Янгиликлар
Yer uchastkasi egasimisiz? Huquqiy hujjatingizga e’tibor bering!
Yer uchastkasi qadimdan insonlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Hozirda ham dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Ish faoliyatimiz davomida ayrim fuqarolar o‘zlariga tegishli yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni vujudga keltiruvchi hujjatlarni bilmasliklari ortiqcha harajat hamda vaqt yo‘qotishlariga sabab bo‘lmoqda.
Shu sababli, mazkur hujjatlar ro‘yxatini Sizlarga taqdim etamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 29.12.2018-yildagi “Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1060-son qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq,
1. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishi quyidagi hujjatlar asosida ro‘yxatdan o‘tkaziladi:
yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun — davlat hokimiyati organlarining yer uchastkasini berish to‘g‘risidagi, o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori yoki meros qilib olish huquqi to‘g‘risidagi notarial idora tomonidan berilgan guvohnoma yoxud bu huquq auksion asosida sotib olinganligi to‘g‘risidagi tuman (shahar) hokimi tomonidan berilgan davlat orderi;
yer uchastkasiga doimiy egalik qilish, doimiy va muddatli (vaqtincha) foydalanish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun — joylardagi davlat hokimiyati organlarining muayyan yuridik va jismoniy shaxsga yer uchastkasi berish to‘g‘risidagi, o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori, “E-auksion” elektron savdo platformasida o‘tkazilgan elektron auksion natijalari haqida bayonnoma;
yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun — davlat mulkini boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organlari tomonidan berilgan davlat orderi;
yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun — joylardagi davlat hokimiyati organlarining yer uchastkasini ijaraga berish to‘g‘risidagi o‘z vakolatlari doirasida 2021-yil 1-avgustga qadar qabul qilgan qarorlari, elektron onlayn-auksion va ochiq elektron tanlov natijalariga ko‘ra tuman (shahar) hokimi bilan tuzilgan yer uchastkasining ijara shartnomasi;
kon ajratmasi dalolatnomasi — foydali qazilmalarni qazib oladigan va foydali qazilmalar konlarini ishlatadigan korxonalarni qurish uchun yer uchastkasi ajratilganligini tasdiqlovchi hujjat;
ko‘p kvartirali uy qurilgan va unga tutash yer uchastkasiga bo‘lgan huquq quruvchi yoki buyurtmachidan ko‘p kvartirali uydagi joy mulkdorlariga o‘tishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun — qurilish-montaj ishlari tugallangan obyektdan (ko‘p kvartirali uydan) foydalanish uchun ruxsatnoma.
1.1. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining “Yer to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni amal qilgan davrda (1990 — 1998-yillarda) olingan yer uchastkalariga bo‘lgan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat arxivlari tomonidan tasdiqlangan quyidagi hujjatlar asos bo‘ladi, shuningdek, mazkur hujjatlar davlat arxivlari saqlovida mavjud bo‘lmagan yoki ularni topish imkoni qolmagan taqdirda, o‘rnatilgan tartibda sudning qarori bilan belgilanadi:
shaharlar (tumanlar) hokimlarining O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun shaharlar yerlaridan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqida yer uchastkalari berish to‘g‘risidagi qarorlari;
shaharchalar va qishloqlar (ovullar) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun shaharchalar va qishloq aholi punktlarining sobiq kolxozlar, sovxozlar hamda boshqa qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari hududida bo‘lmagan yerlaridan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqida yer uchastkalari berish to‘g‘risidagi qarorlari;
qishloqlar (ovullar) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga qishloq joylarida shaxsiy yordamchi xo‘jalik yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqida yer uchastkalari berish to‘g‘risidagi qarorlari.
1.2. O‘zbekiston SSRning Yer kodeksi amal qilgan davrda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining olingan yer uchastkalariga bo‘lgan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat arxivlari tomonidan tasdiqlangan quyidagi hujjatlar asos bo‘ladi, shuningdek, mazkur hujjatlar davlat arxivlari saqlovida mavjud bo‘lmagan yoki ularni topish imkoni qolmagan taqdirda, o‘rnatilgan tartibda sudning qarori bilan belgilanadi:
tegishli tumanlar, shaharlar va shaharchalar xalq deputatlari Kengashlari ijroiya qo‘mitalarining yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish to‘g‘risidagi qarorlari;
tegishli qishloqlar (ovullar) xalq deputatlari Kengashlari ijroiya qo‘mitalarining kolxozlar a’zolarining umumiy majlislari bayonnomalarini hamda sovxozlar va boshqa qishloq xo‘jaligi hamda o‘rmon xo‘jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari direktorlarining fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish haqidagi buyruqlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorlari.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga yoki huquqni belgilovchi hujjatlarsiz foydalanilayotgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi.
Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishi, boshqa shaxsga o‘tishi, cheklanishi va bekor bo‘lishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.
Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan amalga oshirilgan ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Mirzoanvar Usmonjonov,
Yangiqo’rg’on tumani DXM yetakchi mutaxassisi