoki shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi.
Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga egaligi ham tarixda ilk bor konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda.
Qolaversa, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilanyaptiki, bularning hammasi mustabid tuzumdan qolgan illatga, qancha yoshlarimizni o‘z orzu-umidlaridan voz kechishga majbur qilgan noinsoniy taqiqlarga chek qo‘yadi.
Konstitutsiyada har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega ekanligi mustahkamlanmoqda.
Qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqiga egaligi, har kim O‘zbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistonga to‘sqinliksiz qaytish huquqiga egaligi belgilanmoqda. Endilikda mazkur konstitutsiyaviy qoida kiritilishi bilan erkin harakatlanish qadriyat darajasida oliy huquqiy norma sifatida mustahkamlanmoqdaki, bu “propiska” tizimi muammosiga ham barham beradi.
Loyihada davlatning fuqarolarga Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi kafolatlanmoqda. Zero, O‘zbekistonda Internetdan foydalanuvchilar soni 2016 yilda 12,1 mln bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib ikki barobarga, ya’ni 24 mlndan oshdi, shuningdek, mamlakatimiz aholi yashash maskanlari hududining Internet tarmog‘i bilan qamrovi 2016 yildagi 28% dan 2022 yilda 98% ga yetgan.
Yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini rag‘batlantirish kafolatlanmoqda.
Jumladan, davlat:
- yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini rag‘batlantirishni kafolatlayapti;
- yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllanishiga g‘amxo‘rlik qilishi belgilanayapti.
Bundan tashqari, yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida kiritilyapti. Davlat shu orqali o‘z zimmasiga muhim majburiyatlarni olmoqdaki, mazkur normalar, nafaqat yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun muhimdir.
Raqobatbardosh milliy iqtisodiyot, xususiy tadbirkorlik va mulk huquqi kafolatlari mustahkamlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanishi qat’iy belgilanmoqda. Bu fuqarolar farovonligini oshirishga yo‘naltirilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi, mulkdorlar qatlamini kengayishiga xizmat qiladi.
Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlanishi bo‘yicha qoida mustahkamlanmoqda. Mazkur norma mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirishga, investorlarning ishonchini mustahkamlashga, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Tadbirkorlarning qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli ekanligi belgilanmoqda. Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur qo‘shimchalar erkin bozor iqtisodiyotining eng muhim talabini o‘zida ifoda etib, tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni asosiy mezonlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanishi mustahkamlanmoqda. Bu hol tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizatsiya qilinishini noqonuniy cheklashni oldini olishga va mehnat resurslarining erkin harakatiga zamin yaratadi.
Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinishi va cheklanishi mustahkamlanmoqda. Konstitutsiyaga ushbu normaning kiritilishi tovar va xizmatlar bozorining barcha ishtirokchilari uchun teng iqtisodiy-huquqiy imkoniyatlar yaratish orqali tadbirkorlar o‘rtasida halol raqobatni rivojlantirishga hamda ishlab chiqarishga yangiliklarni tezkor joriy etish orqali samaradorlikni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Konstitutsiyada ilk marotaba yer xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi nazarda tutilmoqda. Ushbu norma yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdagi haqiqiy inqilobiy yangiliklardan biri sifatida mulkchilik munosabatlaridagi bo‘shliqni to‘ldirdi.
Inson farovon yashashi, davlat barqaror rivojlanishi uchun samarali, ixcham va xalqchil davlat boshqaruvi joriy qilinadi, parlamentarizmni kuchaytirish sari dadil qadam qo‘yiladi
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va mas’uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan.
Parlament palatalarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengaymoqda, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining mas’uliyat sohasi aniq belgilanmoqda.
Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga ko‘paymoqda.
Hukumatni shakllantirish va uning faoliyatini nazorat qilish, Davlat budjeti ijrosiga oid masalalar Qonunchilik palatasining vakolatiga, hududlar manfaati va ularni rivojlantirish, yangi vazirliklar tashkil qilish to‘g‘risidagi farmonlarni tasdiqlash masalalari esa Senat vakolatlari doirasiga taalluqli ekanligi mustahkamlanishi shular jumlasidandir.
Senat oldiga qo‘yilayotgan yangi vazifalardan kelib chiqib, uni ixcham, xalqchil va hududlar manfaatini ifoda etadigan idoraga aylantirish bo‘yicha normalar Konstitutsiyada ko‘zda tutilmoqda. Xususan, senatorlar sonini hozirgi 100 nafardan 65 nafarga tushirish, bunda har bir hududdan teng ravishda 4 tadan senator saylanishi, Prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytirilishi belgilanmoqda.
Parlamentning quyi palatasi tomonidan kiritilgan qonunlar Senatda 60 kun ichida ko‘rib chiqilishi, muddat o‘tib ketsa, ushbu qonun ma’qullangan deb hisoblanishi va imzolash uchun Prezidentga yuborish bo‘yicha norma kiritilmoqda.
Parlamentning sud va nazorat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kuchaytirilmoqda
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda ko‘rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanishi, shuningdek, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organi va respublika monopoliyaga qarshi organi rahbarlari Senat tomonidan saylanishi amaliyotini joriy etish taklif etildi.
Maxsus xizmatlar faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati rahbarligiga nomzod Senat bilan maslahatlashuvlardan so‘ng Prezident tomonidan lavozimga tayinlanishi belgilanmoqda.
Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari ham kuchaytirilib, parlament nazoratining muhim shakli bo‘lgan parlament tekshiruvi instituti Konstitutsiyada alohida mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimi kiritilmoqda.
Ayrim oliy mansabdor shaxslarning lavozimga saylanish yoki tayinlanish muddatlari bo‘yicha cheklovlar belgilanadi.
Senat Raisi va Qonunchilik palatasi Spikeri, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi raislari, ularning o‘rinbosarlari, Bosh prokuror, Markaziy saylov komissiyasi raisi, hokimlarni lavozimga ikki muddatdan ortiq saylash yoki tayinlashga cheklov kiritilmoqda.
Konstitutsiyaviy sud sudyalarini qayta saylanish huquqisiz 10 yilga saylash tartibi belgilanmoqda (hozirda birinchi marta 5 yilga, keyin yana 10 yilga saylanadi).
Konstitutsiyaga advokatura institutiga bag‘ishlangan va advokatlar faoliyatining kafolatlarini mustahkamlovchi alohida bob kiritilmoqda. Advokat, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasi bo‘lishi va qonun bilan muhofaza qilinishi mustahkamlanmoqda.
Vazirlar Mahkamasining vakolatlari va funksiyalari, uning javobgarligi sezilarli darajada kengaytirilmoqda. Xususan, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, qulay investitsiya muhitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, aholini, shu jumladan, nogironligi bor shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklar hamda biologik xilma-xillikni saqlash va boshqa sohalarda o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni hal etish uchun mas’ulligi kengaytirildi. Bundan tashqari, Hukumat zimmasiga ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni ta’minlash, davlat xizmatlarining sifatini oshirish va ulardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash vazifalari yuklatildi.
Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish instituti bosqichma-bosqich bekor qilinadi
Mahalliy ijro etuvchi va vakillik hokimiyatining bo‘linishi mamlakatda butun davlat boshqaruvi tizimini chuqur isloh qilish uchun asos bo‘ladi. Shu asosda, mahalliy Kengash raisi bilan hokim lavozimini bir-biridan ajratish amalga oshiriladi.
Barcha masalalar yechimi chinakam xalq ovozi bo‘lgan mahalla darajasiga tushiriladi
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi belgilab qo‘yilmoqda. Konstitutsiyamizda mazkur kafolatning belgilanishi mahallalarga o‘z hududini mustaqil boshqarish, aholi manfaatlaridan kelib chiqib davlat bilan sheriklik asosida muammolarni hal etib borish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, aholi farovonligini ta’minlashga muhim imkoniyatlarni taqdim etadi.
Ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo‘lishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etilmoqda
Xususan, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanmoqda. Ushbu norma jurnalistlarning erkin, turli ma’muriy bosimlardan qo‘rqmasdan faoliyat yuritishini ta’minlaydi hamda mamlakatimizda axborot erkinligini yanada yuksalishiga, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik, qonuniylik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Pirovardida, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga, kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishga va so‘z erkinligini ta’minlashga erishiladi.
Shuningdek, Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari kafolatlanmoqda.
Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilishi va ular faoliyati kafolatlarining belgilanishi jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.