Янгиликлар
BMT va O‘zbekiston 31-yillik hamkorlik
Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotiga 1992-yilning 2-martida aʼzo boʻlgan. Toshkent shahrida BMT vakolatxonasi ochilgan 1993 yildan boshlab esa tashkilotning bir qator dasturlari, jamgʻarmalari va tuzilmalari oʻz faoliyatini boshladi.
Joriy yil 2-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zoligiga qabul qilinganligining 31 yilligi nishonlanadi. Bu, shubhasiz, mamlakatimizning zamonaviy rivojlanishi yo‘lidagi muhim tarixiy voqea hisoblanadi.
Ma’lumki, bugungi kunda BMT o‘z faoliyati mohiyatiga ko‘ra dunyoda eng yirik va universal tashkilot bo‘lib, uning o‘rnini bosa oladigan boshqa birorta xalqaro tizim mavjud emas. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’kidlanganidek, “ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish mamlakatimizga tinchlik, taraqqiyot va hamkorlik masalalarini global darajada ilgari surish, zamonamizning qator eng murakkab xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolarini hal qilish jarayonida faol ishtirok etish imkonini berdi”.
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan faol va ochiq tashqi siyosat natijasida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlari yangi pog‘onaga ko‘tarildi.
Haqiqatan ham o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston BMT kun tartibi doirasida muhim tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Bugun O‘zbekiston BMT doirasida muhim jarayonlarning kuzatuvchisi emas, balki dolzarb xalqaro tashabbuslarning ijodkoriga aylandi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining BMT bilan hamkorligidagi ustuvor yo‘nalishlar sifatida mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, Markaziy Osiyoda o‘zaro manfaatli hamkorlikni ilgari surish, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, respublikamizni ijtimoiy-iktisodiy rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilish, xalqaro hamjamiyat e’tiborini ekologik muammolarga, jumladan, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishga qaratish, ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi aloqalarini kengaytirish singari yo‘nalishlarni alohida ta’kidlash joizdir.
So‘nggi 6 yil ichida davlatimiz yetakchisi va BMT Bosh kotibi o‘rtasida siyosiy muloqot mustahkamlandi. Eng asosiysi, BMT Bosh kotibi O‘zbekiston rahbari rahnamoligida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarni yuqori baholab, Markaziy Osiyoda O‘zbekistonning yangi siyosati tufayli kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni namuna sifatida e’tirof etmoqda.
Natijada BMT doirasida O‘zbekistonning nufuzi yanada oshdi, tashkilot rahbariyati va unga a’zo davlatlar orasida mamlakatimizga nisbatan mutlaqo ijobiy fikr shakllandi.
Shu bois so‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan deyarli barcha tashabbuslar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Jumladan, BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tomonidan kiritilgan 4-ta maxsus rezolyutsiyani qabul qildi.
E’tiborli tomoni shundaki, ushbu barcha rezolyutsiyalar BMTga a’zo davlatlar tomonidan konsensus asosida bir ovozdan qabul qilindi va har bir hujjat hammualiflari qatoriga dunyoning turli mintaqalaridan 50 dan ortiq mamlakatlar kirdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston BMT asosiy organi hisoblanadigan Bosh Assambleya 74-sessiyasi raisining o‘rinbosari etib saylandi. Bu ikki tomonlama hamkorlik tarixidagi yana bir muhim voqea bo‘ldi.
Mamlakatimiz BMT bilan atrof-muhit va ekologiya muammolarini hal etishda ham yaqindan hamkorlik qilmoqda. Davlatimiz rahbari 2017-yil BMT yuqori minbaridan turib, bugungi kunning eng o‘tkir ekologik muammolaridan biri – Orol inqiroziga dunyo hamjamiyati e’tiborini yana bir bor qaratar ekan, xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faollik bilan birlashtirishga da’vat etdi.
Buning natijasi o‘laroq, 2018-yil noyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida mazkur tashkilotning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast jamg‘armasi tuzildi. Jamg‘arma tashkil topgandan bugungi kunga qadar xalqaro donor hamjamiyatining mablag‘lari jalb qilingani holda, Orolbo‘yi hududi aholisining hayot tarzini yaxshilash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, dengiz qurishining salbiy oqibatlarini mahalliy aholi salomatligiga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan aniq loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bu boradagi yana bir muhim qadamlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taklifiga binoan, 2021-yilning 18-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilgani va maxsus rezolyutsiyani qabul qilgani bo‘ldi.
Shunisi katta e’tiborga sazovorki, Orolbo‘yi BMT tomonidan “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” degan yuqori maqom berilgan ilk mintaqa bo‘ldi.
Inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash BMT bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarning yana bir muhim yo‘nalishi hisoblanadi. 2020-yilda O‘zbekiston tarixda birinchi marotaba BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga saylandi. Bu, o‘z navbatida, davlatimiz inson huquqlarini ta’minlashda erishgan ijobiy o‘zgarishlarning butun dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishini yaqqol tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining
46-sessiyasida nutq so‘zlab, mamlakatda demokratik yangilanishlarni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengash doirasida muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
2022-yil yanvar oyida qabul qilingan Yangi O‘zbekistonni
2022–2026-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasida belgilab berilgan vazifalarni bajarish, respublikamizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni chuqurlashtirish jarayoni va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish hamda ekologik muammolarni bartaraf etishga BMT va uning ixtisoslashgan muassasalarini faol jalb qilish hozirgi paytda mamlakatimizning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi oldida turgan muhim vazifalar sirasiga kiradi. Bu vazifalarning to‘la amalga oshirilishi, shubhasiz, mamlakatimizning BMT bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi ko‘lamlarini kengaytirishi barobarida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Namangan viloyati adliya boshqarmasi
huquqiy axborot bo‘yicha bosh maslahatchisi
Fayzullayev Axrorbek