Янгиликлар
Hammasi inson qadri uchun!
Keyingi yillarda "Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak", degan tamoyil asosida davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi tubdan isloh qilinib ularda davlat xizmatlari koʻrsatkichlari keskin oshdi. Bu esa davlat xizmatlari koʻrsatish markazlari bilan davlat idoralarining oʻzaro integratsiyasi muhim oʻrin tutadi. Avvallari turli idoralarda yumushlari hal boʻlayotgan aholi va tadbirkorlik subʼektlari "yagona darcha" tamoyili asosida koʻplab xizmatlardan bir joyning oʻzida foydalanish imkoniyatiga ega boʻldilar. Tizimdagi ayrim kamchiliklar yoki koʻrsatilayotgan xizmatlarning vaqtida bajarilmasligi adliya boshqarmasining davlat xizmatlari koʻrsatilishi ustidan nazorat qilish boʻlimi tomonidan muntazam tarzda monitoring qilib boriladi hamda turli koʻrinishdagi qonun buzilish holatlariga barham beriladi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida 2022 yilda vakolatli organlar tomonidan jami 9 101 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Ularning, 7 830 tasi muddat buzilishi, 373 tasi toʻgʻridan toʻgʻri davlat xizmatlari koʻrsatilishi, 549 tasi vakolatli organlar tomonidan ortiqcha hujjatlar talab qilinishi, 226 tasi murojaatlarni asossiz rad etilishi, 123 tasi boshqa qonunbuzilish holatlariga toʻgʻri keladi. Ushbu qonunbuzilish holatlari yuzasidan 135 nafar mansabdor shaxslari va masʼul xodimlariga nisbatan maʼmuriy javobgarlik chorasi qoʻllanildi.
Shu bilan birga, vakolatli organlarga 64 ta taqdimnoma, 194 ta ogohnoma kiritildi. Taqdimnomalarga asosan 99 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy javobgarlik choralari qoʻllanilgan boʻlsa, 5 nafar masʼul xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Davlat xizmatlari markazi faoliyat boshlaganiga ham 5 yildan otdi. Oʻtgan qisqa davr ichida mamlakatimizda davlat xizmatlari markazining faoliyat boshlagani, xizmatlar koʻlami va sifatini oshirish, xalqning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilish borasida olib borilayotgan ishlar oʻzining ijobiy samarasini berdi. Avvallari faqat yuridik shaxslar uchun xizmat qilgan tizim bugunga kelib aholi va tadbirkorlarga 250 dan ortiq xizmat turini koʻrsatib kelmoqda. Markaz xodimlari tomonidan aholiga tezkor va sifatli xizmat koʻrsatish barobarida, markazdan uzoqda joylashgan hududlarda “Sayyor xizmat” tadbirlarni ham amalga oshirib kelmoqda. Shuningdek, tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlarining 10ga yaqin filiallari orqali aholi va tadbirkorlik subʼektlariga xizmat koʻrsatilmoqda.
Namangan viloyatidagi davlat xizmatlari markazlari tomonidan ortda qolgan 2022 yil davomida jismoniy va yuridik shaxslarga jami 967 413 ta xizmat koʻrsatishga erishildi. Ulardan, 168 453 ta sayyor tartibda, 14 342 tasi esa filial orqali amalga oshirilgan.
Mamlakatimizda davlat xizmatlarini koʻrsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, aholi va tadbirkorlik subʼektlari tomonidan 73 turdagi maʼlumotnoma va hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinib, davlat organlari ushbu maʼlumotlarni «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda olish tizimi joriy etildi. Shu bilan birga, aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda koʻrsatish koʻlamini oshirish va fuqarolarning idorama-idora sarson boʻlib yurishining oldini olish, davlat organlari axborot tizimida mavjud maʼlumotlarni ishonchli himoya qilish boʻyicha ishlarni izchil davom ettirish zarur. Shu jihatdan Davlatimiz rahbarining “Davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni davlat xizmatlari sohasini yangi bosqichga olib chiqdi.
Farmonga koʻra, 2022 yilning 1 avgustdan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qoʻshimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobile-ID tizimi joriy etildi.. Hozirda aholi va tadbirkorlik subʼektlari 40 ga yaqin xizmatlardan elektron raqamli imzo kalitisiz foydalanmoqda. Viloyatdagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markazi xodimlari fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida Sayyor xizmat tadbirlari amalga oshirildi. Ortda qolgan 6 oy davomida aholi va tadbirkorlik subʼektlariga 60 mingga yaqin xizmat koʻrsatishga erishildi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasida ham bir qator oʻzgarish va yangilanishlar roʻy berdi. Misol 2021 yilda tugʻilganlik haqidagi maʼlumotnomani olish, bolani ota yoki onasining doimiy yashash joyiga va poliklinikaga roʻyxatga qoʻyish, bir martalik nafaqa pulini olish hamda MTMga navbatga qoʻyish xizmatlari bitta ariza bilan bir vaqtda amalga oshirish amaliyotiga oʻtildi Yana bir qulayliklardan biri, tizim toʻliq raqamlashtirgani boʻldi. Buning ortidan esa, fuqarolar istalgan hududdan turib tugʻilish, nikoh va shunga oʻxshash xizmatlardan emin-erkin foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi. Shuningdek, bola tugʻilganda beriladigan bir martalik “Suyunchi puli” FHDYdan chiqmagan holda toʻlab berilmoqda. Bu ham fuqarolarni turli idoralar oldida navbat kutishlariga chek qoʻydi. Fuqarolarning nikohdan oʻtish uchun arizalarini elektron tarzda yuborish amaliyotiga oʻtilgani ortiqcha navbatlarga barham bermoqda. Yana bir muhim jihatlardan biri, xodimlarning “Mahallabay”, “Xonadonbay” oʻrganishlari olib borayatganidir. Yangi Namangan tumaniga FHDY boʻlimi xodimlari tomonidan aholi xatlovdan oʻtkazilganida 437 nafar tugʻilishi qayd etilmagan shaxslar aniqlandi. Sabablari oʻrganilganida ota-onalarning beeʼtiborligi, hattoki ota-onalarning oʻzlarini ham shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud emasligi maʼlum boʻldi. Oʻrganish natijalari boʻyicha Yangi Namangan tumani FHDY boʻlimi tegishli tashkilotlarga aloqa xatlari bilan murojaat qilib, tugʻilishni qayd etish uchun kerakli maʼlumotlar olindi. Shundan soʻng bugungi kunga kelib ana shunday oilalarning 54 nafardan ortiq farzandlariga tugʻilganlik haqidagi guvohnomalari rasmiylashtirilib, topshirildi.
Bugun adliya organlari huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati qurish yoʻlida bir qator muhim vazifalarni amalga oshirmoqda. Qonun ustuvorligi va qonuniylikni taʼminlash insonlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida oʻz faoliyatini "Inon qadri uchun!", degan ezgu gʻoya asosida olib bormoqda.
Davronbek Ravshanbekov
Namangan viloyati adliya boshqarmasi
boshligʻining oʻrinbosari