Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

20

Ishga qabul qilishda shaffof yo‘l tanlangan


«Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 16 fevral sonida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun targ‘iboti va ijrosi doirasida Namanganda amalga oshirilayotgan ishlar haqida viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Xayrullo SABIROVning tahliliy maqolasi chop etildi. Quyida uni o‘qishingiz mumkin.

Sir emaski, davlat tashkilotlari xodimlaridan doimo to‘g‘ri va halol ishlashi, o‘z vazifasiga masʼuliyat bilan yondashishi, qoida, burch va erkinliklariga rioya etishi shart hisoblanar, lekin mehnat huquqlari hamda ijtimoiy himoyasiga kelganda esa ko‘z yumilar edi. Endilikda yangi qonunga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilarining majburiyatlari bilan birga ularga qulayliklar yaratilishi, eng muhimi, ijtimoiy himoyasi qonun darajasida mustahkamlanadi.

Respublikamizda davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi, mehnat huquqlari kafolati, iqtisodiy va ijtimoiy himoyasini taʼminlashga doir samarali islohotlar jadal ketmoqda. Keng jamoatchilik tarafidan ijobiy baholangan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi jamiyatimizni anchadan buyon qiynayotgan masalalarni atroflicha tartibga soldi desak, yanglishmaymiz.

Ochig‘i, avvallari ishga joylashmoqchi bo‘lgan fuqarolar qaysidir tashkilot “kadr”larining qosh-qovog‘iga qarab hujjat topshirar va turli haqsizliklarga uchrardi. Bu o‘z navbatida fuqarolarda davlat idoralariga ishga qabul qilish faqat korrupsion yo‘l bilan hal etiladi, degan fikrning shakllanishiga va ularning davlatga ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘lardi.

Barcha davlat fuqarolik xizmatchilarining ishga qabul qilinishi va lavozim pog‘onalarida yuqorilab borishi ochiq va shaffof tanlovlar asosida bo‘lishi qonun bilan belgilandi. Ayni islohotlar adliya organlari va muassasalarida sal ilgariroq, yaʼni 2021 yil yanvar oyida boshlangandi. Nomzodlarning hujjatlari onlayn tarzda topshirilishi, testlarni ham shunday tartibda elektron olinishi, suhbat jarayonlari “Youtube” ijtimoiy tarmog‘ida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilishi kabi tajribalari mavjud.

Xususan, adliya organlarida vakant lavozim bo‘yicha tanlov vacancy.adliya.uz saytida eʼlon qilinadi va istalgan fuqaro unda ishtirok etish uchun hujjat topshirishi mumkin. Tanlov uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchisida nomzod hujjatlari o‘rganib chiqiladi. Bunda lavozimga qo‘yilgan rasmiy malaka talablariga eʼtibor qaratiladi.

Ikkinchisi, test bosqichida malaka mezonlariga mos nomzodlar onlayn holda shaxsiy kabinetlari orqali test sinovlaridan o‘tishlari lozim. Xabardor etish maqsadida nomzodlarning telefon raqamlariga, shaxsiy kabinetlariga test sinovlari boshlangani haqida SMS-noma jo‘natiladi. 30 savoldan kamida 21 tasiga to‘g‘ri javob bergan nomzodlar keyingi bosqichga o‘tgan sanaladi.

Uchinchi bosqichda test sinovlarini muvaffaqiyatli bajargan nomzodlar bilan boshqarmaning ishga qabul qilish yuzasidan maxsus komissiyasi suhbatlashadi. Unda nomzodlar elektron avtomatlashtirilgan generatsiya usuli vositasida uchtadan savol tanlashadi va javob qaytarishadi. Ahamiyatlisi, suhbat “Youtube” ijtimoy tarmog‘ida real vaqt rejimida onlayn namoyish etiladi hamda xohlagan kishi kuzatishi mumkin. Ko‘zlangan muddao esa ishga qabul qilishda adolatni taʼminlash, yetuk va salohiyatli kadrlarni saralab olishdir.

Yakunlangan 2022 yil davomida Namangan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. Birgina misol, boshqarma va uning tizimidagi 78 ta bo‘sh turgan lavozimga vacancy.adliya.uz saytidagi eʼlonlardan so‘ng 800 ga yaqin nomzoddan tanlovlarda qatnashish uchun arizalar tushgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 60 foizga, demak, adliya organlarida ishlash niyatini bildirgan nomzodlar ko‘lami sezilarli ravishda o‘sgan. Yangi taomil bilan o‘tkazilgan tanlovlar natijalari ko‘ra, 52 nafar nomzod lavozimga tavsiya etilib, ular bilan mehnat shartnomalari tuzildi.

Albatta, tinimsiz saʼy-harakatlari va tashabbuskorligi xolis baholansa, eʼtirof etilsa, xodimda ishchanlik kayfiyati oshadi, kasbiga sadoqati yanada ortadi. Mazkur jihat ham boshqarmada alohida inobatga olingan. Maʼlumot o‘rnida, bugungi kunda adliya boshqarmasi va uning sohasida 478 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.

Xodimlarni moddiy va maʼnaviy rag‘batlantirish, ishga munosabatini yaxshilash uchun 52 nafar xodimning lavozim pog‘onalari ko‘tarildi. Shuningdek, 100 ga yaqin xodimlarga navbatdagi, 4 nafar xodimga muddatidan oldin maxsus unvon-martaba darajalari berilgan (2021 yilning shu davriga taqqoslaganda 50 foizga oshgan). Bundan tashqari, 60 nafardan ziyod xodim va ularning oila aʼzolari sport-sog‘lomlashtirish sihatgohlariga yuborildi. Qariyb 200 nafar (2021 yilda 84 ta) xodim bayram tadbirlari arafasida vazirlik va boshqarma rahbariyatining esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Xulosa sifatida aytsak, Yangi O‘zbekistonda jamiki jabhalarda bo‘lganidek, kadrlar bilan ishlashdagi izchillik zamirida zamonaviy rahbar va boshqaruv kadrlarni yetishtirish, davlat xizmatchilariga munosib mehnat sharoitini yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash omili yotganini tushunish va taʼkidlash darkor.


Xayrullo SABIROV,
Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i