Bog'lanish

Telefon
(+998 69) 227-06-62

Elektorn manzil
namangan@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

10

Davlat rahbarining hududlarda aholi muammolarini aniqlash va hal etish yuzasidan


Davlat rahbarining hududlarda aholi muammolarini aniqlash va hal etish hamda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash yuzasidan bergan topshiriqlarining ijrosi Namangan viloyatida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan oʻrganilib, natijalari sarhisob qilindi

Ishchi guruh tomonidan olib borilgan oʻrganish ishlarining yakunlari boʻyicha joriy yilning 10-fevral kuni Namangan viloyati hokimiyatida Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari, Milliy gvardiya, Adliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Bosh prokuratura va uning tuzilmalari rahbarlari, viloyat sektor boshliqlari hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda viloyat ijtimoiy infratuzilma obyektlarining real holatini, aholini gaz, elektr energiyasi, koʻmir va ichimlik suvi bilan taʼminlash ahvoli, isteʼmol bozorlaridagi narx-navo barqarorligi, oziq-ovqat zaxiralari mavjudligi va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratilganligi, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ogʻir mahallalarda sektor rahbarlari va mahalla faollari tomonidan fuqarolarni qabul qilish va ularning muammolarini hal etish amaliyotiga oid masalalar muhokama etildi.

Xususan, joylarda aholini energiya resurslari bilan taʼminlash masalasida bir qator tizimli muammolar aniqlangan boʻlib, sovuq ob-havo sharoitida tabiiy gaz tarmoqlarida gaz bosimi pasayganligi sababli 64 ta mahallada istiqomat qilayotgan 45333 ta xonadonga tabiiy gaz yetib bormagan. Hozirda aholining real ehtiyojlaridan kelib chiqib, qoʻshimcha 302 ming tonna koʻmir yetkazilishi kerakligi, 41 ta aholi punktlarida nosoz transformatorlarni yangilash, 55 ta mahallalarda elektr tarmoqlarini rekonstruksiya qilish zarurati mavjud.

Mazkur muammolar qisman bartaraf etilib, ishchi guruh tashabbusi bilan 6608 ta xonadonga suyultirilgan gaz balon va 20 tonnadan ziyod koʻmir yetkazildi.

Mahallalarda huquqiy targʻibot va davlat xizmatlarini sayyor koʻrsatish ishlari ham tanqidiy tahlil qilinib, oʻtgan yil davomida mavjud resurslar ishga solinmaganligi oqibatida bor-yoʻgʻi 17 foiz davlat xizmatlari sayyor koʻrsatilganligi aniqlangan. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ishchi guruh tashabbusi bilan viloyatning olis hududlarda joylashgan 56 ta mahallalarida 1057 ta sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi.

Fuqarolarning murojaatlarini hal etish boʻyicha amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda tizimli muammolar mavjudligi aniqlangan. Masalan, viloyat boʻyicha umumiy murojaatlarning 29 foizi ijobiy hal etilgan xolos. Murojaatlarda asosan elektr energiya va gaz taʼminoti, pensiya va ijtimoiy himoya, aliment va qarzdorlikni undirish, moddiy yordam ajratish, uy-joy va bandlik masalalari koʻtarilgan.

Tashvishlanarlisi, oʻz vaqtida tegishli chora koʻrilmaganligi oqibatida oʻtgan yilda Namangan viloyati boʻyicha 10 mingdan ortiq murojaatlar takroran kelib tushganligi aniqlangan. Kelgusida, bunday salbiy holatlarni oldini olish uchun barcha sektor rahbarlari tomonidan nazorat kuchaytirishlari shartligiga eʼtibor qaratildi.

Aholini bandligini taʼminlash holati oʻrganilganda, bugungi kunga kelib Namangan viloyati aholisining qariyb 9 foizi ishsiz ekanligi, mehnat yarmarkalarining sifatsiz tashkil etilganligi bois ularda qatnashgan deyarli 60 foiz fuqarolar ishga joylanmaganligi aniqlangan.

Ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratilib, ishchi guruh tashabbusi tomonidan tashkil etilgan mehnat yarmarkalari tomonidan 191 nafar fuqarolar doimiy ish bilan taʼminlandi, soliq organlari koʻmagida 777 nafar fuqarolar oʻzini oʻzi band qilishi tashkil etildi, shuningdek 250 nafar yangi tashkil etilgan va 83 nafari qayta tiklangan tadbirkorlik subyektlarida ishga joylashtirildi.

Aksariyat aholi ish haqi va boshqa mablagʻlarini bank plastik kartalarida saqlayotganligini inobatga olib, viloyat hududidagi jami 215 ta savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari toʻlov terminallari bilan taʼminlandi.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalalarida ham qator muammoli vaziyatlar aniqlanganligi taʼkidlandi. Masalan, joriy yilning yanvar oyida viloyatda oziq-ovqat zaxirasi yetarli darajada gʻamlanmaganligi va hududda mavjud 14 ta dehqon bozorining 8 tasida qishki mavsumda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun omborxonalar tashkil etilmaganligi oqibatida piyoz, kartoshka, sabzi kabi mahsulotlarning narxi keskin oshib ketishi kuzatilgan.

Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida viloyatdagi 49 ta olis hududlarda 67 ta yarmarka tashkil etilib, aholiga arzonlashtirilgan narxda jami 150 tonnadan ziyod kundalik ehtiyoj oziq-ovqat mahsuloti yetkazib berildi. Dehqon bozorlarining barchasida oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash omborxonalarini tashkil etish, mavjud boʻlganlarini esa qayta rekonstruksiya qilish ishlari belgilandi.

Yoʻllarda inson xavfsizligi, jamoat transportini rivojlantirish va ushbu sohada aholi uchun munosib va qulay sharoitlarni yaratish yoʻnalishida ham bir qator muammolar mavjudligi aniqlandi.

Ularning asosiylari, jamoat transporti parkining eskirganligi, soni yetishmasligi, mazkur sohada aniq tartib oʻrnatilmaganligi va yagona boshqaruv shakllanmaganligidir. Masalan, Namangan shahridagi mavjud jami 37 ta jamoat transporti yoʻnalishlaridan 21 tasi aynan “Chorsu” dehqon bozoriga bosh bekat sifatida bogʻlangan boʻlib, bozor atrofidagi tirbandliklar, avtobus va marshrut taksilari haydovchilari oʻrtasida nosogʻlom muhit yuzaga kelishiga omil boʻlgan.

Shu va boshqa aniqlangan muammolardan kelib chiqib, viloyat Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati va Transport boshqarmasi tomonidan hamkorlikda barcha yoʻnalishlarni qayta oʻrganib, aholi talablaridan kelib chiqqan holda optimallashtirish topshirildi.

Tadbir ishtirokchilariga mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikni mahallabay jilovlash dasturlarining ijrosi, oila-turmush munosabatlari doirasida hamda yoshlar, ayollar tomonidan va ishsizlik oqibatida sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarning oldini olish borasida mahallada shakllantirilgan beshlikning yaʼni, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faollari bilan hamkorlik masalalari tanqid qilinib, bu vazifalarga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligi tushuntirildi.

Yigʻilishda koʻtarilgan muammolar va yechimini kutayotgan masalalar boʻyicha soha mutasaddilarining fikr va mulohazalari tinglanib, oʻz xizmat vazifalariga yetarli darajada eʼtibor qaratmaganligi uchun 14 nafar kommunal soha va energiya resurslari tashkilotlari hamda 9 nafar huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlarini intizomiy jazolash boʻyicha taklif kiritildi.

Ishchi guruh tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar yakuniga koʻra Namangan viloyatida aholini qiynayotgan muammolarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar boʻyicha harakatlar dasturi (“Yoʻl xaritasi”) ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.